Premer Liganing yangi mavsumdagi “yulduzchalar”i kim bo‘ladi?

  • 7 avgust, 2018, 19:54
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

Premer Liganing yangi mavsumi start olishiga ham sanoqli kunlar qolganida, yangi mavsumda yana qaysi yosh iqtidor egalari kashf qilinishiga qiziqadigan muxlislar ham talaygina. 9-avgustda yopiladigan transfer bozorida Angliya grandlari yana bir qancha iqtidor egalari bilan o‘z safini to‘ldirishi mumkin. Biroq ularning ko‘pchiligida allaqachon yosh javohirlar bor.

Xo‘sh, 2018-19-yilgi mavsumda Premer Liganing yangi kashfiyotlari kim bo‘lishi mumkin?

Rayss Nelson, “Arsenal”

Yoshi: 18. Pozitsiyasi: hujumchi/vinger

Nelson Arsen Vengerning “Arsenal”dagi 22 yillik hukmronligi poyoniga etmasdan oldingi kashfiyoti hisoblanadi. Hujumchi o‘tgan mavsumda bosh jamoada 16 marta ko‘rinish bergan. Bunda uning Evropa Ligasidagi ishtiroki ham bor.

Unay Emeri 18 yoshli futbolchini mavsumoldi tayyorgarlik uchrashuvlarida 4 marotaba sinab ko‘rdi. Uning ijobiy o‘yinlari sabab yangi mavsumda Premer Ligada ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Boz ustiga klubda vingerlar soni kam.

Kallum Xadson-Odoy, “Chelsi”

Yoshi: 17. Pozitsiyasi: hujumchi

Ko‘pchilik “Chelsi” akademiyasi tizimi o‘lik holatda degan fikrda. Boisi asosiy tarkibga kiritilgan ko‘pchilik iqtidor egalari asosiy tarkibda o‘rnashib qolish uchun juda og‘ir yo‘lni bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

17 yoshli Xadson-Odoy haqida ham bularni aytishimiz mumkin. Angliya (U-17) termasi hujumchisi o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida atigi to‘rt uchrashuvda maydonga tushdi. Biroq mavsumoldi yig‘inda ko‘rsatgan o‘yinlari tufayli Xadson-Odoy yangi bosh murabbiy Maurisio Sarrining e’tiboriga tushgan va yangi mavsumda Premer Liganing kashfiyotiga aylanishi kutilmoqda.

Beni Beningaym, “Everton”

Yoshi: 19. Pozitsiyasi: yarim himoyachi

Kuchli, harakatchan, to‘pni o‘zida ushlab tura oladigan, uzatmalar bera oladigan yarim himoyachi. “Everton” mana shunday sifatlarga ega yosh yarim himoyachiga ega. Beningaym o‘tgan mavsumda 11 o‘yinda maydonga tushib murabbiylar shtabida katta taassurot qoldirgandi. Bu safargi mavsumda unda ko‘proq o‘yin amaliyoti bo‘lishi kutilmoqda.

Ademola Lukman ham jamoaning yana bir boshqa kashfiyoti bo‘lishi mumkin. Biroq uning klubdagi kelajagi hozircha mavhum.

Fusseni Diabate, “Lester”

Yoshi: 22. Pozitsiyasi: hujumkor yarim himoyachi

Diabate “Lester”ga yanvar oyida kelib qo‘shilgan. Shunga qaramay 22 yoshli futbolchi allaqachon ko‘pchilikda ijobiy taassurot qoldirgan.

U o‘zining Angliya Kubogidagi debyut uchrashuvidayoq dubl qayd etgandi. “Tulkilar” safida o‘tgan mavsumni 14 uchrashuv bilan yakunlashga erishdi. “Lester”ni Riyod Mahrez tark etgach, Diabate va Greyda ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish imkoniyati yanada oshgan.

Rayan Bryuster, “Liverpul”

Yoshi: 18. Pozitsiyasi: hujumchi

Bryuster endigina 18 yoshga kirganiga qaramay, “Liverpul”ning asosiy tarkibiga kirish uchun kuchli raqobatni ko‘rsatmoqda.

2017-yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon Chempionati “Oltin butsa” sohibi Bundesliganing bir qator klublari qiziqish doirasida bo‘lib turibdi. Albatta bunga uning iqtidori va salohiyati asosiy sabab.

Yaqinda klub bilan besh yillik shartnomaga imzo qo‘ygan yosh yigitchaga Yurgen Klopp o‘zini ko‘rsatishi uchun imkoniyat taqdim qilishi mumkin.

Fil Foden, “Manchester Siti”

Yoshi: 18. Pozitsiyasi: yarim himoyachi

“Manchester Siti”ning iqtidorli vakili 2018-19-yilgi mavsumning eng katta kashfiyoti bo‘lishi haqida OAV tinmay yozmoqda.

Endigina 18 yoshni qarshi olgan yarim himoyachi yulduzli tarkibda 10 uchrashuvda maydonga tushishga erishgan. Angliya (U-17) termasi safida 23 o‘yinda 11 gol urishga erishgan.

Sir emaski, Pep Gvardiola yaratuvchan yarim himoyachilarni o‘zgacha hurmat qiladi. Fodenning o‘tgan mavsumdagi o‘yinlari haqida ispaniyalik murabbiy yuqori baho bergan. BBSning 2017-yilgi “Yosh sport kishisi” sovrini egasiga oz bo‘lsada o‘zini ko‘rsatishga imkon berilsa, u albatta rivojlanishda va raqobatchilikda davom etadi.

Andreas Pereyra, “Manchester Yunayted”

Yoshi: 22. Pozitsiyasi: yarim himoyachi

22 yoshli Pereyra ham “hozir yoki hech qachon” kategoriyasiga kiradi. “Granada” va “Valensiya”da ijarada yurgan futbolchi “qizil iblislar” bilan mavsumoldi yig‘inni yuqori notada boshladi.

Pereyra Xalqaro Chempionlar Kubogi doirasida “Liverpul” darvozasini jarima zarbasidan ajoyib tarzda nishonga oldi. Bu ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida gavdalanib turibdi.

Kemeron Karter-Vikers, “Tottenxem Xotspur”

Yoshi: 20. Pozitsiyasi: markaziy himoyachi

Karter-Vikers “taqachilar” safida 11 yoshidan beri harakat qiladi. Biroq bosh murabbiy Mauritsio Pochettinoning ishonchini oqlash ancha qiyin bo‘ldi.

Uning mavsumoldi yig‘inda ko‘rsatgan ijobiy o‘yini va klubning transfer bozorida sust harakat qilishi yangi mavsumda unga ko‘proq o‘yin amaliyoti berilishi mumkinligini anglatadi. Dekabrda 21 yoshni qarshi oladigan himoyachi yangi transfer kerak emasligini isbotlashi kerak. Buning uchun u kuchli raqobat ko‘rsatishi shart, albatta.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Rakhmonov Jamshid
08/08/2018 00:32
Сайтларизга ривож тилайман. Мобил иловасини хам чикаринглар.
Sports.uz tahririyati
08/08/2018 12:55
Приложенияси бор, Плей маркетда
Rakhmonov Jamshid
08/08/2018 23:37
Манда iOSда