"AVK Sports" kompaniyasi vakillari Milliy olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘ldi
Bugun, 22 mart kuni Avstriyaning "AVK Sports" kompaniyasi vakillari O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdilar. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, yurtimizdagi bir necha sport federatsiyasi vakillari ham ishtirok etishdi.
Mazkur kompaniya sport tadbirlarini tashkil qilish, sport inventarlarini etkazib berish, musobaqa o‘tkazish tartibini loyihalashtirib berish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
"Biz Olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari talabidan kelib chiqqan holda musobaqalarni tashkil qilib beramiz. Maqsadimiz - sifatli xizmatimiz bilan O‘zbekistonda sport rivojiga hissa qo‘shishidir. Biz tayyorlagan loyihalar jahon standartlariga javob beradi. Bungacha ham bir necha yirik musobaqalarni tashkil qilganmiz", - dedi kompaniya vakili Aleksey Pirogov.
Kompaniya o‘z xizmatlarini qay tarzda, qanday tartibda taqdim etishi tushuntirib berildi. O‘z navbatida, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov bu taklif albatta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
"Bu taklif biz uchun qiziq. Imkoniyat darajasida buni o‘rganib chiqamiz va muhokama qilamiz. Oldinda hali ko‘plab rejalarimiz bor. Taklif uchun katta rahmat", - dedi Shoakram Isroilov.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi ham mazkur hamkorlik ikki tomon uchun qiziq bo‘lishi haqida gapirib o‘tdi.
"Vaqt ajratib Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Biz mazkur takliflarni albatta ko‘rib chiqamiz. Bu erda biz uchun qiziq bo‘lgan loyihalar mavjud", - dedi Jasur Matchanov.
Uchrashuv yakunida kompaniya vakillari O‘zbekistonda sportni rivojlantirish va uni qo‘llab-quvvatlash uchun tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.

Fikrlar