
Ana xolos! "Paxtakor" Turg‘unboevning transferi bo‘yicha yarim pulni ham to‘lamagan yoxud "Navbahor" prezidenti tortishuv bo‘yicha nima dedi?
“Navbahor” – “Paxtakor” o‘rtasidagi o‘yin bo‘yicha bahs-munozaralar yana davom etyapti. Ayniqsa, uchrashuvdan keyin yuz bergan janjal videosi tarqalgach, gap-so‘zlar ko‘paymoqda.
“Navbahor” klubi prezidenti Otabek Samatov ham ushbu janjalda ko‘rinish bergan, ya’ni, videoda uning so‘zlari keltirilgan.
Xullas, o‘yin atrofidagi mashmashalar tugamayapti. Samatov esa chiqarilgan videoga nisbatan o‘z munosabatini bildirar ekan, bunga nima sababligini ham ochiqladi.
- Ijtimoiy tarmoqlarda chiqarilgan video bo‘yicha gapirsam, “Paxtakor” futbolchilari zinapoyadan chiqayotgan paytda ko‘pchilikni haqorat qildi va bittasi “namanganliklar o‘zi odam emas”, degan gapni aytdi. “Paxtakor” o‘yinchisi Abror Ismoilov esa, muxlislarni onasidan kelib, haqorat qildi. Bunga guvoh ham bor. Aynan shu gapdan keyin janjal chiqdi. Men ichki ishlar xodimiga “bu odam emas deyapti”, degan gapni aytganman. Lekin mening gaplarimni boshqacha talqin qilishyapti. Bizni aybdor sifatida ko‘rsatishyapti. O‘sha vaziyatda “Paxtakor” klubining ma’muri atayin meni videoga olib chiqarganining sababi bor.
Ular hali Azizbek Turg‘unboevning pulini to‘lashmagan. Biz “Paxtakor” bilan qonuniy kelishganmiz. O‘sha uchrashuvdan oldin “Paxtakor” klubiga xat bilan chiqdik. Turg‘unboev ikki milliard olti yuz ming so‘mga sotilgan bo‘lsa, shuning besh yuzini ikkiga bo‘lib o‘tkazib bergan. Yana ikki milliard bir yuz ming qolgan. Shartnoma shunaqa tuzilganki, biz “Paxtakor”ga 1 martga qadar muxlat berganmiz. Agar o‘sha kungacha pulni to‘liq to‘lamasa, undan u yog‘iga har bir kun uchun ma’lum miqdorda ustama puli qo‘shilib borishi aytilgan. “Paxtakor” esa boshqalarni aralashtirib, shaxsan o‘zimga aloqaga chiqyapti. Ya’ni, “bunday yo‘l tutmanglar, kelishib hal qilaylik”, degan mazmunda. O‘yindan oldin esa, “Paxtakor”ga “Turg‘unboevning pulini to‘lamagansizlar, shuning uchun uni “Navbahor”ga qarshi kechadigan o‘yinlarda maydonga tushirmanglar”, degan mazmunda xat yuborganmiz. Axir ular “bizdan ustama puli olmanglar”, deganidan keyin, men ham o‘z klubimni himoya qilyapman, har tomonlama. Xullas, ular Azizbekni maydonga tushirishdi. Uchrashuvdan keyin “Paxtakor” sport direktori Ja’far aka Irismetov bilan gaplashdim. U “bu borada xat qilib beringlar”, degandi. Shu bois, rasmiy xat bilan murojaat qilgandik. Ular esa “penya”sini olmanglar, shundoq ham pulimiz yo‘q,” degan gaplarni aytishyapti. Natijada biz ham ularga shart qo‘ydik: “agar Turg‘unboev maydonga tushirilsa, u holda biz ham hamma pulni talab qilamiz”!
Endi esa ular boshqacha yo‘lga o‘tishyapti. O‘sha tortishuvli vaziyatni kim videoga olganini bildim. Yana qaytaraman: men o‘shanda “bular odam emas”, deganim yo‘q. Faqat ichki ishlar xodimiga kelib, “bular odam emas deyapti”, dedim. Faqat oxirgi so‘zim namangancha shevada boshqacha eshitilgan. Holbuki, “Paxtakor” futbolchisi kiyinish xonasiga kirib ketayotib, “namanganliklar odam emas”, dedi. Buni hammamiz eshitdik-da, keyin unga e’tiroz bildirdik. Tabiiyki, bunday paytda hamma reaktsiya ko‘rsatadi. “Paxtakor”ning boshqa futbolchilari hech kimga hech nima demasdan kirib ketishdi. Bu erda ayrimlar “provokatsiya” qilishdi. Ular meni yomon ko‘rsatishmoqchi. Ammo men rahbar sifatida o‘z klubimni himoya qilishim kerak-ku! Qolaversa, bejizga kimnidir ranjitish mening tarbiyamga to‘g‘ri kelmaydi. Turg‘unboev masalasida aytganimdek, ular bizning iltimosimizni bajarmasa, nega biz ularning iltimosiga “xo‘p”, deyishimiz kerak? Hurmat qilmasa, biz ham hurmat qilmaymiz.
Masalan, joriy mavsumning 1- va 3-turlaridagi “So‘g‘diyona” hamda “Nasaf” jamoalari bilan bo‘lgan o‘yinlarda jizzaxliklardan mag‘lubiyatga uchragan (0:1), qarshiliklar bilan esa durangga erishgan bo‘lsak-da (0:0), shu kuni stadionga yig‘ilgan muxlislar raqib jamoa futbolchilarini olqishlar bilan kuzatib qo‘yishdi. Bir so‘z bilan aytganda, muxlislarni kimdir “provokatsiya” qilmasa, ular hissiyotga berilmaydi. Namanganlik ishqibozlar ham ancha madaniyatli, - deya so‘zini yakunladi Otabek Samatov.
Fikrlar