Anchelotti: "Marokashga qarshi ideal o'yin ko'rsatishimiz kerak"
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Jahon chempionati birinchi turida Marokashga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Italiyalik mutaxassis raqib jamoaning kuchini yuqori baholab, Braziliya har tomonlama mukammal o‘yin namoyish etishi lozimligini ta’kidladi.
"Marokash juda kuchli jamoa. Ularning tarkibida yuqori saviyadagi futbolchilar bor va ko‘pchiligi Evropada muvaffaqiyatli to‘p surmoqda. Biz bu jamoani juda hurmat qilamiz. O‘ylaymanki, qiziqarli va chiroyli o‘yin bo‘ladi.
Marokash har tomonlama yaxshi tashkil etilgan va mahoratli jamoa. Biz himoyada ham, hujumda ham, o‘tish fazalarida ham ideal o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. Himoyada juda hushyor bo‘lishimiz, standart vaziyatlarda esa samarali harakat qilishimiz lozim. Zamonaviy futbolda zaif jamoalar yo‘q.
Marokash Afrikaning eng kuchli terma jamoalaridan biri. Ular haqida finalchi yoki chempion sifatida emas, balki yaxshi tayyorlangan va kuchli raqib sifatida gapirish mumkin", — dedi Anchelotti.
Eslatib o‘tamiz, Braziliya va Marokash o‘rtasidagi bahs 14 iyun kuni tongda bo‘lib o‘tadi.

Fikrlar