“Australian open-2017”: Finalda ikki buyuk tennischi to‘qnashadi
Avstraliya ochiq chempionatining erkaklar o‘rtasidagi ikkinchi yarim finalida ispaniyalik Rafael Nadal Bolgariya vakili Grigor Dimitrov bilan o‘zaro kuch sinashdi.
Bu ikki mashhur tennischining o‘zaro to‘qqizinchi uchrashuvi bo‘ldi. 20019 yildan buyon bir biriga to‘qnash kelayotgan tennischilar bahsida Nadal qatoriga etti marta zafar quchgan. Biroq, o‘tgan yili "China Open - 2016" turnirining chorak finalida Grigor raqibini engish usulini topgan.
"Katta dubulg‘a" turniri doirasida ikkinchi marotaba to‘qnash kelgan tennischilarning bu galgi bahsi ham keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Uchrashuvni ispaniyalik raketka ustasi g‘alaba bilan boshlaganiga qaramay, qolgan partiyalarda yutuq galma-gal bo‘ldi 6:3, 5:7, 7:6, 6:7. Beshinchi set oldidan umumiy hisob - 2:2.
Nihoyat hal qiluvchi raundda Rafael Nadalning boy tajribasi ish berdi va u setni 6:4 hisobida o‘z foydasiga hal qilib finalga chiqdi.

Avstraliya ochiq chempionatining bosh sovrini uchun bo‘ladigan bahsda tennis muxlislari tennis toji uchun doimo raqobatlashib kelgan ikki buyuk raketka ustasi Rafael Nadal va Rojer Federer to‘qnashuviga guvoh bo‘ladi.
Bu ikki tennischi shu kungacha 36 marotaba o‘zaro uchrashgan. Bu bellashuvlarning aksariyati yuqori darajali turnirlarning finaliga to‘g‘ri keladi. O‘zaro bahslar statistikasi bo‘yicha esa Rafael Nadal oldinda - 25:11.
Final bahsi 29 yanvarga belgilangan.

Fikrlar