
“CAFA U-16 championship” oldidan terma jamoamiz bosh murabbiyi bilan eksklyuziv intervyu
Ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassislardan biri Usmon Toshev yaqinda O‘zbekiston U-16 terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Albatta, bu xabarni kutmaganlar ham ko‘p edi. Oxirgi marta o‘tgan yili “Andijon” jamoasini boshqargan murabbiy yana instruktorlik ishini davom ettirib kelayotgandi. Lekin O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlari U-16 terma jamoasini aynan Usmon Qudratovichga loyiq ko‘rishdi. Toshev allaqachon ushbu jamoa bilan qizg‘in ishga kirishgan. Boisi, Toshkentda “CAFA U-16 championship” musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Usmon Toshev esa yangi jamoasi bilan ushbu turnirda qatnashadi. Ushbu musobaqa oldidan SPORTS.uz muxbiri tajribali mutaxassis bilan suhbatlashdi.
Taklif haqida
- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi menga taklif bilan chiqdi. Ular bizga o‘yin, natija va ish kerak deya meni hamkorlikka chorlashdi. Men esa futbolni yaxshi ko‘raman. O‘zingiz bilasiz, menga qaerda ishlashimning farqi yo‘q. Muhimi, futbol ichidaman. Shu bois ularning taklifini ijobiy qabul qilib, ishlashga rozi bo‘ldim. Buning ustiga terma jamoa – bu katta saviya. 2002, 2001, yoshlar, olimiya, milliy, umuman olganda, bularning barchasi terma jamoa hisoblanadi. Men esa 2002 yilda tug‘ilgan terma jamoaning boshqaruvini qo‘lga oldim. Ushbu jamoa bilan ish boshlaganimga 20 kundan oshdi.
Musobaqaga tayyorgarlik
- “CAFA U-16 championship” musobaqasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bizning oldimizdagi dastlabki vazifamiz uchta. Birinchi o‘yinimizni 5 iyulda Afg‘onistonga qarshi o‘tkazamiz. 7 iyul kuni Qirg‘iziston bilan o‘ynaymiz. 9-kuni esa Tojikiston bizning raqibimiz bo‘ladi. Ushbu o‘yinlarda g‘alabalar qozonib 1-o‘rinni olishimiz kerak. Albatta, shu bilan birga yigitlarni yanada yaxshiroq bilib, saralab olamiz. Biz o‘z uyimizda o‘ynaymiz. Bu turnirda o‘zimizni ko‘rsatishimiz darkor. Shuningdek, murabbiy sifatida men ham o‘zimga-o‘zim vazifa qo‘yib olganman. Qo‘l ostimdagi futbolchilar albatta chiroyli, ma’noli o‘ynab natija ko‘rsatishlari lozim. Ayni paytda ixtiyorimda 18 nafar futbolchi bor. Agar ular o‘zlarini ko‘rsata olishsa, eng munosiblarini 2001 yilda tug‘ilgan jamoaga tavsiya qilamiz. Shu tariqa, ular bosqichma-bosqich rivojlanib borishadi. Har bir murabbiyning vazifasi o‘yinchilarni puxta tarbiyalab, natija ham ko‘rsatsin va o‘z navbatida ularni milliy terma jamoagacha olib chiqsin. Agarda o‘yinchilar guruh-guruh bo‘lib termadan-termaga ko‘chib o‘tishsa bu futbolimiz uchun juda foydali bo‘ladi.
Tarkib masalasi va selektsiya
- Har bir jamoada selektsiya bo‘ladi. Bu klub bo‘ladimi yoki terma jamoami, buning ahamiyati yo‘q. Asosiysi, selektsiya tun-u, kun davom etadi. Siz o‘z jamoangizda eng yaxshilari bo‘lishini istaysiz. Ammo raqib jamoa safida qaysidir futbolchi sizga yoqib qolsa, albatta uni qalam bilan o‘zingiz uchun alohida belgilab qo‘yasiz. Selektsiya o‘zi shunaqa. U-16 terma jamoasini qabul qilib olayotgan paytimda menga 65 nafardan oshiq futbolchilarning ro‘yxatini berishdi. Terma jamoalar bo‘limi har bir termaga nomzod o‘yinchilarni kuzatib yurishadi. Shu bois ular tomonidan tanlab olingan futbolchilar ro‘yxatini menga berishdi. Shundan keyin darhol murabbiylarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘sha o‘yinchilar haqida ma’lumotlar to‘play boshladim. Keyin esa “Paxtakor”, “Bunyodkor”, umuman Toshkent jamoalarining mashg‘ulot va o‘yinlarini borib ko‘rdim. Chunki tarkibga e’tibor bergan bo‘lsangiz “Paxtakor”, “Bunyodkor” kabi jamoalardan nomzodlar ko‘proq. Masalan, 6 tasi “Paxtakor”, 10 tasi “Bunyodkor”dan. Nima uchun faqat shu ikkala klubdan o‘yinchilarni oldi deb hamma o‘ylashi mumkin, to‘g‘rimi? Lekin o‘sha “Bunyodkor”dan chaqirilgan 10 ta futbolchidan faqat 1 yoki 2 tasi toshkentlik xolos. Qolganlari Farg‘ona, Samarqand, Urganch yoki yana boshqa viloyatlardan kelishgan. “Paxtakor” yoki “Bunyodkor” 2002 yilda tug‘ilgan futbolchilarning eng saralarini o‘z vaqtida boshqa viloyatlardan olib kelgan. Chunki ularda futbol uchun sharoitlar yaxshiroq. Masalan, Toshkendan Urganchga futbol uchun kim boradi? Aksincha, u erdan Toshkentga kelishadi. Shu bois tarkib masalasida savollar kelib chiqmasligini istardim. Lekin men yigitlarni saralashda davom etyapman. Chunki terma jamoada ish boshlaganimga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. “CAFA U-16 championship” musobaqasini o‘tkazib olganimizdan keyin selektsiyani yanada kuchaytirish uchun o‘zim viloyatlarga chiqib 2002 yillarda tug‘ilgan futbolchilarni saralab olaman. Buning uchun Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qarshi, Nukus kabi shaharlarga boraman. Darvoqe, Nukusda ham iqtidorli o‘yinichlar ko‘p. Xullas, chetda qolib ketayotgan iqtidorlarni ham izlab topamiz. Bilasizmi, hozirgi tarkibimizda xorazmlik futbolchi ham bor. Aslida u ro‘yxatimizda yo‘q edi. Terma jamoada ish boshlaganimni eshitgan do‘stlarim ham menga bir qator nomzodlarni tavsiya qilishni boshlashdi. Ulardan birining pozitsiyasi esa menga to‘g‘ri keldi va shu tariqa xorazmlik iqtidorli o‘yinchini chaqirdim. O‘zim barcha viloyatlarda murabbiylarga instruktorlik qilganman. Shu bois u erlarda qanday o‘yinchilar borligini bilaman. Ertangi kunimizda esa ular albatta bizga kerak bo‘ladi. Shu bois yana qaytaraman: terma jamoa o‘yinchilari faqat “Paxtakor” bilan “Bunyodkor”dan emas. Shunchaki, Respublikamizdagi iqtidorli bolalar o‘sha akademiyalarga kelib qolishgan.
Murabbiylik tamoyillari
- Men Andijondami, Sarmarqanddami yoki Namanganda ishlaymanmi, muhimi har bir taklif inson uchun yangi chaqiruvdir. Murabbiy ham doim oldinga intilib ishlashi lozim. Masalan, Germaniya terma jamoasini olaylik. Ular jahon chempionatida guruhda qolib ketishdi, hali bunaqasi bo‘lmagandi. Ammo Germaniya futboli rahbarlari mamlakat terma jamoasining bosh murabbiyi Yoaxim Lyov bilan yana shartnoma tuzishdi va hamkorlikni davom ettiradigan bo‘lishdi. Buni o‘zim uchun aytmayapman. Bu – hayot, rahbariyat sizning qanday ishlayotganingizni ko‘radi, biladi, tahlil qiladi. Sizni hamma biladi, bungacha ishlab o‘zingizni ko‘rsatgansiz, ammo shuni bilingki, doim yangi joyga ishga o‘tganingizda o‘zingizni ko‘rsatish uchun boshidan boshlash kerak bo‘ladi. Mening ish printsiplarim – tartib-intizom, rostgo‘ylik va futbol. Men haqimda kim nima desin, bu bilan ishim yo‘q. Futbolni ichida yurgan insonlar meni terma jamoada ish boshlaganim bilan tabriklashyapti.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar