O‘FA mutasaddilari Germaniya futbol federatsiyasi vakillari bilan uchrashishdi

  • 16 fevral, 2019, 13:49
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO
Xabaringiz bor, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Evropaning futboli rivojlangan mamlakatlar futbol federatsiyalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatib, o‘zbek futboli rivoji yo‘lida ularning boy tajribasidan unumli foydalanish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelishmoqda. 
 
Jumladan, O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning maslahatchisi San’at Sharipov, Terma jamoalar departamenti direktori Sharofiddin Hojiniyozov va O‘FAning Evropadagi vakili Dilshod Ro‘zmetov Germaniya futbol federatsiyasida bo‘lib, nemis futboli mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar bermoqda.
 
Germaniya futbol federatsiyasi Xalqaro aloqalar  va strategik loyihalar bo‘yicha mutaxassis Patrik Motgomeri uchrashuv davomida Germaniya futboli bosib o‘tgan rivojlanish yo‘li haqida gapirib berdi. Shuningdek, nemis futbol akademiyalarida yo‘lga qo‘yilgan ish faoliyati, yosh futbolchilarni tarbiyalash, bolalar futboli murabbiylarini malakasini oshirish bo‘yicha Germaniyada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. 
 
Uchrashuv davomida nemis futbol mutaxassislarini yurtimizga olib kelish, ular ishtirokida bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalarida turli seminar va o‘quv kurslari o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, "Bavariya", "Ayntraxt" klublari akademiyalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish va bu hamkorlik doirasida yurtimizdagi bolalar futboli bo‘yicha murabbiylarni malaka oshirish uchun Germaniyaga yuborish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
 
Bundan tashqari, ikki mamlakatning turli yoshdagi terma jamoalari o‘rtasida o‘zaro o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilish bo‘yicha ham muhokama o‘tkazildi. Shu yilning may oyida Berlinning U-18 jamoasi mamlakatimizga tashrif buyuradi hamda O‘zbekistonda bu jamoa bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etiladigan bo‘ldi.
 
Uchrashuv yakunida Germaniya futbol federatsiyasi vakillariga O‘FA nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!