Murodjon Ahmadaliev WBA reytingi peshqadamiga aylanib oldi
Kuni kecha professional bokschilarning yangi reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, ikkinchi engil vazn toifasi (55,3 kg) da o‘z janglarini o‘tkazayotgan Murodjon Ahmadaliev noyabr oyida o‘tkazgan jangidan so‘ng reytingning birinchi pog‘onasiga joylashgan. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, u 24 noyabr kuni amerikalik Isaak Zaratega qarshi jang o‘tkazib, nokaut evaziga g‘alaba qozongan. U o‘sha jangida o‘zining WBA Intercontinental kamarini himoya qilgandi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda WBA yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni amerikalik Daniel Roman hisoblanadi. Ahmadaliev birinchi o‘ringa chiqib olish orqali, oltin kamar uchun asosiy davogarlardan biriga aylanib oldi.

Fikrlar