Lukaku Angliya termasiga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin
Belgiya term jamoasi hujumchisi Romelu Lukaku Angliyaga qarshi JCh-2018 turniri uchinchi tur bahsini o‘tkazib yuborishi mumkin.
Daily Mail nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, futbolchi Tunisga (5:2) qarshi kechgan uchrashuvda kichik jarohat olgan va jamoasining so‘nggi tayyorgarliklarida ishtirok etmagan. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng Lukakuda jiddiy jarohat yo‘qligi aniqlangan, biroq belgiyaliklar ustozi Roberto Martines uning sog‘lig‘i borasida tavakkal qilmoqchi emas.
Angliya va Belgiya termalari Tunis va Panama ustidan qozonilgan g‘alabalari evaziga nimchorak final yo‘llanmasini deyarli hal qildi. Bu jamoalarning o‘zaro o‘zini guruhdagi etakchini aniqlaydi. O‘yin 28 iyun kuni Kaliningradda bo‘lib o‘tadi.

Fikrlar