"Andijon"ning sobiq ustozi: "Ikkinchi davrada qaysidir klubda ish boshlashim ehtimoli katta"

  • 8 iyun, 2021, 22:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Ayni paytda ish bilan band bo‘lgan va buning aksi o‘laroq, dam olayotgan murabbiylar ham talaygina. Buning ustiga chempionatimizda birinchi davra tugamasidanoq bir qator klublarda bosh murabbiylar o‘zgarganini yaxshi bilasiz.

Masalan, “Andijon” klubida ham murabbiy o‘zgargan bo‘lib, Otabek G‘ulomxo‘jaev iste’foga chiqqanidan yaxshi xabardorsiz. Lekin ushbu yosh mutaxassisning xizmatiga qiziqish bildirayotgan jamoalar bor. Quyida u sports.uz saytiga bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Yangi chaqiruvlar to‘g‘risida

- Ha, menga qiziqish bildirayotgan jamoalar bor. Lekin aynan qaysi klublardan takliflar bo‘lgani xususida batafsil aytishim shart emas. Boshqalarga hurmatni saqlagan holda indamay turaman. Chunki har kimning o‘ziga yarasha varianti bo‘ladi. To‘g‘risi, hozir biroz dam olmoqchiman. Hali barchasiga ulguraman. Ammo meni ishga taklif qilayotganlar borasida shuni ayta olamanki, kimdir bosh murabbiylikka, yana kimdir klub infrastrukturasida ishlashim uchun chaqirishdi. Oldimda turgan bunday chorlovlar borasida o‘ylab ko‘rishga biroz vaqtim bor. Menimcha, ikkinchi davrada qaysidir klubda paydo bo‘lishim ehtimoli katta. Faqat qanday lavozimda ishga kirishishim o‘shanda bilinadi.

otabek2_6

"Andijon" haqida

- “Andijon” rahbariyatining futbolchilarni tog‘li hududda shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib bergani quvonarli. Bilasiz, jamoani jismonan va funktsional tarzda tayyorlab olish uchun tog‘li hudud bo‘lsa yanada yaxshi. Murabbiylar shtabiga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis olinganini eshitdim. Bu orqali futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga e’tibor qaratishyapti. “Andijon” birinchi davra oxiriga qadar beshta turda O‘zbekistonning etakchi klublari bilan o‘ynaydi. Lekin o‘ylaymanki, har bir raqibga qarshi o‘ynasa bo‘ladi. “Andijon”dagi murabbiylarga va futbolchilarga ishonaman. Ular oldinda turgan bahslarda munosib kurashishadi. Ular avvalo “Nasaf” bilan uchrashuv haqida o‘ylashyapti. Ikkinchi davra uchun tarkibga bir qator yangi futbolchilar kelishi haqida ham eshityapman. Agar shunday bo‘lsa va jamoa o‘yinini o‘z qo‘liga oladigan etakchilar bo‘lsa, “Andijon” o‘z so‘zini ayta oladi. To‘g‘ri, chempionatda tanaffusning kattaligi yaxshi emas. Baribir jamoalar maydonda bir xil holatda va sharoitda o‘ynashadi. Har qanday holatda ham “Andijon” uchun muxlislik qilib qolamiz.

o_1

Murabbiylikni sog‘inishi

- Albatta, murabbiylikni sog‘inasiz. Ammo kishi qaysidir paytda o‘ziga dam berishni ham bilishi kerak. O‘yinlarni ko‘rib turibman, Toshkentdagi uchrashuvlarga boryapman. Murabbiyning yana futbol bilan hamnafas bo‘lib turgani yaxshi. Chunki futbol bir joyda turmaydi, qandaydir yangiliklar bo‘lishi mumkin. Bevosita ularni kuzatishi mumkin. Rostini aytsam, dam olish jarayonida uzoq qolmayman va yangi ish joyda paydo bo‘lishim ham o‘zini ko‘p kuttirmaydi.

otabek_12

Chempionat xususida

- Bu yilgi chempionat juda qizg‘in o‘tyapti. Turnir jadvaliga qarasangiz, yaqqol autsayder yo‘q. O‘rtada turgan jamoa ketma-ket ikki-uchta o‘yinda yutsa va yuqoridagi klub buning aksini qilsa, o‘zaro o‘rin almashishi mumkin. Masalan, “Turon”da uch ochko bor. Agar keyingi o‘yinlarda maksimal ochkolarni yig‘a olsa, 10 ochkodan oshib ketadi. Jadvalda katta tafovut yo‘q, barchasi bir-biriga zich joylashgan. Chempionat shunisi bilan ham qiziq o‘tyapti. Ayniqsa, vodiy jamoalari o‘z uyida muxlislari qarshisidagi o‘yinlarni yutishi kerak bo‘ladi. Qolaversa, tarkib bo‘yicha nomdor o‘yinchilarni yig‘ib olgan, ammo shunga yarasha munosib o‘rinlarda yurmayotgan klublar ham bor. Ulug‘bek Baqoev boshqarayotgan “So‘g‘diyona” mavsumni ajoyib o‘tkazyapti. Murabbiy tarkibni saqlab qolib, unga ikki-uchta o‘yinchi qo‘shdi xolos va barqarorlikni saqlab qoldi. Murabbiyga ikki-uch yil kerakligini “So‘g‘diyona” misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Murabbiy o‘zgarishi ijobiy ta’sir qilgan klub sifatida “Metallurg”ni aytish mumkin. Jasur Abduraimov natijalarni yaxshilay olyapti. Safardagi uchrashuvlarda ham yutishyapti. Aksar klublarda barqarorlik bor. Ikkinchi davra ham juda qiziqarli o‘tadi. Muxlislar orasida yuqoridagi to‘rttalikni ajratib qo‘yishayotgani haqida ham eshityapmiz. Ammo hammasi oldinda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!