
Anvar Boynazarov 9 iyul kuni chempionlik yo‘lidagi yarim final jangini o‘tkazadi
Xabaringiz bor, 17 iyun kuni Xitoyning Chengdu shahrida tashkil qilingan professional janglar kechasida Anvar Boynazarov tailandlik Manasga qarshi ringga ko‘tarilgan edi va hakamlarning bir ovozdan bergan qarorlariga ko‘ra g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Mazkur jangdan so‘ng Anvar Boynazarov “EM LEGEND” xalqaro turnirining yarim finaliga yo‘l olishi kerak edi. Aslida musobaqaning chorak va yarim final janglari bir kunda o‘tkazilar edi. Ammo sportchimiz o‘sha kuni bitta jang o‘tkazdi. Shuningdek, turnir tashkilotchilari musobaqa reglamentiga biroz o‘zgartirish ham kiritib, yarim final jangi 9 iyul kuni tashkil qilinishini ma’lum qilgan. Bu haqda sportchimizga yaqin matbuot xizmati Sports.uzga ma’lum qildi. Hozircha Boynazarovning raqibi kimligi oshkor qilinganicha yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Anvar professional faoliyatida 112 ta jang o‘tkazgan. Shulardan 51 tasini nokaut bilan yakunlagan.
Fikrlar