Yozgi biatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi

CHERY AUTO

Chirchiq shahridagi Jaloliddin Manguberdi sport majmuasida yozgi biatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi. S.Nichipurenko xotirasiga bag‘ishlangan musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi sprint dasturi 4000 metr masofada o‘tkazilib, uni Surxondaryo viloyati vakili, sport ustasi  Vitaliy Slastyon 15 daqiqa 59 soniyada bosib o‘tdi. Undan 14 soniya ortda qolgan farg‘onalik Muzaffar Mamasoliev ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buxorolik sportchi Uyg‘un Zamonov esa finishga peshqadamdan 26 soniya kechroq etib kelgan.

Chempionatning ikkinchi kuni ta’qib poygalari ham murosasiz ko‘rinish oldi. Dastlabki o‘rin sohiblari ta’qibchilarini etib olishlariga imkon yaratishmadi. Vitaliy Slastyon yana birinchi, Muzaffar Mamasoliev esa ikkinchi bo‘lib marraga etib kelishdi. Uchinchi o‘ringa esa namanganlik Doniyor Qurbonaliev sazovor bo‘ldi. Qisqa tanaffusdan sung yana mamlakat chempionatida qatnasha boshlagan iqtidorli sportchi Murod Hojiboev to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Musobaqalarda 15 yoshli sportchilarni ham startga chiqib, kattalar o‘rtasidagi chempionatda etakchilik uchun kurashganini alohida ravishda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston birinchiliklarining samarasi sifatida qarash mumkin. Bundan tashqari yoshlarning terma jamoamiz tarkibida jahon kubogi va chempionatlarida  tajriba orttirgan sportchilarimizga qarshi tengma-teng kurash olib borayotgani respublikamizda iqtidorli yoshlarning ko‘pligi, ularni saralash va xalqaro musobaqalarga tayyorlash uchun hali ko‘p mehnat qilishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda, – deydi chempionat bosh hakami, respublika texnik va amaliy turlari markazi bosh direktori o‘rinbosari Sh.Ismatullaev.

Chempionatning ayollar o‘rtasidagi sprint bahslari 3000 metr masofada tashkil etildi. Unda samarqandlik sportchilar etakchilik qilishdi. Madina Sagatova (15 d. 57 s), Sevara Chorieva (18d. 07 s) hamda E’zoza Xoshimova (18d.52s) kuchli uchlikdan joy olishdi.

Aynan shu sportchilar ta’qib poygalarida raqiblarini quvib etishlariga imkon berishmadi. Har ikkala yo‘nalishda Toshkent, Namangan, Farg‘ona viloyati sportchilari etakchilarning asosiy ta’qibchilari bo‘lishdi.

Umumjamoa hisobida Samarqand viloyati sportchilari birinchi, Surxondaryo viloyati vakillari ikkinchi, Farg‘ona viloyati biatlonchilari uchinchi o‘rinni egallashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!