"Andijon" lageridan daraklar: Jamshid Hasanov "Qizilqum"da, legionerlari uyga ketishdi, Kumikov-chi?

  • 31 avgust, 2020, 22:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Birinchi davrani g‘alabasiz yakunlagan “Andijon” klubida kuni kecha rahbariyat o‘zgarganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, ushbu jamoa bilan bog‘liq qanday muammolar hukm surayotgani barchaga ma’lum.

Ayniqsa, moliyaviy inqiroz tufayli “Andijon” boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi. Jamoa esa islohotlarga muhtoj edi. Ko‘rdingiz, “Andijon” birinchi davrani bir amallab yakunlab oldi. Tarkib jihatidan ham “Burgutlar” boshqalardan ko‘ra kuchsizroqligi ham bilinib qoldi. Aks holda jamoa birinchi davrani g‘alabasiz yakunlagan bo‘larmidi?

Xo‘sh, endi bundan buyon klubning taqdiri qanday kechadi? Ikkinchi davrada jamoada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? “Makro Farm Andijon” korxonasi rahbari, “Andijon” klubi ta’sischisiga aylangan Jur’at Quvvatov  jamoani mavjud qiyinchiliklardan qay darajada olib chiqib ketishini albatta vaqt ko‘rsatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi rahbar klubni qarzlari bilan qabul qilib olgan. Ko‘rinib turibdiki, uning oldida yangi vazifalar paydo bo‘ldi va oson bo‘lmagan ish jarayoni kutmoqda.

Afsuski, “Andijon” klubi transfer oynasi vaqtida tarkibini tuzuk-quruq o‘yinchi bilan kuchaytira olmadi. Holbuki, yaxshi saviyadagi futbolchilarni olib kelish orqali jamoani kuchaytirish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri edi. Lekin moliyaviy muammolar sababli yangi o‘yinchini taklif qilish tugul, hattoki tarkibdagi bor futbolchilarni saqlab qolish ham murakkab masalaga aylandi.

Aytaylik, jamoa etakchilaridan biri bo‘lib turgan yarim himoyachi Jamshid Hasanov ikkinchi davrani “Qizilqum”da boshlaydigan bo‘ldi. U esa birinchi davrada “Andijon”ning kiritgan yarmidan ko‘p goliga mualliflik qildi. Gol urmas hujumchilari uddalay olmayotgan ishni yarim himoyachi penaltidan bo‘lsa ham amalga oshirdi. Shuningdek, ikki nafar legioner himoyachi Dmitriy Zozulya va hujumchi Artyom Litvyakov yaqinda uylariga ketishgani ma’lum bo‘ldi. Ular “Paxtakor”ga qarshi bahsda ham ishtirok etishmagandi. Ma’lumotlarga ko‘ra ular 5 sentyabr kuni klub ixtiyoriga qaytib kelishlari kerak. Biroq ular chindan ham qaytishadimi yoki yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Yana bir asosiy masala bu bosh murabbiy bilan bog‘liq. Viktor Kumikov yangi rahbar bilan qanday til topisha oladi? Ularning fikri bir joydan chiqadimi? Bu ham o‘ylantirayotgan savollardan biri edi. Uzun-quloq gaplarga qaraganda, Kumikov iste’ofga chiqarib yuborlishi ham mumkin ekan. Shu kunlarda murabbiyning taqdiri borasida ikki tomon uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda. Ana shunda barcha masalaga to‘liq oydinlik kiritilishi kutilmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, Kumikovning klub bilan tuzgan shartnomasi mavjud. Ammo tarkibning hamon o‘sha-o‘shaligi, qaytanga yo‘qotishlar bo‘layotgani mahalliy muxlislarni tashvishlantirayotgani ham rost. Chunki ikkinchi davra hal qiluvchi pallaga aylanadi. Klub esa birorta g‘alabasiz holda turnir jadvalida oxirgi o‘rinda bo‘lishi ham tabiiy hol, aslida.

Yangilangan rahbariyat esa jamoani Superligada saqlab qolmoqchimi yoki hammasini boshidan boshlash uchun avvalo mustahkam poydevor qo‘yishmoqchimi? Lekin shunisi aniqki, “Andijon”ning o‘yinida o‘zgarish bo‘lmas ekan, ayniqsa, gol urmas hujumchilari bilan yana hech nima qila olmasligi katta ehtimol.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!