APL jamoalaridan erta haydalgan 11 murabbiy

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Uelsning "Suonsi" jamoasi bu mavsum muxlislarini biroz "ranjitib" qo‘ymoqda. Mavsum endi yarmiga kelganida "oqqushlar" rahbariyati mavsumdagi ikkinchi murabbiyga ham chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi. Qizig‘i esa jamoaga Gvidolinning o‘rniga taklif etilgan Bob Bredli ham qoniqarsiz natijalar sabab 12 o‘yindan keyinoq klub boshqaruvidan ketdi. Quyidagi maqolamiz orqali xuddi aqshlik murabbiy singari juda tez ishdan olingan APL murabbiylari bilan tanishishingiz mumkin bo‘ladi.

Terri Konnor("Vulverxempton")

APLdagi o‘yinlari soni: 13(24 aprel 2012 - 30 iyun 2012)

Mik Makkarti "Vulverxempton" boshqaruvidan olingach, uning o‘rnini Terri Konor egalladi. Irlandiyalik mutaxassisning o‘ng qo‘li bo‘lgan Konor "bo‘rilar"ni mavsum yakuniga qadar boshqarishga rozi bo‘ladi. Biroq angliyalik murabbiyning ishlari Makkartinikidanda ortga ketib, 13 ta o‘yinning birortasi "Vulverxempton"ning g‘alabasi bilan yakunlanmaydi.

Rene Melensten("Fulxem")

APLdagi o‘yinlari soni: 13(1 dekabr 2013 yil - 14 fevral 2014 yil)

Aleks Fergyusonning yordamchilaridan biri bo‘lgan Melensten bir vaqtlar Odil Axmedovga murabbiylik qilganini ko‘pchilik eslasa kerak. "Anji"dan so‘ng gollandiyalik mutaxassis Londonning "Fulxem" klubini boshqaradi. Martin Yolning o‘rniga kelgan Rene Melensten jamoasi dastlabki 7 o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsada, jamoaning keyingi ishlari ortga "ketgan" edi.

 

Kris Xatchings("Bredford")

APLda o‘tkazgan o‘yinlari soni: 12(18 iyun 2000 - 6 noyabr 2000)

Xatchings Pol Juellning assistenti edi. Ilk mavsum bu ikkovlon "Bredford"ni APLda olib qolishga muvaffaq bo‘lgan edi. Keyingi mavsum esa Juell jamoani tark etdi va rahbariyat Xatchingsga ishonch bildirdi. Ushbu ishonch qanchalik o‘zini oqlaganini Xatchingsning 12 ta o‘yindan so‘ng iste’foga chiqarilgani ko‘rsatib turibdi.

 

Kris Xatchings("Uigan")

APLdagi o‘yinlari soni: 12(14 may 2007 - 5 noyabr 2007)

Yana Juell - Xatchings dueti. Faqat bu safar ular ishlagan jamoa "Bredford" emas, balki "Uigan edi. Pol Juell o‘z odatiga ko‘ra jamoani kuchlilar safida saqlab qolgach, klubni tark etadi. Uning o‘rnini egallagan Kris Xatchings boshliq "Uigan" yangi mavsum startini ajoyib boshlab, 4 o‘yindan so‘ng musobaqa jadvalida 3-o‘rinda borayotgan edi. Lekin jamoa qolgan 8 bellashuvning faqat ikkisida g‘alaba qozondi va yana "out".

 

Paulo Di Kanio("Sanderlend")

APLdagi o‘yinlari soni: 12(31 mart 2013 - 22 sentyabr 2013)

Di Kanio ham dastlabki vazifa - APLda qolishni muvaffaqiyatli bajardi. Ammo keyingi mavsum starti "qora mushuklar" uchun juda omadsiz boshlandi. Dastlabki 5 uchrashuvda bir ochkoni qo‘lga kiritgan "Sanderlend" bazasidan murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi sovuq munosabatlar haqidagi xabarlarni vaziyatni yanada chigallashtirgan edi. Oqibatda klub rahbariyati Di Kanioni iste’foga chiqarishdan o‘zga chora topa bilmadi.

 

Yan Doui("Charlton Atletik")

APLdagi o‘yinlari soni: 12(30 may 2006 - 13 noyabr 2006)

"Kristal Pelas"ni tashlab "Charlton"ga kelgan Doui uchun yangi mavsum juda muvaffaqiyatsiz boshlandi. Tarkibida Jimmi Floyd Xasselbaynk bo‘lgan "Charlton" 12 uchrashuvning ikkisidagina 3 ochko olishga erishadi va qarabsizki, Doui ham "out".

 

Semmi Li("Bolton")

APLdagi o‘yinlari soni: 11(30 aprel 2007 - 17 oktyabr 2007)

"Kichik Sem" laqabiga ega bo‘lgan ushbu mutaxassis "katta Sem", ya’ni Sem Ellardaysning o‘rniga kelgan edi. Li boshqaruvidagi "Bolton" 2007/08 yilgi mavsumni omadsiz boshlab, dastlabki 11 ta o‘yinda faqat bir bor g‘alaba qozonadi va "kichik Sem" iste’foga chiqariladi. Uning o‘rnini egallagan Garri Megson bir amallab klubni elitada qoldirishga erishadi.

 

Jak Santini("Tottenxem" )

APLdagi o‘yinlari soni: 11(18 iyun 2004 - 5 noyabr 2004)

2002 yilning Frantsiyaning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgan Santini 2004 yil "Tottenxem"ni qabul qilib oladi. Biroq u "shporlar" boshqaruvida uzoq qolmaydi. Frantsiyalik mutaxassis "Tottenxem"dan ketgan mahal, jamoa APLda eng kam gol o‘tkazganlar qatorida turganini ta’kidlash joiz.

 

Bob Bredli("Suonsi" )

APLdagi o‘yinlari soni: 11(3 oktyabr 2016 - 27 dekabr 2016)

AQShlik murabbiy qo‘l ostida "Suonsi" tomoshabop o‘yin namoyish etib kelmoqda edi. Ayniqsa jamoa "Kristal Pelas" ustidan qozonilgan irodali g‘alaba ko‘pchilik muxlislarning yodidan butun umrga ko‘tarilmasa kerak. Biroq muxlislarning talablari bilan amerikalik klub rahbarlari o‘z hamyurtini ishdan olishga majbur bo‘ldi.

Les Rid("Charlton Atletik")

APLdagi o‘yinlari soni: 7(14 noyabr 2006 - 24 dekabr 2006)

Yuqorida yozganimiz -Douining yordamchisi bo‘lgan Rid uning o‘rnini egallaydi. Uning mustaqil ishlash ko‘nikmasiga ega emasligi sababli jamoa Liga kubogida 4-divizionda to‘p suruvchi "Uikomb"dan engilgan bo‘lsa, rojdestvoga ikki kun qolganida "Midlsbro"dan mag‘lub bo‘ladi. Ushbu natijalardan toqati-toq bo‘lgan klub rahbariyati Les Ridni ishdan oladi.

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!