"Andijon"ning tojik klubiga qarshi o‘yinida 6 ta gol urildi
“Andijon” Tojikistonda davom etayotgan yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Tojikiston oliy ligasi vakili “Esxata” klubiga qarshi dastlabki nazorat uchrashuvida ishtirok etdi.
Bosh murabbiy Maksim Shatskix ikkala taymda ikki xil tarkibni maydonga tushirdi. Yangi o‘yinchilar ham “Andijon”dagi norasmiy bahsda debyutini o‘tkazdilar. Faqat Sunnatillo Hamidjonov bundan mustasno bo‘lib, u endi jamoaga qo‘shildi va keyingi bahsda maydonga tushadi.
O‘yin qiziqarli va hujumkor ruhda o‘tdi. Uchrashuvda andijonliklar tezkor gol urdi. Damir Temirovning pasidan so‘ng Saidumarxon Saidnurullaev ustalik bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 12-daqiqada “Esxata” vakillari muvozanatni tiklaganidan so‘ng yana “Andijon”da golli hujumlar sodir bo‘ldi. Damir Temirov juda qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Keyinchalik Usmonali Ismonaliev gol urdiyu, biroq ofsayd deb topildi. Shunga qaramay, "Andijon" jamoasini maydonga sardor sifatida boshlab tushgan Usmonaliev 17-daqiqada baribir o‘z maqsadiga erishdi. U birinchi gol muallifi Saidnurullaevning ajoyib pasidan so‘ng raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Birinchi bo‘limda boshqa gol urilmadi. Qolgani tanaffusdan keyin yuz berdi. Ikkinchi taymda boshqa tarkib maydonga tushirildi va sardorlik bog‘ichi Sardor Azimovga o‘tdi. Tashabbus esa to‘liq "Burgutlar" tomoniga o‘tdi. Avvaliga Shoxjahon Yorqinboev, oradan ko‘p o‘tmasdan Doniyor Abdumannopov o‘zlarini ko‘rsatishgan holda raqib darvozasini ishg‘ol qildilar. O‘yindagi oxirgi gol “Esxata” tomonidan kiritildi. Umumiy qilib aytganda, o‘yindagi ustunlik natijada aks etdi.
Shunday qilib, “Andijon” yozgi yig‘inidagi birinchi nazorat uchrashuvida 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Jamoamiz keyingi o‘yinni 22 iyul kuni Tojikistonning boshqa bir klubi – “Istaravshan”ga qarshi o‘tkazadi.
“Andijon” - “Esxata” – 4:2 (2:1).
18 iyul. Tojikiston. Guliston. “Natsbank” maydoni.
Bosh hakam: Xurshed Dadaboev
Yordamchi hakamlar: Murod Qurbonov, Shaodat Abdullaeva
Nazoratchi: Zoxir Hotamov
“Andijon”: Eldor Adhamov, Abubakir Ashurov, Muhammadali Abdurashidov, Bekzod Sulaymonov, Damir Temirov, Muhammadkarim Toirov, Bektemir Abdumannonov, Miraziz Muxamadaliev, Farhod Sohibjonov, Saidumarxon Saidnurullaev, Usmonali Ismonaliev.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Artyom Odintsov, Islom Mamatkazin, Kristian Novak, Abdurahmon Komilov, Sardor Azimov, Shoxjahon Yorqinboev, Altin Kreziu, Abdurahmon Abdullaev, Muhammadali Usmonov, Doniyor Abdumannopov, Otabek Jo‘raqo‘ziev.
“Esxata”: Izzat Tursunov, Dilshod Karimov, Sardor Xursandov, Soxib Xakimov, Abdurahmon Uzoqov, Diyor Shavqiev, Abdusamad Samadov, Ibrohim Eshonxonov, Xoji Abdumannon, Rustam Saburov, Baxtiyor Zaripov.
Gollar: Saidumarxon Saidnurullaev, 2 - 1:0. Rustam Saburov, 12 - 1:1. Usmonali Ismonaliev, 17 - 2:1. Shoxjahon Yorqinboev, 57 - 3:1. Doniyor Abdumannopov, 60 - 4:1. Ibrohim Eshonxonov, 66 - 4:2.
Fikrlar