Og‘ir atletikachilarimiz JChga qizg‘in hozirlik ko‘rishmoqda

CHERY AUTO

Turkmaniston poytaxtida 1-10 noyabr kunlari 2018 yilgi jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Bunday nufuzli musobaqa erkaklar o‘rtasida 84-marotaba, ayollar o‘rtasida esa 27-bor o‘tkazilmoqda.
Og‘ir atletika bo‘yicha dastlabki jahon chempionati 1891 yil 28 mart kuni Londonda tashkil etilgan bo‘lib, o‘shanda 6 mamlakatdan 7 atlet sovrinlar uchun bahs olib borgan edi. 1905 yili sportchilar ilk marotaba vazn toiflalari bo‘yicha alohida musobaqalashishgan. 70 kg (engil vazn), 80 kg (o‘rta vazn) va 80 kgdan ziyod (og‘ir vazn) toifalarida chempion va sovrindorlar aniqlangan.
Ashxoboddagi chempionat avvalgi yilgisidan keskinligi bilan ajralib turibdi. Buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta. Jumladan, 2017 yil 30 sentyabrda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Belorussiya, Ozarbayjon, Armaniston, Turkiya, Ukraina va Moldaviya terma jamoalarini 2008 yilgi Pekin va 2012 yilgi London olimpiadalarida ishtirok etgan kamida uchtadan sportchilari dopingdan foydalangani aniqlangani bois xalqaro musobaqalardan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. 2017 yil 1 noyabr kuni IWF 500 ming dollar miqdorida belgilangan jarima pulini to‘lamagani uchun Bolgariya termasini bir yil muddatga xalqaro musobaqalardan chetlatdi. AQShning Anaxaym shahri qabul qilgan 2017 yilgi jahon chempionatiga sabablarini ko‘rsatmay KXDR termasi tashrif buyurmadi.
O‘tgan yilgi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari jami 5 ta medal sohibiga aylanishgan edi. Sportchilarimiz bitta oltin, ikkitadan kumush va bronza medallari bilan mukofotlangandi.
Oltin medalni termamizga -69 kg vazn toifasida Doston Yoqubov keltirgandi. U siltab ko‘tarish mashqida 179 kg natija bilan birinchi o‘rinni egallagandi.
Bu yil Ashxobodda atletlar yangi vazn toifalarida muobaqalashishmoqda.
Doston -67kg vazn toifasida supachaga chiqdi. Vazn tashlash yakuniy natijaga ta’sir ko‘rsatdi. Sportchimiz ikkinchi urinishda 180 kg natijani qayd etdi va kamida ikkinchi o‘rinni naqd etib qo‘ydi. Uchinchi urinishda esa 184 kg tosh sportchimizga bo‘ysunmadi. Agar mana shu urinishi muvaffaqiyatli chiqqanida Doston silatb ko‘tarishda oltin, ikki mashq yakuniga ko‘ra esa kumush medal sohibi bo‘lardi. Yoqubov endi uch karra jahon chempioniga aylangan xitoylik Chen Litszyungagina yutqazgani e’tiborga molik.
Darvoqe, natijalarini muttasil yaxshilab borayotgan Doston o‘tgan yili Ashxobodda Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida hamda shu yil avgust oyida Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida kumush sovrindorga aylangani diqqatga sazovor.
Bugun biznikilardan Tursunoy Jabborova (-81) va Akbar Jo‘raev (-102) o‘z omadini sinab ko‘radi. Har ikkala atletimiz – o‘z vazn toifasida kuchlilar guruhida eng yosh ishtirokchi ekanini ta’kidlab o‘tish darkor.
Masalan, 16 yoshli Tursunoy amaldagi jahon chempioni (-75) ispaniyalik mashhur Lidiya Valentina Peresdan 17 yosh kichik.
19 yoshli Jo‘raev bugun qozog‘istonlik mashhur Ilya Ilin va eronlik jahon chempioni (-105) Ali Xoshimiy bilan bahslashadi.
Jahon chempionati arafasida Ilin salomatligidagi muammolar tufayli Ashxobodda yosh jamoadoshiga ko‘mak berishi va o‘ziga xos “o‘ynovchi murabbiy” sifatida ishtirok etishini bildirgani e’tiborga molik.
Bizning eng katta umidlarimiz ertaga va indinga bahsga kirishadigan olimpiya chempioni va rekordchisi Ruslan Nurudinov (-109) va Rustam Jangaboev (+109) bilan bog‘liq.

Tecno

Mirzahakim To‘xtamirzaev,
Ashxobod

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!