Osiyo kubogi – 2019. Tanishing, Avstraliya terma jamoasi

  • 26 dekabr, 2018, 01:45
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Qit’amizning yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz internet axborot portali Osiyo kubogida ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. 

Tecno

Bugun tanishtiruvimizni Avstraliya terma jamoasidan davom ettiramiz. Ushbu davlat nomini eshitganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga mashxur opera teatri kelsa ajab emas.

Avstraliya mamlakati shu nomdagi katta bir materikda joylashgan. 7,6 mln kvadrat kilometr maydonga ega bo‘lgan mazkur davlat jahonda bu borada 6-o‘rinda turadi. “Yashil qit’a” deb nomlanadigan o‘lka aholisining ko‘p qismini migrantlar tashkil etadi. Jumladan, bu erda 200 ga yaqin mamlakat fuqarolari ahil-totuvlikda yashab kelmoqda. O‘lka aholisining 25 % ini boshqa davlatda tug‘ilganlar tashkil etadi.

Avstraliya o‘zining fauna oilasining xilma-xilligi bilan qolgan qit’alardan butunlay farq qiladi. Bu erda kenguru, koala kabi boshqa hech qaerda uchramaydigan hayvonlar mavjud.

Ushbu mamlakat haqida biroz bo‘lsada, ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsangiz endi tanishtiruvimizni sport, xususan futbol bilan davom ettiramiz.

australia logo

63 % aholisi ortiqcha vazndan aziyat chekadigan Avstraliyada sportni sevishadi. Ayniqsa regbi va qoidalari shunga yaqin bo‘lgan avstraliyancha futbol (bu sport turi sokker emas) shular jumlasidan. Mamlakatda sportning barcha turlarini birdek rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xattoki yaqinda “yashil qit’a”dagi ilk xokkey saroyi ham foydalanishga topshirilgani fikrimizga isbot bo‘ladi.

a league

Avstraliya chempionati barchamizga A-liga nomi bilan tanish. Bu liga formati MLSga o‘xshaydi va Yangi Zelandiya klubi ham musobaqada ishtirok etadi. Ushbu mamlakat klublari OChLda ham o‘z o‘rniga ega. Bundan bir necha yil oldin “Vestern Sidney Uonderers” jamoasining chempionlar ligasida finalga chiqqani yodingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak.

Avstraliya chempionatida mashxur nomlarni uchratish tabiiy xol. Bu erda o‘z vaqtida Romario, Emil Xeski, Uilyam Gallas, David Vilya, Alessandro Del Pero, Useyn Bolt kabi taniqli futbolchilar to‘p surishgan.

Terma jamoaga to‘xtaladigan bo‘lsak, Avstraliya OFK tarkibiga kirguniga qadar JChga chiqishda katta muammolarga duch kelar edi. Okeaniya mintaqasida Yangi Zelandiya bilan kurash olib borib, so‘ng boshqa qit’a jamoasi (ko‘pincha KONMEBOL vakillari)ga imkoniyatni boy berish “an’ana”ga aylangan edi. Buni quyidagi faktda ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. “Sokkeruz” Okeaniya mintaqasida o‘ynab yurgan kezlari faqat ikki marta (1974 va 2006) mundialga ishtirok etgan. OFK tarkibiga kirgach esa qatorasiga uchinchi bor JChda o‘ynashni kanda qilmay kelmoqda.

1974 yilgi jahon birinchiligida avstraliyaliklar amalda hech narsa qila olishmagan va bu debyut ishtirok bo‘lgani uchun tabiiy jarayon albatta. 2006 yilgi mundialda esa Gus Xiddink boshqaruvidagi terma ancha katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Tim Keyxill, Harri Kyuell, Mark Viduka, Mark Shvarster va Mark Breshiano kabi iqtidorlar to‘plangan terma guruh bosqichida Braziliya, Yaponiya va Xorvatiyaga qarshi bahslar olib borgan va 1/8 finalga chiqqan edi. Chorak final uchun kechgan uchrashuvda gollandiyalik mutaxassis shogirdlari bo‘lajak chempion – Italiyaga mag‘lub bo‘lgan edi.

2010, 2014 va shu yil yozda o‘tgan JChda esa omad avstraliyaliklardan yuz o‘girdi va jamoa guruh bosqichidayoq kurashni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

aus vs ger

Avstraliya OFK tarkibiga kirguniga qadar Okeaniya kubogida 7 bor ishtirok etgan va shularning 4 tasida bosh sovringa ega chiqqan.

australiya win afc

OFK tassarufiga kirgach esa 3 marta Osiyo kubogida ishtirok etdi va bir bor finalga chiqib (2011), bir bor g‘olib (2015) bo‘ldi. “Sokkeruz” 2007 yilgi musobaqada esa chorak finaldayoq kurashni to‘xtatgan edi.

grem arnold

Jamoani ayni vaqtda mahalliy mutaxassis – Grem Arnold boshqarmoqda. Rossiya yashil maydonlarida o‘tgan mundialdan so‘ng terma jamoa boshqaruviga kelgan 55 yoshli mutaxassis 2006-2007 yillarda ham Avstraliya terma jamoasiga ustozlik qilgan. Jumladan 2007 yil 4 ta davlatda bo‘lib o‘tgan qit’a birinchiligiga Avstraliyani aynan Arnold boshlab kelgan edi. Ilk turda Ummon bilan durang o‘ynagan, so‘ng Iroqqa 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan “yashil qit’a” vakillari bir amallab pley-offga chiqishadi. Chorak finalda esa Yaponiyaga penaltilar seriyasiga ko‘ra imkoniyat boy beriladi. FourFourTwo nashri esa terma jamoaning qit’a birinchiligidagi omadsizligining sababchisi sifatida kimni aytasiz deyilgan so‘rovnoma o‘tkazadi va ovoz beruvchilarning 78 % aybni bosh murabbiyda deb hisoblashi ma’lum bo‘ladi. Zero o‘sha vaqtlarda jamoaning aksariyat futbolchilari, jumladan Harri Kyuell ham bosh murabbiyga qarshi bo‘lib qolgan edi.

U bunga qadar esa termada Gus Xiddinkka yordam berib kelayotgan edi. Qahramonimiz Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng olimpiya terma jamoasini qabul qilib oladi va jamoani Pekin olimpiyadasiga olib boradi.

Shundan so‘ng A-ligadagi “Sentral Kost Marriners” va “Sidney” jamoalarida ishlab, ularni bir necha marta mamlakat chempioni qiladi. 3 marta A-liganing eng yaxshi murabbiyi degan mukofotni qo‘lga kiritadi.

“Sokkeruz” BAAdagi turnirning guruh bosqichida Iordaniya, Falastin va Suriya kabi arab jamoalari bilan kuch sinashadi. Grem Arnold shogirdlari ilk turda so‘nggi 4 qit’a birinchiligida 2 bor chorak finalga chiqqan Iordaniyaga qarshi maydonga tushadi.

2-turda esa ko‘pchilik tomonidan “sovg‘a” deya ta’riflanayotgan Falastin sinovdan o‘tkazilinadi. So‘nggi turda esa “chaqilmas yong‘oq” – Suriya ularni kutib turibdi. Aynan Suriyani deb Avstraliya 2018 yilgi JChga chiqa olmay qolishiga bir bahya qolgan edi.

Jamoa oldiga qo‘yilgan maqsad, titulni munosib himoya qilishdir. Biroq bu natijaga erishish 4 yil oldingisiga qaraganda ancha qiyin bo‘lishi aniq. Oldingi birinchiliklarda ishtirok etgan ko‘plab etakchi futbolchilar allaqachon termadagi faoliyatini yakunlashgan.

Avstraliya milliy terma jamoasi

FIFA reytingidagi o‘rni – 41

Ilk uchrashuvi: Yangi Zelandiya - Avstraliya 3:1 (1922 yil 17 iyul, Yangi Zelandiya)

Eng yirik g‘alabasi: Avstraliya - Amerika Samoasi 31:0 (2001 yil 11 aprel, Avstraliya)

Eng yirik mag‘lubiyati: Avstraliya - JAR 0:8 (1955 yil 17 sentyabr, Avstraliya)

Osiyo kubogidagi ishtiroki: 3 (2007, 2011, 2015)

Eng yaxshi natijasi: Chempion (2015)

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Mark Shvartser (109 o‘yin)

Eng ko‘p gol kiritgan futbolchi: Tim Keyxill (50 gol)

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
zohir_t
26/12/2018 11:30
Avstraliya bilan oʻynash nasib qilarmikanaa
&
darwesh
26/12/2018 15:35
Насиб килган куни турнир билан хайрлашамиз)))
zohir_t
27/12/2018 01:03
aniq bu
zohir_t
29/12/2018 15:31
gruppadanam chiqalmasa kerak bu o'yin bilan