
«Oltin to‘p» uchun kim haqli? Asosiy da’vogarlar ("Top -10")
2020 yilda «France Football» sovrinni hech kimga topshirmaslikka qaror qildi. Vaholanki, sovringa 100 foiz haqli to‘p surgan Robert Levandovski bunga loyiq edi. Umid qilamizki, frantsuzlar bu mavsum «Oltin to‘p»ning yangi egasini aniqlab berishadi.
Sovrin egasi dekabr oyidan avval e’lon qilinmasligi aniq. Sababi, bunga qadar EChL va Evropa chempionatining hal qiluvchi o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Shunga qaramay, ortda qolgan o‘yinlardan kelib chiqib, g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlar nomini aniqlab olish mumkin. Xo‘sh, kim sovrinni o‘zi bilan uyiga olib ketadi?
- Brunu Fernandesh
Manchester shahrining qizil tomonini kelajakka ishonch bildirishga undayotgan yigit kuchli o‘nlikni ochib beradi. 2021 yilda qahramonimiz allaqachon 9+5 natija qayd etishga ulgurdi. U jamoasi bilan Evropa Ligasida zafar quchish uchun asosiy da’vogarlardan biri. Shuningdek, ichki birinchilikda ham Brunu porlamoqda. Bu omillarning o‘zi kamlik qilishi aniq. Shu bois, yarim himoyachi yaqinlashib kelayotgan Evropa chempionatida juda yorqin futbol namoyish etishi shart. Portugaliyaning oldingi chizig‘ida Ronaldu, Jota, Silva va Felishning bor ekanligi uni ro‘yxatda bo‘lishiga asosiy sabab.
- Karim Benzema
Hujumchi Frantsiya terma jamoasidan chetlatilgan. Shu bois, uning barcha umidlari klub miqyosidagi natijalarga qaratiladi. Lazeratdan qaytgach, 4 o‘yinda 6 gol kiritgan hujumchini «Oltin to‘p» uchun nomzodlar qatorida bo‘lmasligi adolatdan emas. Zidan bilan birgalikda klubni yaqin o‘tmishidagi natijalarini qaytarishga urinayotgan Benzema EChLda zafar quchishi shart. Ana shunda, faoliyatidagi eng katta shaxsiy sovringa ega chiqish uchun eshiklar ochiladi.
- Krishtianu Ronaldu
Krish EChLdagi omadsizlik sababli sovrin uchun poygadagi imkoniyatlarini keskin kamaytirib yubordi. Boz ustiga, A Seriya g‘olibligi ham deyarli imkonsizga aylanib bo‘ldi. Portugaliyalik faqat shaxsiy statistikasi sababli kuchli o‘nlikda bo‘lishni uddalamoqda. Shuningdek, oldinda "EVRO-2020" ham bor.
- Kevin De Bryuyne
Sayyoramizning eng kuchli pleymeykerining hisobida 5+5 mavjud. 3 oy ichida Kevin bir nechta ajoyib o‘yinlar o‘tkazdi. Muhimi bu emas. Asosiysi, u bir necha yillardan beri Pep Gvardiolaning o‘yin sxemasidagi eng muhim vint vazifasini munosib o‘tab kelmoqda. Buning uchun «Siti» EChLda kamida finalga qadar etib kelishi shart. Shuningdek, Belgiya terma jamoasining qit’a birinchiligidagi imkoniyati baland ekanligini unutmaslik lozim. APL oltin medallari deyarli cho‘ntakda ekanligini hisobga olsak, «Siti» a’zosini bemalol «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlar qatorida ko‘rishimiz mumkin.
- Romelu Lukaku
«Inter»ga o‘tgach, Lukaku chinakam super hujumchi ekanligini ko‘rsatmoqda. U bir necha bor himoyasi bilan maqtanuvchi Italiya klublarini xijolat qilib qo‘yganini ko‘rdik. Katta ehtimol bilan Romelu A Seriyada chempionlikni qo‘lga kiritadi. «Inter» EChLda sharmanda bo‘ldi, ammo Lukakuda yana bir imkoniyat saqlanib turibdi. Evropa chempionatida to‘purarlik mahoratini ko‘rsatish. Ana shunda, biz uning qo‘lida «Oltin to‘p» sovrinini ko‘rishimiz mumkin.
- Ilkay Gyundogan
«Siti» a’zolaridan faqat De Bryuyneni alohida qayd etish adolatdan emas. «Siti»ni og‘ir vaziyatda gollari bilan qo‘llab turgan Ilkay ham sovrin uchun kurashda bor. 3 oy ichida 12 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan yarim himoyachida imkoniyat qolganlardan yaxshiroq. Germaniya terma jamoasi bilan «ko‘hna qit’a» g‘olibligi yoki «Siti» bilan EChL oltin medallari. Agar ikkisi ham bir vaqtda amalga oshsa, Ilkaydan kim sovrinni tortib oladi?
- Erling Xoland
Afsuski, qur’a Erling Xolandning jamoasiga kulib boqmadi. O‘z o‘yinini topib olgan «Manchester Siti» yo‘lidan uchragan raqibni yanchib tashlayapti. Boz ustiga, Norvegiya terma jamoasi ham Evropa birinchiligida ishtirok etish imkoniyatini qo‘ldan chiqarib yubordi. Yosh bo‘lishiga qaramay, Xoland 2021 yilda o‘zining 100-golini nishonladi. 2021 yilda 16+5! Mavsum so‘nggiga qadar raqamlar yana kattalashishi aniq. Katta ehtimol bilan, Erling yozda jamoasini o‘zgartiradi. Balki, shunda uni ro‘yxatning yuqori qismida ko‘rishimiz mumkin bo‘lar?!
- Lionel Messi
Omadsiz startga qaramay, Messi o‘ziga kelishni boshladi. Hozir Kataloniya jamoasi sardori «Atletiko»ga bosim o‘tkazish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirmoqda. Sermahsullik bobida ham muammo yo‘q. 19 gol va 8 assist Leoni hali kurashdan chiqib ketmaganidan dalolat. PSJga boy berilgan o‘yin bo‘lmaganida, Messi ro‘yxatning birinchi pog‘onasida ko‘rinishi berishi aniq edi.
- Kilian Mbappe
Aynan Kilian «Barsa»ni EChLni tark etishga majbur qilgan futbolchi sanaladi. Amaldagi JCh g‘olibi «Liga 1» oltin medallari uchun barcha savollarni kun tartibidan olib tashladi. «Lill» va «Lion» darvozasiga ikkitadan gol urgan hujumchi har jabhada «Oltin to‘p» uchun da’vogarlik qilmoqda. Frantsiya terma jamoasining Evropa chempionati g‘olibligi uchun asosiy da’vogar ekanligini inobatga olsak, Kilianda sovrinni yutib olish uchun 100 foiz imkoniyat saqlanib qolgan.
- Robert Levandovski
Aprel oyida bizni masalaga oydinlik kiritishda qo‘l keladigan o‘yinlar kutib turibdi. Chorak finaldayoq «Oltin to‘p» uchun asosiy ikki da’vogarlar maydonda to‘qnash keladi. O‘tgan mavsumning «Oltin to‘p»siz qolib ketgan futbolchisi 22 gol bilan sermahsullikni bir soniyaga ham unutmayapti. Agar «Bavariya» EChLda yaxshi o‘ynab bersa, Robert sovrinni uyiga olib ketishi aniq. Sababi, «France Football» shundoq ham bitta «Oltin to‘p» unga qarz. Balki, aynan shu faktor sababli, polyak yakunda sayyoramizning eng kuchli futbolchisi, deb e’tirof etilar?!
Fikrlar