
“Surxon”dan “Termizcha” yurish yoxud Rustam Mirsodiqov “Surxon”da
Vaqt o‘tgan sari pro-ligadagi kurash va undagi intriga ham qizigandan qizib boryapti. Tabiiyki, barcha e’tibor “A” guruhiga qaratilgan. Superliganing yangi ishtirokchisi nomi hozirdanoq qizg‘in bahs-muhokamalarga sabab bo‘layotgani ham rost. Hozirga kelib esa turnir jadvalida quyidagicha ko‘rinishga ega: “Andijon” jamoasi 41 ochko bilan yakka peshqadamlaga aylangan bo‘lsa, “Surxon” 36 ochko bilan 2-o‘rinda boryapti. Farg‘onaning “Istiqlol”i esa 35 ochko bilan uchinchi o‘rinda. Superliga uchun asosiy da’vogarlardan biri hisoblangan “Mash’al” esa 33 ochko bilan 4-o‘ringa tushib qolgani yanada ajablanarli.
Tan olish kerakki, “Andijon” klubi Superliga uchun dadil qadam tashlayapti. Ayniqsa, yaqin ta’qibchilarini sezilarli darajada ortda qoldirayotgani sababli hozirdanoq andijonliklarni bir oyog‘i bilan Superligaga chiqarib qo‘yishayotgani ham bor gap. Darhaqiqat, intriga yuqoriligi bois u erda ham bir qator kutilmagan natijalar kuzatilyapti. Lekin “Andijon” jamoasi hozircha o‘zi ishtirok etayotgan o‘yinlarda, ayniqsa, ta’qibchilariga qarshi bellashuvlarda omadli ishtirok etyapti. Termizda “Surxon”ni yirik hisobda enggani, o‘z uyida “Masha’l”ni ham mag‘lub etishi natijasida ulardan ilgarilab ketyapti. Lekin o‘z maydonida “Sho‘rtan”ga imkoniyatni boy bergani kutilmagan holat bo‘ldi. Aslida esa g‘uzorliklar etakchilarning “kushandasi”ga aylanib bormoqda. Ular birinchi bosqichda ham “Andijon” maydonida g‘alaba qozonib qaytgandi. Bu safar ham ushbu ishni takrorlashdi. Qolaversa, Termizda “Surxon”ni ham engga oldi. Darvoqe, shu o‘rinda “Surxon” haqida to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmasdi. O‘z uyida “Andijon”ga yirik hisobda yutqazib qo‘yganidan keyin “Norin” maydonida sal bo‘lmasa yana mag‘lubiyatga uchrashi mumkin edi. Ammo so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Bosh murabbiylikka Igor Shkvirin kelgan paytida ko‘pchilik “Surxon”ning Superligaga chiqish imkoniyatlarini ancha yuqori baholashgandi. Ammo tajribali murabbiy hozircha qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ko‘rinib turibdiki, har qanday mutaxassis ham pro-ligada ham birdaniga ishlab keta olmaydi. Shkvirin bungacha sobiq oliy ligada ishlab o‘zini ko‘rsatgan, uning havosini yaxshi biladi. Ammo bu – pro-liga! Balki Shkvirin bu chempionatning muhitiga hozircha moslasha olmayotgandir. Chunki “Surxon” ushbu murabbiy boshchiligida o‘z yo‘lini topib olganicha yo‘q. Garchi maqsadi jiddiy bo‘lsa-da, qimmatli ochkolarni yo‘qotayotgani mahalliy muxlislarni qattiq havotirga solmoqda. Hatto “Andijon”ga yirik hisobda yutqazib qo‘yganidan so‘ng Igor Anatolevichning ishdan bo‘shaganligi haqidagi xabarlar ham tarqadi. Chunki murabbiy bir-ikki kun jamoa mashg‘ulotiga kelmagan. Lekin keyinchalik bu xabar asossiz bo‘lib chiqdi. Shunga qaramay, klub rahbariyati “Surxon”ni Superligaga olib chiqish yo‘lidan qaytmagan ko‘rinadi. Boisi, endilikda jamoada tajribali Rustam Mirsodiqov ham ishlaydigan bo‘ldi. Uning yana futbolga qaytgani keng jamoatchilikni bee’tibor qoldirgani yo‘q. Ma’lumki, Rustam To‘xtamurodovich 2008 yildan 2017 yilgacha “Metallurg” klubini boshqarganini yaxshi bilasiz. Qolaversa, u murabbiylik faoliyati davomida “Paxtakor”, sobiq “Do‘stlik”, “Qizilqum”, “Lokomotiv”, “Navbahor” kabi klublarda ham ishlagan. “Surxon” esa Mirsodiqovning faoliyatida yangi jamoaga aylandi. Xo‘sh, ushbu murabbiyning “Surxon”da ish boshlagani nimani anglatadi? Tabiiyki, endi Shkvirin va Mirsodiqov tandemi hosil bo‘ldi. Bu ikkala murabbiy bir-biri bilan juda ahil. Hattoki, bungacha ham ular “Metallurg”da birga ishlashgan. Shkvirin Olmaliqdan ketgan paytida Mirsodiqov uni o‘z jamoasiga selektsioner murabbiy sifatida ishga olgandi. Qaytar dunyo deganlaridek, endilikda Shkvirin Mirsodiqovni hamkorlikka chorladi. Lekin farqi shundaki, Igor Anatolevich hozirgi paytga kelib biroz mushkul vaziyatga tushib qolgan. Shuning uchun Mirsodiqovni darhol yordamga chorladi. Maqsad bitta: faqat Superligaga chiqish. Hali mavsum davom etishini hisobga olsak, oldinda o‘yinlar ko‘p. Shu bois termizliklar oldindan taslim bo‘lishmoqchi emas. Shunday ekan, hozirgi qiyin paytda Mirsodiqov nomzodi ma’qullangan holda “Surxon”dan o‘ziga xos tarzda “termizcha” yurish bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz Mirsodiqov bilan yangi ishga o‘tgani bilan tabrikladik va suhbatlashish niyatimiz borligini ham bildirdik. Ammo o‘zi birinchi o‘yinni o‘tkazib olganidan so‘ng gaplashishga rozi bo‘lishini aytdi. Demak, Termizda “Dinamo”ga qarshi uchrashuv uning uchun muhim ahamiyatga ega.
Hech kimga sir emaski, Rustam To‘xtamurodovichning futbolimizda o‘z o‘rni va mavqei bor. Uni hamma hurmat qiladi. Hozirgi sharoitda esa “Surxon”ga Mirsodiqovning tajribasi qo‘l kelishi mumkin. To‘g‘ri, u jamoada texnik direktor sifatida ish boshladi. Biroq “Surxon”ni Superligaga olib chiqish uchun Shkvirin bilan birgalikda mehnat qilishi shubhasiz. U murabbiy, shunday ekan, texnik direktorlik lavozimi shunchaki qog‘ozda yoziladi, amalda esa Rustam To‘xtamurodovich butun e’tibori va tajribasini ishga solgan holda “Surxon”ni o‘z maqsadi sari etaklashga urinib ko‘radi. Tan olish lozimki, Shkvirinning bir o‘zi qiynalib qolgandi va jamoani Superligaga olib chiqa olmasligi ko‘rinib qolgandi. Mana shunday paytda Mirsodiqovdek mutaxassisning kelishini esa go‘yoki qutqaruvchi rolida ko‘rishimiz ham mumkin. Lekin bundan buyog‘iga termizliklarning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Ularning asosiy raqibi esa “Andijon”. Lekin hali andijonliklar ham bir tur dam oladilar. Shuning uchun “A” guruhidagi kurash va intriga oxirigacha davom etadi.
“Mash’al” esa negadir kurashdan chetga chiqqandek tasavvur uyg‘otmoqda. Hattoki, “Istiqlol”ni ham o‘zidan oldinga o‘tkazib yuborib, o‘zlari 4-o‘ringa tushib qolishdi. Yozda shunday gap tarqagandi: ya’ni, “Mash’al”da Superligaga chiqish vazifasi kun tartibidan olib tashlangan! Chunki klubda moliyaviy tomondan muammolar yo‘q emasdi. Ammo bu qanchalik haqiqatga yaqin qorong‘u. Lekin jamoaning qayd etayotgan natijalaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, o‘sha aytilgan gap-so‘zlar rostga o‘xshab ko‘rinmoqda. Bu yoqda esa “Dinamo” klubi “otni qamchilab” kelayotganini ko‘rish mumkin. Farg‘onada esa “Istiqlol” ham bo‘sh kelgisi kelmayapti. Mana shunday vaziyatda “Surxon” klubi o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘yishi katta ehtimolga aylanib qolayotgandi. To‘g‘ri, Mirsodiqov sehrgar emas, ammo u ham biror ishni bajarishga ko‘zi etmasa kelmasa kerak-a?! Bu esa “Andijon” va Eldor Sakaev uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lsa ham ajab emas. Quvonarlisi shuki, endi pro-ligadagi murosasiz va kurash bundan-da qizg‘in tus oladi. Shu bois nafaqat “Surxon”, balki yuqori o‘rinlardagi boshqa jamoalarning ham ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Shkvirin eplay olmayotgan ishni, Mirsodiqov qanchalik bajara olishi ham biz uchun juda qiziq. “A” guruhidagi kuchli intriga futbolimiz uchun qanchalik foydali ekanligini vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek JO‘RAEV.
Fikrlar