
17 yoshli baquvvat futbolchimiz Husanov ortidan boradi!
Keyingi yillarda O‘zbekistondan ko‘plab iste’dodli futbolchilar etishib chiqmoqda. Turli yoshdagi terma jamoalarimiz qit’a va jahon miqyosidagi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
Buning ortidan xalqaro futbol jamoatchiligi ko‘plab iste’dod egalarini kashf qilyapti. Xususan, “Manchester Siti”ga yo‘l olgan Abduqodir Husanov, TsSKA yulduziga aylangan Abbosbek Fayzullaev, “Brentford”da tajriba oshirgan Muhammadali O‘rinboev, “Leganes”da ispan futbolini o‘zlashtirayotgan Lazizbek Mirzaev kabi yoshlar ana shunday futbolchilar toifasidandir.
Saudiya Arabistonidan o‘tkazilayotgan 17 yoshgacha futbolchilar ishtirokidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston U-17 terma jamoasi safida yangi yulduzlar chaqnay boshladi. Jamoa sardori Mo‘minxon Bahodirxonov yorqin o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi.
Osiyo futbol konfederatsiyasining rasmiy the-afc.com sayti o‘zbekistonlik o‘yinchining salohiyatini yuqori baholab, Bahodirxonov haqida qiziqarli ma’lumotlarni e’lon qildi.
Sports.uz portali ushbu maqolani o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
- O‘zbekiston terma jamoasi sardori Mo‘minxon Bahodirxonov yorqin o‘yinlar uning faoliyatini yanada yuqoriga ko‘tarishini bilgan holda, Saudiya Arabistoni mezbonlik qilayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida yaxshi taassurot qoldirish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda.
Jismonan baquvvat futbolchi Tailand va Xitoyga qarshi bellashuvlarda to‘liq o‘ynadi. O‘zbekiston terma jamoasi har ikki bahsda g‘alaba qozondi va birinchilardan bo‘lib keyingi bosqichga chiqdi hamda 2025 yili Qatarda bo‘ladigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
17 yoshli Bahodirxonov bellashuvlarda juda ishonchli harakat qilmoqda va yuqori saviyada o‘ynashni davom ettirishni maqsad qilgan.
“Bu turnirda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan jamoaga sardorli qilish men uchun juda katta sharaf va mas’uliyat. Men nimalarga qodirligimni ko‘rsatish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman, chunki stadionlarda o‘yinchilarni kuzatib borayotgan skautlar ko‘p. Bu bizga nazarga tushib, katta jamoalarga yo‘l olish imkonini beradi”, - deydi Bahodirxonov.
Yosh futbolchi “Manchester Siti”ga yo‘l olgan hamyurti Abduqodir Husanov muvaffaqiyatlaridan ilhomlanyapti. 21 yoshli Husanov Angliya Premer-ligasida o‘ynagan birinchi o‘zbek sifatida tarix sahifalaridan joy oldi.
Atigi ikki yil avval Husanov ham 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘ynagan va jamoasining muhim o‘yinchisi sifatida o‘z iste’dodini namoyon qilgandi.
“Husanov biz uchun Evropaga yo‘l ocha oladi. Nasib qilsa, ikki-uch yildan keyin biz u bilan Evropaning eng kuchli ligalarida o‘ynaymiz”, - deydi Mo‘minxon Bahodirxonov.
Otasining qo‘llab-quvvatlashi ortidan Evropaga ketish orzusiga intilayotgan Mo‘minxon uchun Saudiya Arabistonidagi bu musobaqa o‘ziga xos tramplin vazifasini o‘taydi.
“Bosh maqsadimiz – 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi jahon chempionatiga chiqish edi. Biz Saudiya Arabistonidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqib, muxlislarimizga xursandchilik ulashmoqchimiz”, - dedi Mo‘minxon Bahodirxonov, - deb yozmoqda OFKning rasmiy www.the-afc.com sayti.
Fikrlar