Alonso braziliyaliklarni yo‘qotadi. “Real” Vinisius va Rodrigoni sotishga tayyor
“Real”ning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso o‘zi boshqarayotgan loyihaning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun tarkibda kutilmagan va jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ispaniyaning nufuzli manbasi – fichajes.net saytining yozishicha, “Qirollik klubi” braziliyalik legionerlar – Vinisius Junior va Rodrigoni sotib yuborish variantini o‘rganib chiqishga kirishdi.
Klub xo‘jayini Florentino Peres hujum chizig‘ini qayta tashkil qilish rejasi asosida har ikki legionerni sotib yuboriladigan futbolchilar ro‘yxatiga kiritdi. Manbaga ko‘ra, klub bu o‘yinchilar transferidan umumiy hisobda 350 million evrodan ortiqroq mablag‘ ishlab olishni ko‘zlayapti.
Madridliklar bu ikki transferdan tushgan summani hujum chizig‘ini yangilashga yo‘naltiradi. Florentino Peres anchadan beri o‘z jamoasining oldingi chizig‘ida Kilian Mbappe va Erling Xoland tandemi o‘ynashini orzu qilib keladi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, “Qirollik klubi” yozda norvegiyalik to‘purarni “Manchester Siti”dan olishga harakat qilib ko‘rish ehtimoli oshib bormoqda.



Fikrlar