Professional bokschimiz kuchli raqib tanladi (foto va video)
2017 yilning ilk kunlarida professional bokschilarimiz o‘zlarining navbatdagi janglarini o‘tkazishadi. Kelasi oyning 7-sanasida Malayziyaning Johor shtatida bo‘lib o‘tadigan boks kechasida ikki nafar engilmas bokschimiz ringga ko‘tariladi.
Mazkur boks kechasida uchta jang o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shulardan ikkitasida hamyurtlarimiz o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi. 23 yoshli bokschimiz Qudratillo Abduqahhorov (8-0-0, KO 5) faoliyatidagi 9-jangini filippinlik Romeo Jakosalemga (18-13-1, KO 10) qarshi o‘tkazishi haqida xabar bergan edik.

Vakillarimiz ishtirokidagi ikkinchi qarama-qarshilikda esa joriy yilning may oyida professional faoliyatini boshlab, o‘tkazilgan uchta jangda ham raqiblarini nokautga uchratib kelayotgan 24 yoshli Azizbek Abdug‘ofurov (3-0-0, KO 3) anchayin tajribali bo‘lgan indoneziyalik Aleksander Vaxavaga qarshi ringga ko‘tariladi. Bu bokschi professional ringda jami 47 ta jang o‘tkazib, shulardan 41tasida (14 nokaut) zafar quchgan bo‘lsa, 2 mag‘lubiyat va 4 durang qayd etgan.
Bokschimiz so‘nggi jangini 23 iyul kuni Singapurda tailandlik Chalaemporn Savatsukka qarshi o‘tkazgan edi.
Shuningdek, boks kechasidagi janglarning birida filippinlik bokschilar Jeson Umbal (11-5-0, KO 8) va Gadbin Tubigon (14-12-2, KO 9) o‘zaro bahs olib borishadi.
Ushbu xabardan qisman yoki to‘liq foydalanganda SPORTS.uz axborot portalining nomi aniq ko‘rsatilishi hamda havola (link) berilishi shart!

Fikrlar