
Ana xolos: Xolandga to‘rtta baquvvat xaridor chiqdi. Erling qaysi klubni tanlaydi?
“Manchester Siti”ning keyingi yillardagi eng zo‘r to‘purari Erling Xolandning klubdagi kelajagi mavhum bo‘lib turibdi.
Garchi klub unga yangi shartnoma bergan bo‘lsa-da, norvegiyalik futbolchi boshqa ligaga o‘tish fikridan qaytgani yo‘q.
Transfer News Live va El Nacional kabi nufuzli manbalarning ma’lum qilishicha, hozirning o‘zida Xolandga ish taklif qilayotgan to‘rtta grand klub bor.
Xususan, “Real”, “Barselona”, “Pari Sen-Jermen” va “Bavariya” 24 yoshli forvardni o‘z safiga qo‘shib olish uchun xarajat qilishga tayyor.
Erling Xoland yangi shartnomasiga o‘zini 100 million evro evaziga transfer qilish huquqi to‘g‘risida band kiritilishini talab qilmoqda. Agar tomonlar bu borada kelisha olsa, da’vogar klublar o‘z maqsadini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xoland “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan beri 119 ta rasmiy uchrashuvda ishtirok etib, 108 ta gol va 15 ta assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar