
Sulsherning MYusi sinovdan o‘tdimi? (Erkin G‘aybullaev blogi)
Ikkala tomon ham bir taymdan bo‘lishib ancha xavfli vaziyatlar uyushtirishdi. «Qizil iblislar» birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazishgan bo‘lsa «taqachilar» ikkinchi bo‘limda jonbozlik ko‘rsatishdi. Xo‘sh, uchrashuvdan qanday xulosalar chiqarish mumkin?
- Pol Pogba – haqiqiy o‘yin qahramoni
Pogba haqida, uning ayni vaqtda qanchalik yaxshi ekanligi haqida ko‘p va xo‘p yozildi, mubohasalar uyushtirildi. U barcha tanqidlarga munosib javob berdi. Frantsiyalik yarim himoyachi buni Joze Mourinoning iste’fosidan beri isbotlashni kanda qilmayapti.
Pogba «Uembli»da super formasini namoyish qildi. Himoyalanish bilan birga jamoasining qarshi hujumlarini ham aniq paslari bilan rivojlantirib turdi. Hujumga ko‘proq qo‘shilishga ruxsat olgan yarim himoyachi «taqachilar» uchun haqiqiy boshog‘riqqa aylandi. O‘yindan keyin u Frenk Lemparddan ruxlanishini tilga oldi. U xuddi «Chelsi»ning sobiq etakchisi kabi o‘ynamoqda.
Mussa Sissoko uni birinchi bo‘limda to‘xtatishga urinib ko‘rdi. O‘yinning ko‘p qismida buni uddasidan ham chiqa oldi. Ammo bu vazifa unga qiyinlik qildi va birinchi bo‘lim yakuniga ikki daqiqa qolganida jarohat olib maydonni tark etdi. Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas Pogbaning qarshi hujumga chaqmoqdek o‘tishi Markus Reshfordning goli bilan tugadi.
Pogba ikkinchi bo‘limni birinchisidagidek o‘tkaza olmadi. Kamroq uzatmalar berdi, ammo hamma joyda hozir-u nozir bo‘ldi. Hullas, haqiqiy o‘yin qahramoni bo‘ldi.
- Pochettino jahon darajasidagi murabbiy!
«Taqachilar» birinchi bo‘limda qiynalishdi. Ular to‘pga egalik qilish bo‘yicha etakchilik qildi, maqsadi ham aniq edi – gol urish! Ammo mehmonlarning har bir hujumidan gol hidi kelib turdi. Sissokoning barvaqt jarohat olishi ham ularning o‘yiniga ta’sir qildi.
Tanaffusda esa Maurisio Pochettino romb shaklida o‘ynagan yarim himoyasini 4-2-3-1 ga o‘tkazdi. Bu ularga jon berdi va ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratishni boshladi. Ammo David De Xeaning super seyvlari gol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.
Kuchli oltilikdagi raqiblariga nisbatan kuchsizroq tarkibga ega «taqachilar» oddiy taktik o‘zgarishlar evaziga o‘yinda burilish yasashmoqda. Bu Pochettinoning jahon saviyasidagi murabbiy ekanligini isbotlaydi. Shu tufayli ham uning kashfiyotlari transfer bozorida talabgirga aylangan.
- Hujumdagi tezlik - tajovuzkor
Oddiy tamoyil, shunday emasmi? Har qanday himoyaga qarshi tezkor futbolchilarni «tashlash» kerak bo‘ldi. Ularga qarshi himoyalanishda to‘g‘ri qaror qabul qilsangiz ham tezkor futbolchilar baribir “teshik”ni topishadi va sizni osonlikcha taslim qiladi.
Ole Gunnar Sulsher qo‘li ostida MYu hujumda to‘liq tezlikni ishga solmoqda. Tezkor futbolchilar boshlashmoqda va to‘p chiziqlar orasida yuqori darajada aylanmoqda. Ko‘rinib turibdiki, norvegiyalik murabbiy shogirdlaridan to‘pga kamroq teginishni talab qilgan.
- De Xea – yana tengsiz
David De Xea o‘tgan mavsum tugaganidan beri eng yaxshi o‘yinlarini o‘tkazolmay kelayotgandi. U Jahon Chempionatida ko‘proq gollar o‘tkazib yubordi. «Old Trafford»da ham bu ishini davom ettirdi. Bu uning to‘satdan yomonga aylanib qolganini anglatmaydi. Shunchaki klub gol o‘tkazib yuboradigan jamoaga aylanib qoldi.
Sulsher qo‘li ostida ispaniyalik darvozabon yana chaqnay boshladi. Ammo «taqchilar»ga qarshi uchrashuvgacha u yorqin o‘yinini o‘tkazmagandi. U raqibning ko‘plab hujumlarini ajoyib seyvlari bilan yo‘qqa chiqardi.
Ikkinchi bo‘limda u har qanday boshqa darvozabondan ham ko‘proq seyvlarni ijro etdi. U yana eski sport formasiga qaytganini ko‘rsatdi.
- Susher imtixondan o‘tdi
Sulsherning tayinlanishidan keyin klub osongina raqiblar to‘sihidan o‘tib kelayotgandi. Uning dastlabki besh uchrashuvining barchasida g‘alabaga erishildi.
Bu uchrashuv Sulsherni ko‘p jihatdan imtixondan o‘tkazdi. «Manchester Yunayted»da amalga oshirayotgan o‘zgarishlari ancha sezilarli va ular kuchli raqibga ham muammo tug‘dira olishini isbotladi. Ularning taktik ishlanmalari samara berdi.
Albatta unga bir tarafdan darvozabon ham yordam berdi. Agarda u Lindelyofga munosib sherik topa olsa raqiblarning xavfli hujumlari yakun topadi.
Ushbu o‘yin norvegiyalik mutaxassisning MYu da qatorasiga olti marta erishgan g‘alabasi bilan yakun topdi. Sulsher uchun barchasi muvaffaqiyatli tarzda boshlandi. Ehtimol u shunday ruxda ishlashda davom etsa «Old Trafford»ga boshqa murabbiy kelmasligi ham mumkin.
Fikrlar