
Messining yo‘qligi endi «Barsa»ga muammo emas!
Messisiz kechgan muhim o‘yinlar vaqtida urugvaylik hujumchi «boshidan baland sakray» oldi va top saviyadagi qobiliyati hech qaerga yo‘qolib qolmaganini namoyish qildi. Luis Suaresning muammolar girdobiga tushib qolgani haqidagi gap-so‘zlar ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketdi.
Ushbu mavsum arafasida ko‘pchilik qatori taniqli mutaxassislar ham «Barselona» «issig‘ida» o‘zining etakchi hujumchisidan tezroq qutulishi kerakligini alohida tilga olishgandi. Bunga Suaresning so‘nggi vaqtlarda gol urish qobiliyatining pasayib borishi sabab bo‘lgandi.
Biroq so‘nggi uch muhim o‘yinda, xususan Xulen Lopetegining intohosiga sababchi bo‘lgan «El Klassiko»dagi master-klassi shuni isbotladiki, Luis Suares 32 yoshda bo‘lishiga qaramay hamon dunyoning elita hujumchilari qatoriga kiradi.
Suares mavsum startini ancha sekin boshladi. Hujumchi yozgi ta’tildan keyin kataloniyaliklarning dastlabki o‘yinlarida ancha sustkashlikka yo‘l qo‘ydi.
Yangi mavsum ham o‘tgan mavsumdagidan unchalik farq qilmadi. 9-raqam egasi dastlabki golini urish uchun naq 300 daqiqadan oshiq vaqt kerak bo‘ldi. U autsayder «Ueska»ga ilk gollarini urgandi. Biroq 15-sentyabr – 20-oktyabr oralig‘ida u hech qanday muammolarga duch kelmadi.
Urugvayli hujumchi odatda gol urish imkoniyatlarini ko‘kka sovurish bilan mavsum debyutida yodimizda qoldi. Unga xatto Messi hujumda hamkorlik qilayotgan bo‘lsada baribir yordam bermadi.
Kulgulisi shuki, Messi jarohat olib safdan chiqqanidan keyin hujumchi nihoyat o‘ziga kelib oldi.
«Kamp Nou» uning ishtirokida etti kun mobaynida futbol festivalini o‘tkazdi. Bu erda «Sevilya», «Inter» va «Real» kabi grand jamoalar darvozasiga 11 gol urildi.
Mavsum startida Messiga juda bog‘lanib qolgan klub avvalo buyuk futbolchisisiz ham hayot davom etishini his qildi. O‘tgan haftadagi natijalar har holda buni tasdiqlamoqda.
Suares bunday natijalarga bosh-qosh bo‘ldi. «Liverpul»ning sobiq vakili ushbu o‘yinlarda 4 gol va uch golli uzatmani amalga oshirdi. U ortiq yuqori saviyada o‘yin namoyish qila olmaydi deganlar uchun munosib javob qaytardi. U buni Messisiz amalga oshirgani e’tiborga molik.
Ushbu «uyg‘onish» «Barsa» muxlislariga Messidan keyin ham porloq kelajakka umid qilishlari mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Suares «Real»ni 5-1 ga yutgan o‘yinda penaltini Rafael Varanning unga qo‘pollik ishlatishi ortidan ishlab olgan bo‘lsa, keyingi gollarda universal Serxi Robertoning sa’yi-harakatlari evaziga gol urdi.
Braziliyalik juftlik – Artur Melo va Filippe Koutinolar «Barsa»ni ancha yoshartirdi va unga yangicha sifat bag‘ishlamoqda. Valverdening Messisiz taktikasida aynan ular muhim figuralarga aylanishdi.
Suares esa bunday iqtidorlar orasida eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Bosh murabbiyning unga bo‘lgan ishonchi urugvaylik hujumchiga o‘z o‘yinini qayta topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta Messini hech kim almashtira olmaydi. Suares ham buni «El Klassiko»dan keyin tilga oldi: «Albatta biz unga ehtiyoj sezyapmiz. Dunyoning eng yaxshi futbolchisi talkibda bo‘lishi ijobiy holat.»
Jamoa sardori noyabr oyi oxirlarida safga qaytadi. Barcha taqvimdagi kun tezroq kelishini intizorlik bilan kutmoqda. Ammo Suares o‘tgan haftadagidek eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishda davom etsa, Messining yo‘qligi La Liga etakchilari uchun muammo tug‘dirmaydi.
Fikrlar