"Andijon" "Paxtakor"ning birdaniga uch nafar futbolchisini qo‘lga kiritdi
“Andijon” yozgi transfer oynasi vaqtida tarkibini yangi o‘yinchilar bilan to‘ldirish va kuchaytirish borasida selektsiya ishlarini faol tarzda olib bormoqda.
Klub matbuot xizmati “Paxtakor”dan uch nafar iqtidorli futbolchilar “Andijon” jamoasiga ko‘chib o‘tganini e’lon qildi.
Jumladan hujumkor yarim himoyachi Muhammadali Usmonov bilan shartnoma imzolandi.
Ma’lumot uchun, Usmonov 2004 yilning 9 dekabr sanasida Andijonda tavallud topgan. U “Paxtakor”ning U18, U21 va asosiy jamoalarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Joriy mavsumning birinchi qismida “Paxtakor” safida Superliga va O‘zbekiston Kubogida 2 ta o‘yinda maydonga tushdi va 1 ta gol muallifi bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, bosh murabbiy Maksim Shatskix o‘z vaqtida “Paxtakor”da ishlagan chog‘ida Muhammadali Usmonovni kashf qilgan. Umid qilamizki, iqtidorli hujumchi “Andijon”da o‘zining ajoyib o‘yinlari va gollari bilan muxlislarimizni xursand qiladi.
Iste’dodli hujumchi Otabek Jo‘raqo‘ziev bilan ham shartnoma imzoladi. Endilikda u mavsum oxiriga qadar ijara asosida “Burgutlar” safida to‘p suradi.
Ma’lumot uchun, Jo‘raqo‘ziev 2002 yilning 2 aprel sanasida Farg‘ona viloyatida tavallud topgan.
Faoliyati mobaynida bungacha “Bunyodkor farm”, “Olimpik” va “Paxtakor” tarkibida to‘p surgan.
Joriy mavsumning birinchi qismida “Paxtakor” safida 13 ta o‘yinda 3 ta gol urdi. Shuningdek, O‘zbekiston U23 terma jamoasida 26 ta uchrashuvda maydonga tushgan va 6 gol muallifiga aylangan.
“Andijon” “Paxtakor”ning yana bir tarbiyalanuvchisi Saidumarxon Saidnurullaevni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Ma’lumot uchun, Saidnurullaev 2005 yilning 13 aprel kuni Andijon viloyatida tavallud topgan. “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi 2023 yildan beri “Sherlar” tarkibida to‘p surib keladi. Joriy yilgi mavsumning birinchi qismida futbolchi “Paxtakor” tarkibida bitta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urgan va 1 ta golli pasni uzatgan.
Uchala o‘yinchi ham "Burgutlar"ning Tojikistondagi yig‘iniga qo‘shilishgan.
Eslatib o‘tamiz, bungacha "Andijon klubi polshalik himoyachi Kristian Novak va ukrainalik darvozabon Artyom Odintsovning transferlarini e’lon qilgan. Jamoa yana selektsiya ishlarini davom ettirmoqda.
Fikrlar