Amit Pangal: "So‘zlarimni Hasanboy Do‘smatovga etkazib qo‘ying" ...

  • 18 may, 2020, 22:26
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Hindiston boksi jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Bunga so‘ngi yillarda erishayotgan muvaffaqiyatlari hamda yirik turnirlarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Kuba kabi etakchi mamlakat vakillariga jiddiy raqobat tug‘dirayotganligi misol bo‘la oladi. Ayni kunda mazkur yurt havaskor boksida eng yorqin yulduz shubhasiz, Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlari chempioni, jahon chempionati kumush medal sohibi Amit Pangaldir.

Uni yurtdoshimiz Hasanboy Do‘smatov bilan bo‘lgan bir nechta to‘qnashuvlari, qolaversa, Ekaterinburgdagi jahon chempionati finalida Shahobiddin Zoirovga qarshi ringga chiqqani orqali yaxshi bilasiz... Xullas, ajoyib bokschi!

Biz ushbu hind charmqo‘lqop ustasi bilan Sports.uz sayti uchun maxsus suhbat uyushtirdik.

- Amit sizga quyoshli O‘zbekistondan salomlar!

- Hindistonlik boks muxlislari hamda o‘zimning nomimdan ayta olamanki, O‘zbekistonga va o‘zbek bokschilariga hurmatimiz cheksiz...

- O‘zingizga yangi imidj tanlabsiz.... Bu shunchaki imidjmi yoki o‘ziga xos talismanmi?

- Bunda hech qanday sir-sinoat yo‘q. Shunchaki, o‘zgartirdim.

- Mashg‘ulotlaringizda noodatiylikni ko‘ryapmiz... Bu murabbiy yuklamasimi yoki o‘zingizning fantaziyangizmi?

- Ha, bu o‘zimning uslubim, deb aytsam bo‘ladi. Lekin har qanday mashg‘ulotlarimni murabbiyim Anil Dxakar bilan maslahatlashib amalga oshiraman. Texnik mahoratim borasida esa, yana bir murabbiy Neva bilan ishlayman.

- Aytingchi mashg‘ulotlar jarayonida necha km yugurasiz?

- 10-15 km.

- Mashg‘ulotlaringiz jarayonidan suzish ham o‘rin olganmi?

- Albatta.

- Sizni O‘zbekistonda Hasanboy Do‘smatovni mag‘lub etganingizdan keyin tanishgan edi. Olimpiada chempioni, "Vela Barker" kubogi sohibini mag‘lub etaman, deb o‘ylaganmindingiz?

- Avvalo, shuni aytishim mumkin-ki, Hasanboyga hurmatim juda baland. U ajoyib bokschi! Albatta, u bilan 2017 yil Osiyo chempionatida va usha yili o‘tkazilgan Germaniyadagi jahon chempionati chorak finalida to‘qnash kelib, ikki bor mag‘lub bo‘lgandim. 2018 yil Jakartadagi Osiyo o‘yinlari esa, men uchun Hasanboyga qarshi oxirgi jang bo‘lishi mumkin edi. Boshqa yo‘lning yo‘qligi uchun ham g‘alaba qozonishimni his qilgan edim. Uni mag‘lub etish uchun kuchli ishtiyoq bor edi va bu ishni uddalaganman.

dщst

- Do‘smatov bilan o‘zaro hisob-kitoblaring hozircha durang, ya’ni 2:2. Hal qiluvchi to‘qnashuv professional boksda bo‘ladimi?

- Ha, haqsiz. Biz ikki yurt boks ixlosmandlarini xafa qilish niyatimiz yo‘q. Ikkimiz jahon boksida yuqori cho‘qqilarni zabt etganmiz va buni davom ettiramiz. O‘rtamizdagi 5-jang, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ladi. Aniqroq aytsam, professional boksda... Eshitishimga qaraganda, u profi yo‘nalishga o‘tgan. Men ham Olimpiadadan so‘ng, professional boksda omadimni sinab ko‘raman.

- Yana bir hamyurtimiz Shahobiddin Zoirov jahon chempionatida sizni mag‘lub etdi. Aytingchi, uning noqulay jihati nimada ekan?

- U yaxshi bokschi, qolaversa, amaldagi Olimpiada chempioni... Uning oyoqlari menikidan tezroq edi va yoshi ham kattaroq. U mendan ko‘ra, tajribali ekanligi o‘z so‘zini aytdi. Lekin men angladimki, jahon chempionatidagi kumush, Tokio Olimpiadasida oltinga aylanishi kerak. Ikki yildan buyon katta musobaqalarda navbat bilan kumush va oltin medalni qo‘lga kiritmoqdaman. Endi navbat oltinga keldi.

Iordaniyadagi litsenzion turnirda kutilmaganda yarim finalda mag‘lub bo‘ldingiz. O‘sha jangda mutlaqo o‘zingizga o‘xshamadingiz... Sabab nimada edi?

- Ha albatta, shu bilan birga Zoirov ham mag‘lub bo‘ldi. Buni Zoirov va mening strategik rejamiz desak, ham bo‘ladi (kulib). Ikkimiz ham Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz bilanoq, mag‘lubiyatga uchradik. Nima deb o‘ylaysiz, balki haqqiy ikki jangchi o‘rtasidagi bahs Olimpiada oltin medali uchun bo‘lgani yaxshiroqdir? Men va Shahobiddin o‘z vaznimizda 1- va 2-raqamda saralanganmiz. Shuning uchun, nima qilishni juda yaxshi bilamiz.

- Tokio Olimpiadasida ham eng asosiy raqobatchingiz Shahobiddin Zoirovmi?

- Shubhasiz,  u chempionlikka asosiy da’vogarlardan biridir. U bilan katta ehtimol bilan yo‘limiz yana kesishadi. Agar, Zoirov Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritmaganida juda hafa bo‘lar edim. Chunki, ikki kuchli jangchi muxlislar uchun ajoyib jang ko‘rsata oladi. Ammo, butun Hindiston mendan oltin medal kutmoqda. Men ularni ranjitmayman.

Shaxob,

 - Hindistonda ham sizga raqobat tug‘diradigan bokschilar bormi?

- Har bir vazn toifasida 2-3 nafardan jiddiy raqobatga kirisha oladigan bokschilar bor. Barchamiz sport ishqibozlarini xursand qilish niyatidamiz.

-  Umuman olganda, hind zaminida o‘zbek boksi haqida qanday fikrdalar?

- Yurtdoshlaringiz har doim biz uchun ideal raqib bo‘lishgan. O‘zbekistonda kuchli bokschilar ko‘p. Ular doimo, litsenziyalar va medallarga ega chiqishadi. Hindistonning Xaryana shtatidanman va shunday kunlar keladi-ki, mening shahrimdan ham Hindiston terma jamoasiga ko‘plab bokschilar olinadi. Va O‘zbekistonlik bokschilar kabi ular ham ulkan yutuqlarga erishadi.

- Aytingchi, yana qaysi o‘zbek bokschilarini bilasiz?

- Men uchun Hasanboy Do‘smatov baribir eng mashhuridir. Uni butun dunyo taniydi. Hasanboy bilan ko‘p gaplashmagan bo‘lsam-da, ammo unga juda hurmatim baland. Mendan har doim Hasanboy bilan shaxsan gaplashganmisiz, deb so‘rashadi. Uni juda beozor va sofdil yigit deb bilaman. Barcha hind muxlislari uni yoqtiradi

- Professional boksga ham taklif bormi, ya’ni promouterlik kompaniyalaridan shartnoma tuzishga undovchi chorlovlar bo‘ldimi?

- Bir nechta takliflar bo‘ldi. Lekin bu haqida o‘ylaganim yo‘q. Birinchi navbatda Olimpiada chempioni bo‘lish maqsadim va keyin yaxshi taklifni qabul qilaman. Hasanboyga o‘xshab Olimpiada g‘olibi bo‘lsam, yanada manfaatli takliflar bo‘ladi. Hasanboy nafaqat chempion, balki “Vela Barker” kubogini ham qo‘lga kiritgandi. O‘ylaymanki, 2021 yil ushbu sovrin meniki bo‘ladi.

- Nega, Hindistonda professional boks u qadar rivojlanmagan?

- Bilmadim. Ehtimol, bizda bu yo‘nalish uchun ko‘p mablag‘ sarflashni istamasalar kerak. Biroq, profida hamyurtimiz Vijender Singx yaxshi natijalar qayd etmoqda. O‘ylaymanki, men ham professional boksda ajoyib ko‘rsatkichlarga erishaman.

- Agar, profiga o‘tsangiz qaysi vaznni ma’qul ko‘rar edingiz?

- Bu haqida o‘ylaganim yo‘q. Bor diqqat-e’tiborim Olimpiadaga qaratilgan. Mazkur turnirdan keyin bu borada murabbiylar bilan maslahatlashib, ish tutamiz.

- Mazmunli suhbat uchun tashakkur, balki o‘zbek boks muxlislariga tilaklaringiz ham bordir...?

- Albatta! Musobaqalarda ular menga har doim hurmat ko‘rsatishgan. Men ham ularni juda hurmat qilaman. Hasanboy ustidan g‘alaba qozonganimda qanday xursand bo‘lgan bo‘lsam, Zoirovga mag‘lub bo‘lganda bu xursandchiligim aslo kamaygani yo‘q. Men o‘zbek muxlislariga oilam va o‘zim nomimdan chuqur minnaddorchilik izhor etmoqchiman. Va oxirgi so‘zimni shaxsan Hasanboyga etkazishni unutmang! Uni o‘z to‘yimga taklif etmoqchiman. To‘yimda albatta , yonimda bo‘lishi kerak. Uni munosib kutib olaman. Hasanboy butun Hindiston seni hurmat qiladi va yaxshi ko‘radi!

ok

Ahmadbek EShMATOV hamda Jalol AHMEDOV suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!