Andijonda belbog‘li kurash bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi
Joriy yilning 22-23 may kunlari Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi manejida belbog‘li kurash bo‘yicha ko‘plab jahon va Osiyo chempionlarini tayyorlagan, sport ustasi, belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempioni, viloyat belbog‘li kurash federatsiyasida ijrochi direktor sifatida uzoq yillar faoliyat yuritib, yuzlab shogirdlar tayyorlashga erishgan marhum Mamasoli Ismoilovning yorqin xotirasi uchun xalqaro xotira turnir tashkil etildi.

Mazkur belbog‘li kurash bo‘yicha xalqaro turnirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, davlatlaridan 200 nafarga yaqin sara polvonlar sakkizta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash tushishdi. Turnirda dastlab, tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Ochilish marosimida so‘z olgan Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov hamda Andijon viloyat belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Rustam To‘raxonovlar marhum Mamasoli Ismoilovning hayotligida belbog‘li kurashni viloyatda rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlari haqida to‘xtalib o‘tishdi va musobaqada sportchilarga omad tilashdi.
Shundan so‘ng turnirga start berildi.

Murosasiz va qizg‘in tarzda o‘tgan bellashuvlarda asosan mezbonlarning qo‘li baland keldi va yakunda qo‘ydagi polvonlar o‘z vazn toifalarida chempionlikka erishishdi:
- 57 kg. Kamron Ortiqov (Buloqboshi t.)
- 62 kg. Abdumalik Dilshodbekov (Oltinko‘l t.)
- 68 kg. Oybek Sultonov (Asaka t.)
- 75 kg. Nusratbek Sultonboev (Oltinko‘l t.)
- 82 kg. Husniddin Ro‘ziev (Oltinko‘l t.)
- 90 kg. Jasur Isroilov (Oltinko‘l t.)
- 100 kg. Oybek Muhamedov (Farg‘ona t.)
+100 kg. A’zam Anvarjonov (Oltinko‘l t.)
Musobaqa yakuniga etgach, g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.




Fikrlar