
Shomurodovning mundialga chiqqani Evropada qanday baholandi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Bu tarixiy voqea Birlashgan Arab Amirliklarida mahalliy terma jamoaga qarshi o‘tgan uchrashuvda ro‘y berdi.
Bu bahsda arablarni faqat g‘alaba qoniqtirardi. Futbolchilarimiz esa, jahon chempionatiga yo‘l olishi uchun durang natija ham kifoya qilardi.
O‘yin kutilganidan-da og‘ir bo‘ldi. Uchrashuv qahramoni sifatida arablarning bir necha xavfli zarbalarini qaytargan O‘tkir Yusupovni ko‘rsatish mumkin.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov Evropaning beshta top-ligasidan biri – A Seriyada o‘ynayotgani bois, futbolchilarimizning muvaffaqiyatga olis yurtlardan ham munosabat bo‘lmoqda.
Sports.uz portali xorijlik ekspertlar va manbalarning tezkor munosabatlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Gabriele KONTI, Italiyaning vocegiallorossa.it sayti eksperti:
Birlashgan Arab Amirliklari maydonida mezbonlarga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Eldor Shomurodov o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Lekin O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori sifatida jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni uddaladi.
“Roma” hujumchisi arablarga qarshi to‘liq o‘ynadi, biroq darvozani ishg‘ol qilgani yo‘q. Biroq golsiz durang o‘zbekistonliklarni mamlakat tarixida ilk bor keyingi yil yozda bo‘ladigan jahon chempionatiga chiqishiga kifoya qildi.
LAROMA24.IT, Italiya sayti:
O‘zbekiston 2026 yili bo‘ladigan jahon chempionatida ishtirok etadi. Eldor Shomurodovning jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari maydonida mezbonlar bilan durang o‘ynadi – 0:0.
“Roma” hujumchisi uchrashuv davomida to‘liq harakat qildi va terma jamoasining mundialga chiqishiga katta hissa qo‘shdi.
Kshishtof SOBChAK, Polshaning wiadomosci.radiozet.pl sayti eksperti:
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida debyut qiladi. Eldor Shomurodov va uning jamoadoshlari Birlashgan Arab Amirliklari futbolchilari bilan durang o‘ynab, AQSh, Kanada va Meksikada bo‘ladigan mundialga yo‘llanmani naqd qildi.
Guruhdagi vaziyat aniq edi. Mintaqaviy saralash turnirining uchinchi bosqichi yaqkunlanishiga ikki tur qolganida o‘zbeklarga eng yaqin ta’qibchi – BAA bilan to‘rt ochkolik farqni saqlab qolish uchun safar uchrashuida kamida durang natija ham kifoya qilardi. O‘zbeklar buni uddaladi.
Uchrashuvda gol bo‘lmadi, biroq O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqqanini bayram qilishi mumkin.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi mundial yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi. Futbolchilarimiz saralash turnirining uchinchi bosqichidagi oxirgi o‘yinini 10 iyun kuni “Bunyodkor” stadionida Qatar terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Gvardiola hayron: Husanov Yamal bilan o‘ynashi mumkinmi?
Fayzullaevdan xushxabar!
Husanovning “Manchester Siti”dagi kelajagi muhim qarorga bog‘liq?
Fikrlar