Shohjahon Ergashev: O‘zbekistonning eng kuchli bokschisi - Bektemir Meliqo‘ziev (2-qism)

  • 12 may, 2017, 09:00
  • 0
  • Boks
TIGGO 2 PRO
 
Shohjahon bilan suhbatimiz boks haqida davom etdi. Poytaxtimizda o‘tgan Osiyo chempionati muloqotimizni qizg‘in o‘tishiga sabab bo‘ldi. Shohjahonning ayrim qarashlari shu paytgacha yangragan fikrlarga umuman zid bo‘lib chiqdi. Xususan, mamlakatimizning eng kuchli bokschisi haqidagi savolga Shohjahon Ergashev kutilmagan javobni berdi.

- Shohjahon Osiyo chempionatini tomosha qildingizmi?

- Osiyo chempionatining qator uchrashuvlarini “O‘zbekiston” sport majmuasidan tomosha qildim. O‘zbekiston terma jamoasining ayrim bokschilari bilan birga shug‘ullanganman. Ko‘pi bizdan keyingi yosh avlod vakillaridir.

Umuman olganda, Osiyo chempionati davomida yigitlar o‘zbek boks maktabi qudratini namoyish eta oldi. Ayniqsa, Rio Olimpiadasidagi g‘alabalardan keyin bokschilarimizning nimalarga qodirligini yana bir karra isbotlab qo‘yishi alohida ahamiyat kasb etardi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, bokschilarimizning aksariyati qatorisiga bir nechta janglarni muddatidan oldin yakunladi. Havaskorlar boksida bu ko‘p narsadan dalolat beradi. Professional boksdan farqli o‘laroq, havaskorlar o‘rtasidagi janglarda raqibni nokaut qilish oson ish emas. Qolaversa, murabbiylar havaskor boksda bir zarbaga ishonib, nokaut qilishni kutib, jang o‘tkazishni tavsiya qilishmaydi. Hozir “olimpiya boksi” deb ta’rif olgan bu yo‘nalishda tezkor va aniq zarbalar ko‘proq qadrlanadi.

- O‘zbek boks maktabining kuchi nimada?

- Darhaqiqat, O‘zbekiston doimo kuchli terma jamoaga ega bo‘lgan. Ayniqsa, hozirgi jamoamiz juda qudratli. Bugungi kunda Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm, Jizzax, Toshkent viloyati va poytaxtdan chiqqan bokschilarning reytingi baland. O‘zbek boks maktabining qudratli bo‘lishini ta’minlayotgan omil - joylarda iste’dodli, kuchli bokschilarning ko‘pligida. Hozir o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida terma jamoaga nomzod bokschilar asosiy tarkib vakillari bilan birga shug‘ullanadi. Albatta, kuchli bokschilar bilan yonma-yon shug‘ullanish va sparring janglarida qatnashish har tomonlama o‘sishga ijobiy ta’sir qiladi.

Osiyo chempionatida eng kuchli bokschilarimizning ishtirokiga guvoh bo‘ldik. Ularning ortidan etishib kelayotgan va ularga raqobatchi bo‘lgan yigitlarning iste’dodi, mahorati, imkoniyatlari birinchi raqamli bokschilarimizdan kam emas. Ayni paytda, terma jamoamizga kirishga nomzod bo‘lgan, hozircha ikkinchi, uchinchi, xatto to‘rtinchi raqamli bokschilarimizning aksariyati O‘zbekiston chempionatlarida oltin medal ola bilmagan. Lekin ular boshqa mamlakatlarda albatta chempionatni yutib, terma jamoasi asosiy tarkibidan muqim joy olgan bo‘lardi. Chunki bizda terma jamoaga nomzod bo‘lganlar boshqa ko‘plab mamlakatlarning asosiy bokschilaridan ustun. Sababi bokschilarimiz yoshligidan kuchli raqobatga dosh berib ulg‘aymoqda.

Men bugun o‘z iste’dodini namoyon qilgan har bir bokschi kelajakda o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishiga ishonman.

- Shohjahon, havaskorlar o‘rtasida ideal bokschi kim?

- Bektemir Meliqo‘ziev.

- To‘g‘risini aytsam, bu savolga Olimpiya o‘yinlari va Osiyo chempioni, 2016 yildagi jahonning eng kuchli bokschisi, Vel Barker kubogi sohibi Hasanboy Do‘smatov, deb javob berishingizni kutgandim. Ko‘pchilik Hasanboyning zo‘rligini tan oladi.

- Men ham Hasanboyning zo‘r bokschi ekanini tan olaman. Lekin har bir inson kabi mening ham shaxsiy fikrim bor. Men O‘zbekistonning yaqin kelajakdagi boks yulduzi Bektemir Meliqo‘ziev bo‘lishiga ishonaman.

- Bu fikringizni qanday izohlaysiz va Bektemirning qaysi xususiyatlarini alohida ko‘rsatgan bo‘lardingiz?

- Bektemirning ustunligi u har qanday raqibni engish usulini bilishida. Zarbalari aniq, zalvorli, himoyasi mustahkam. Zarbasini egan bokschi uning kuchini darov his qiladi. Ringda Bektemirga qarshi turish qiyin.

U hali yosh. Demak, tajribasi oshgani sari uning boksi yanada kuchayib boraveradi. Agar Bektemir hozirgiday o‘z ustida ishlashni kanda qilmasa, ringda ko‘p yutuqlarga erishadi. Hatto Tokio Olimpiadasida oltin medal olishga ham qurbi etadi.

- Yana qaysi bokschilarimizning mahoratini tilga olgan bo‘lardingiz?

- Isroil Madrimov juda sabrli bokschi. Janglarini kuzatsangiz, u qachon zarba berish kerakligini bilishini ko‘rasiz. So‘nggi bir yil ichida juda katta o‘sishga erishdi. Shuningdek, Shahobiddin Zoirov, Elnur Abduraimov, Shahram G‘iyosov ham o‘z vazn toifasida o‘ta kuchli bokschilar sirasiga kiradi.

- Siz ham havaskor boksda qolganingizda balki terma jamoaning asosiy tarkibidan joy olgan bo‘lardingiz. Professional boksga erta o‘tib ketganman, deb afsuslanmaysizmi?

- Men o‘z vaqtida O‘zbekiston chempionatlarida g‘olib chiqqan va terma jamoaga nomzod bokschilardan bo‘lganman. Balki profiboksga o‘tmaganimda men hozir terma jamoa a’zosi bo‘lishim ham mumkin edi. Lekin qaror qabul qilib bo‘lganman va bundan sira afsuslanmayman. Bokschi sifatida nimalarga qodirligimni professional ringlarda ham sinab ko‘rishim mumkin.

                                   Oldimda  AQSh ringlarini zabt etish masalasi turibdi
Shohjahon Ergashev bilan suhbatimizning uchinchi qismi uning professional boksdagi faoliyatiga bog‘landi. Suhbat jarayonida Shohjahon ringga o‘zbek do‘ppisi bilan chiqish fikri kimga tegishli ekanini va o‘z maqsadlarini oshkor qildi...

Davomi bor... 

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!