JCh-2018 saralash bosqichi. Biznikilar joylashgan guruh statistikasi

  • 21 mart, 2017, 14:49
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

JCh-2018 so‘nggi saralash raundining ikkinchi davrasi ham start olishga yaqin turibdi. Ushbu bosqichga etib kelgan jamoalar birinchi davrada jami 5 tadan o‘yinda maydonga tushishdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi dastlabki davrada 9 ochko jamg‘argan holda “A” guruhida 3-o‘rinni egallab turibdi. Biz esa futbolchilarimiz o‘rin olgan “A” guruhidagi statistik ma’lumotarni sizlar bilan o‘rtoqlashishga ahd qildik.

Darvozaga eng ko‘p zarba bergan jamoalar

Darvoza tomon zarba berish bobida Karlush Keyrush boshqaruvidagi Eron termasiga faqat havas bilan qarash mumkin. Forslar o‘tkazilgan 5 uchrashuvda jami 59 bor raqib darvozasi tomon zarba yo‘llab ko‘rishgan. Ayniqsa, eronliklar Xitoyga qarshi bellashuvda 16 bor o‘z omadlarini sinab ko‘rishgan. Qatarlik futbolchilar ham zarba yo‘llashga “ustalar”. Suriya esa o‘zining kamtarona imkoniyatini maksimal darajada namoyish etmoqda. O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya termalari esa zarba yo‘llashga ko‘p ham oshiqaverishmaydi. Xitoyning ahvoli esa barchaga ma’lum.

1. Eron – 59 ta (o‘rtacha bor o‘yinda 11,8)

2. Qatar – 45 (9)

3. Suriya – 38 (7,6)

4. Janubiy Koreya va O‘zbekiston – 36 (7,2)

5. Xitoy – 34 (6,8)

Darvozaga eng ko‘p aniq zarba bergan jamoalar

1. Qatar – 28 ta (o‘rtacha bir o‘yinda 5,6)

2. Eron – 24 (4,8)

3. Janubiy Koreya – 21 (4,2)

4. O‘zbekiston – 17 (3,4)

5. Suriya – 15 (3)

6. Xitoy – 9 (1,5)

Umumiy holatda bir qancha o‘zgarishni kuzatishimiz mumkin. Aniq zarbalar borasida qatarlik futbolchilarning oldiga tushadigan topilmayapti. Biroq 28 ta aniq zarbaning faqat 3 tasi gol bilan tugagani judayam achinarli holatdir. Eron esa bor kuchini Suriya bilan o‘yinda namoyish etdi. To‘g‘ri, uchrashuvda hisob ochilmadi. Biroq mazkur to‘qnashuvda Keyrush shogirdlari suriyalik darvozabonni 8 bor sinovdan o‘tkazishdi.

To‘p nazorati

1. Janubiy Koreya ~ 61 %

2. Eron ~ 52 %

3. Xitoy – 51 %

4. Qatar – 49 %

5. O‘zbekiston – 48 %

6. Suriya ~ 44 %

To‘p nazorati – amalda bu ko‘rsatkich hech narsani hal etmaydi. Bo‘lmasa, Xitoy birinchi davrani yuqori o‘rinlarda yakunlagan bo‘lar edi. Koreyalik futbolchilar esa o‘yinni nazorat qilish bo‘yicha mutloq etakchilar: O‘zbekiston bilan o‘yinda 73%, Suriyaga qarshi o‘yinda esa 72 % to‘p nazorati Uli Shtilike shogirdlarida bo‘lgan. Vakillarimiz bu borada ham kamtarona natija qayd etishgan.

Burchak zarbalari

1. Eron – 29 ta (o‘rtacha bir o‘yinda 5,8)

2. O‘zbekiston – 24 (4,8)

3. Jaubiy Koreya – 23 (4,6)

4. Qatar – 21 (4,2)

5. Xitoy – 17 (3,4)

6. Suriya – 15 (3)

Zamonaviy futbolda standart vaziyatlardan oqilona foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. Bizning futbolchilar esa bu imkoniyatlarni ko‘kka sovurishdan boshqa qiladigan ishlari yo‘q. Faqatgina Otabek Shukurovning “rekoshet” holatdagi golidan bo‘lak, qolgan vaziyatlar biz uchun samara keltirmagan.

Ogohlantirishlar

1. Janubiy Koreya – 13 (2,6)

2. Suriya – 9(1,8)

3-4. Qatar va Suriya – 8 (1,6)

5. O‘zbekiston – 6 (1,2)

6. Eron – 5 (1)

Tartib borasida Shtilike shogirdlari barchadan ajralib turishibdi. 5 ta o‘yinda 13 ta “sariq kartochka” bu juda ko‘p. Janublik koreyslar Qatarga qarshi o‘yinda 5 bor hakam tomonidan ogohlantirilganining o‘ziyoq ko‘p narsani “so‘zlamoqda”. Yigitlarimizni bu borada “maqtasak” arziydi. 6 ta “sariq”ning 4 tasi Geynrix hamda Ismoilovning “nasiba”laridir. Eronga esa bu borada ham tan bermaslikning ilojisi yo‘q.

Tavsiya etamiz: 

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!