Jasur Mavlyanov: Qora belbog‘ olish uchun bir yarim yil ter to‘kkanman (foto va video)

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

 

Yaqinda Janubiy Koreyada olimpiya sport turi – taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha "Chuncheon Korea open - 2017" chempionatida Toshkentdagi "Tornado" sport klubi sportchilari ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Nufuzli musobaqada 68 kilogramm vazn toifasida dayangga chiqqan Jasur Mavlyanov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va faoliyatida ilk marotaba xalqaro miqyosda chempion bo‘ldi. Jasurning iste’dodi va salohiyati mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Lekin yosh sportichimiz bu e’tirofga osonlikcha erishgani yo‘q. U bir necha yil davomida mashg‘ulotlarda ter to‘kdi, mag‘lubiyatlar alamini totish evaziga irodasini mustahkamlab, g‘alaba qozonish sirlarini o‘rgandi.   

SPORTS.uz axborot portali Jasur Mavlyanovni sport muxlislariga yaqindan tanishtirish uchun yosh sportchimiz bilan suhbat uyushtirdi.

- Jasur, avvalo o‘zingiz haqida ma’lumot bering...

- Assalomu aleykum. Men 1996 yili Toshkent shahrida tug‘ilganman. Ota-onam sog‘lom bo‘lishim uchun bolaligimdan sportga berishgan. Avvaliga, taekvondoning ITF yo‘nalishiga bordim. Bir-ikki oydan keyin o‘zbek jang san’ati bilan shug‘ullana boshladim. Men o‘sha vaqtdan buyon Ahror Asrorov qo‘l ostida mashq qilaman.  

Keyinchalik murabbiyim taklifi bilan taekvondoning WTF yo‘nalishiga o‘tdim.

- Nega?

- Chunki, taekvondo WTF Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan. Men ham barcha sportchilar kabi sport olamining eng nufuzli musobaqasida qatnashishni istayman.

- Bir sport turidan boshqasiga o‘tish qiyinchilik tug‘dirmadimi?

- Boshida qiyin bo‘ldi. Lekin mashg‘ulotlarda qattiq ishladik. Besh yildan buyon taekvondo WTF bilan shug‘ullanyapman. Hali o‘rganadigan narsalarim ko‘p. Bu sport turida asosan zarbalar oyoqda beriladi. Janglarda g‘alaba qozonish ancha qiyin. Lekin musobaqa qoidalari adolatli, bellashuvlar tartibli o‘tadi. Baholash usuli elektron vositalar yordamida bo‘lgani uchun e’tirozlar va shubhalar kam.

- Natija ko‘rsatish qiyin bo‘lmayaptimi?

- Taekvondoning bu yo‘nalishiga o‘tganimdan keyin bir yarim yil davomida pumse – kompleks mashq bajarishni o‘rgandim. Pumseda 9 ta kompleks bor. Bularning barchasini o‘zlashtirdim va imtihon topshirdim. Shundan so‘ng, qora belbog‘ birinchi DAN sohibi bo‘ldim. Taekvondo WTF da qora belbog‘ olish uchun pumsedan imtihon topshiriladi.

Bu birinchi yutug‘im, desam ham bo‘ladi. Keyin yakkama-yakka kurashlarga chiqa boshladim. Dastlab qator janglarda yutqazdim. Tajribam kamlik qilardi. Qolaversa, bu sport turining murakkabligi ham menga ko‘p pand bergan.

- Pumsedagi usullar yordam bermaganmi?

- To‘g‘risi, kompleks mashqlardagi usullarni jangda qo‘llash qiyin. U mashqlar salomatlik uchun foyda. Jangda yordam bermaydi.

- Eng alamli mag‘lubiyat qachon bo‘lgan?

- Men o‘tgan yili ilk marotaba Qozog‘istondagi nufuzli musobaqada qatnashdim. Raqibim xalqaro reytingga ega bo‘lgan tajribali sportchi edi. Hisobda uch ochko oldindaydim. Kuchli raqibni engayotganimdan baxtiyor edim. Jang tugashiga bir necha soniya qolgandi. Yutuq cho‘ntagimda, degan o‘y-fikr bor edi. Salgina bo‘shashdim. Tajribali raqib yuzimga zarba berishni uddaladi. Ustiga-ustak, yiqilganim uchun hakam jarima ochkosi qo‘shdi va tayyor g‘alabani boy berdim. Rosa alam qildi.  

Bu menga juda katta dars bo‘ldi. Shundan so‘ng, jang yakunlanmaguncha hamma narsaga tayyor turadigan bo‘ldim. Ahror akam ham har bir uchrashuv oldidan Qozog‘istondagi jang haqida eslatadi. Qizig‘i, o‘sha musobaqadan keyin uzoq kutilgan g‘alabalar kela boshladi.

2017 yilda yurtimizdagi turnirlarda zafar quchdim va Janubiy Koreyaga boradigan bo‘ldim.

- Koreyadagi janglar haqida gapirib bering...

- Yarim finalda rossiyalik taekvondochi bilan bellashdim. Uning bo‘yi mendan ancha baland edi. Jangda oyog‘im uning tirsagiga tegdi. Qattiq og‘riy boshladi. Ahror akam raqibning nozik va himoyasiz joyini aytdi va o‘sha erga oyoqda zarba berishimni uqtirdi. Men tepolmadim. Tanaffusda ustozim nega zarba bermaganimni so‘ragach, oyog‘im og‘riyapti dedim. Shunda Ahror akam “Bo‘ldi jangni to‘xtataman, Vatanga boshingni egib, quruq qo‘l bilan qaytishga uyalmasang bo‘ldi”, dedi. “Uyat – o‘limdan qattiq”, degan maqol mag‘zini ana o‘shanda chaqdim.

Qizig‘i, jangga qaytganimda og‘riqdan his qilmay qo‘ydim. Keyin ustoz aytgan usulni qo‘llab, g‘alabaga erishdim.

Finalda AQSh taekvondochisi bilan bellashdim. Uni ham mag‘lubiyatga uchratib, qadrli sovringa ega bo‘ldim.

 

- Sizningcha, dunyoda eng kuchli taekvondochilar kimlar?

- Men o‘zimizning taekvondochilarimiz orasidan jahon chempioni Dmitriy Shokinga havas qilaman. Chunki u qisqa fursat ichida ko‘p narsalarga erishdi. Jahonda uni tan olishadi. Bu hammaga ham nasib etavermaydi.

Shokinning texnikasi zo‘r, o‘ziga xos uslubi bor. U ham “Tornado” klubidan chiqqan. Ko‘pincha dam olish klublari zalga kelib, biz bilan sparring janglarida qatnashadi va ko‘p narsa o‘rgatadi. Ayniqsa, o‘zbekchani ravon gapirishiga besh ketaman.

Janubiy koreyalik Li Day Xunning usuli ham yoqadi. Amerikalik Stiven Lopes esa haqiqiy afsonaga aylangan. Olti karra jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlarining ikki karra g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, mening vaznimda jahon chempioni turkiyalik Servet Tazegul ham zamonamizning eng zo‘r taekvondochisi hisoblanadi.

- Jasur, yana qanday musobaqalarga tayyorgarlik ko‘ryapsiz?

- Avgust oyida Toshkentda xalqaro turnir bo‘ladi. Shunda o‘z omadimni sinab ko‘rmoqchiman. Bu turnir Olimpiya o‘yinlariga 20 ochko beradi. Kuzda Qozog‘iston ochiq birinchiligi, Rossiyada xalqaro turnir bor. Bu ikki musobaqada ham Olimpiadaga o‘ntadan ochko beriladi. 

Eng asosiysi, yil oxirida O‘zbekiston chempionati bo‘ladi. Undan umidim katta. Terma jamoaga kirish uchun chempion bo‘lishim kerak.

- Milliy chempionatda asosiy raqobatchilaringiz kimlar?

-  Mening vaznimda Hojiakbar Zokirov, Zuhriddin Xonimqulov, Shahboz Do‘smatov kabi etakchi taekvondochilar bor. Raqobat kuchli. Lekin bu yil hammasiga tayyorman. Zotan, o‘z oldimga Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yurtimiz bayrog‘ini ko‘tarishni maqsad qilib qo‘ygan ekanman, har qanday musobaqada o‘zimni ko‘rsata olishim kerak.

- Jasur, sizga musobaqalarda g‘alaba yor bo‘lishini tilab qolamiz...

 

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!