Andrey Miklyaev: Maydonda kamchilik bo‘lib qolganimizda ham futbolchilar taslim bo‘lishmadi

  • 10 sentabr, 2020, 20:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” – “Lokomotiv” bellashuvidan so‘ng, mehmonlar bosh murabbiyi Andrey Miklyaev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Birinchi navbatda aytishim mumkinki, mana shunday qiyin o‘yinda uch ochkoni qo‘lga kiritganimizdan juda xursandmiz, - deya gap boshladi Miklyaev. - Maydonda hattoki 10 nafar futbolchi qolganimizda ham yigitlar jonbozlik ko‘rsatishdi. Chunki o‘zingiz ham yaxshi bilasiz, “Andijon”ga ham, “Lokomotiv”ga ham g‘alaba muhim edi. Shu sababli mana shunday uchrashuvda yutganimizdan mamnunman.

Xo‘sh, yana nima deyishim mumkin? Albatta, biz hozir tiklanish jarayonidamiz. Jamoaga kirishib ketayotgan yoshlar bor. Ularning to‘liq moslashishi uchun esa vaqt kerak. Tabiiyki, bugungi g‘alaba uchun yigitlarga rahmat. Ular oxirigacha kurashdi. Maydonda kamchilik bo‘lib qolganimizda ham futbolchilar taslim bo‘lmadi va jarima zarbasidan unumli foydalanishdi.

Mavsum boshidan beri safimizni 9-10 nafar etakchi tark etdi. Kimdir xorijga, yana kimdir o‘zimizdagi boshqa klublarga yo‘l oldi. Ko‘rib turganingizdek, hozir “Lokomotiv” ancha yoshargan. O‘z navbatida, biz ham ko‘proq yoshlarga e’tibor qaratyapmiz. Shundan so‘ng saviyani ko‘tarmoqchimiz.

Vadim Afonin jarohat olgani sababli bizga yordam bera olmadi. Uning yo‘qligi sezildi. Umuman olganda, jamoamizda 6 nafar o‘yinchi jarohatlangan.

Men yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, maydonning ahvoli talabga javob bermaydigan holatda bo‘lgani uchun biz barcha kutgan – o‘zimiz va ishqibozlar xohlagan o‘yinni namoyish eta olmadik. Shuni ochiq aytishim mumkinki, bu erdagi maydon hozirgi kunda eng yomoni. Bu maydonda yarim yil o‘ynalmagan bo‘lsa va maydon shunday ahvolda qolsa...maysalar o‘sib ketgan, to‘p yumalamayapti. Hattoki, maysasi yo‘q joylar ham bor. Qum sepilgan, ko‘rgan bo‘lsangiz, chang ko‘tarilyapti. Bu ham o‘yin sifatiga ta’sir o‘tkazdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!