
APLda chempionlik taqdiri so‘nggi turda hal bo‘ladimi?
"Ko‘hna qit’a"ning bir qator chempionatlarida chempion nomi ma’lum bo‘lib ulgurdi. Bu borada APL jamoalari hamon intirigani saqlab turishibdi. Bu esa Premer-liganing shiddatli va qiziqarli bahslari oldindaligining yana bir isbotidir.
So‘zimiz boshida chempionlik taqdiri so‘nggi turda hal bo‘lishi mumkin deb aytib o‘tgan edik. Bunga bir nechta sabablarni keltirib o‘tishimiz mumkin.
Birinchidan, 34-tur ortda qoldi, ammo chempionlik uchun kurashayotgan asosiy ikki jamoalar: “Manchester Siti” va “Liverpul” orasidagi tafovut atiga ikki ochkoni tashkil etmoqda. Bir yil oldin chempionat shu pallasiga kelganida, APLda chempion nomi aniq bo‘lib ulgurgan edi. Ayni damda turnir jadvalini boshqarayotgan “Liverpul” jamoasi 85 ochko to‘plagan. “Shaharliklar”da esa 83 ochko mavjud. To‘g‘ri, “Manchester Siti”da bitta o‘yin zaxirasi borligini ham esdan chiqarmaslik kerak.
Lekin, chempionatning qolgan to‘rt o‘yinida va zaxiradagi bir o‘yinida qaysi jamoalarga qarshi tushishini ham bir eslab o‘taylik. “Siti” ochko yo‘qotishi mumkin bo‘lgan jamoalar soni bisyor. “Shaharliklar” avvaliga o‘z uyida shu hafta o‘zlarini EChLdan chiqarib yuborgan "Tottenxem" klubi bilan bahs olib borsa, keyinchalik muxlislar Manchester derbisiga shohid bo‘lishadi.
Ma’lumot uchun, Manchester derbisi 24 aprel kuni "Old Trafford" stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu borada esa "Liverpul"ni aytarli ochko yo‘qotishi mumkin bo‘lmagan ikki asosiy raqib kutib turibdi. Dastlab 37-turda "Nyukasl" mehmoni bo‘lsa, so‘nggi turda "Enfild" da "Vulverxempton" klubini qabul qiladi. Garchi, bu ikki klub Gvardiola shogirdlari raqiblaridan kuchli bo‘lmasada, jamoalarga hurmat saqlagan holda shuni aytish kerakki, bu futbol va unda esa hamma narsa bo‘lishi mumkinligini biz o‘z ko‘zimiz bilan deyarli har kuni ko‘rmoqdamiz.
Darvoqea, “Manchester Siti” jamoasi ham oxirgi mag‘lubiyatini aynan o‘z uyida yaxshi natija qayd etadigan - "Nyukasl" klubidan qabul qilib olgan edi.
Ikkinchidan, xalqaro maydonda unchalik omadi kelmayotgan Gvardiola shogirdlari bu mavsum hisobidan maqtashga arzirli sovrin qo‘lga kiritishi so‘roq ostida qolmoqda.
"Shaharliklar" endi bor e’tiborini APLga qaratish kerakligini hammamiz yaxshi bilib turibmiz. Albatta, Klopp ham. Mavsum yakuniga kelib deyarli barcha kuboklarni qo‘lga kiritishga yaqin turgan "Siti" birdaniga ikki asosiy kubokdan mosuvo bo‘lib qolishqa yaqin keldi. Birinchisi qo‘ldan boy berildi ham (EChL).
Transferlarga millionlarni sarf etayotgan va mavsum yakunida klub faqatgina Angliya kubogi va Angliya liga kubogi bilan chegaralanib qolishi ham mumkin.
“Manchester Siti” jamoasini oldinda bir qator qiyin, ammo g‘olib chiqishi mumkin bo‘lgan uchrashuvlari bor. Isboti o‘laroq so‘nggi sakkiz o‘yinni olaylik (8ta g‘alaba, 21ta gol urgan va 2ta gol o‘tkazgan).
Uchinchidan, jamoalar shu darajada printsipiallikni yuzaga keltirishdiki, hatto APL to‘purarlar poygasida ham shu ikki klub futbolchilari karvonboshilik qilib borishmoqda (Muhammad Saloh 19ta gol, Serxio Aguero 19ta gol).
Jamoalar posbonlariga keladigan bo‘lsak. Bu borada ham mutlaq tenglikni ko‘rishimiz mumkin. Bu mavsum quruq seriyalar qayd etish borasida “Liverpul” posboni Alisson Bekker va “Siti” darvozaboni Ederson o‘z darvozasi dahlsizligini saqlagan o‘yinlar miqdori yigirmatani tashkil etmoqda.
Jamoalarning o‘zaro o‘yiniga kelsak, Premer-liga hisobidan ikki bor to‘qnash kelgan bo‘lsa, klublar har gal murosa yo‘lini tanlashdi. Balki, bu statistikalar o‘z yo‘ligadir. Ammo, bular shunchaki, statistika emas, bu jamoalarning kuchlari teng ekanligining dalilidir.
Hamma faktlarni bir chetga olib shuni aytish kerakki, uzoq vaqt chempionligi kutilayotgan "Liverpul" bu mavsum chempionlikka loyiq o‘yin ko‘rsatib kelmoqda desak hech mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Amaldagi chempionlar esa, kubokni saqlab qolishga va ular ham bunga haqli ekanini isbotlashga harakat qilishmoqda.
Demak, qaysidir jamoaning so‘nggi turda chempion bo‘lish ehtimoli yuqoriroq. Bu narsa esa bizga bir necha yil oldin bo‘lib o‘tgan mavsumni yodimizga olishga majbur qildi.
O‘sha mavsum davomida ham ikki Manchester jamoalari chempionat so‘nggiga qadar shunday tenglikni yuzaga keltirishgan edi. Yakunda esa “shaharliklar” bitta gol farqi bilan APL chempioni bo‘lgan edi. Demak, APLda hali kurash to‘xtagani yo‘q.
Ismoil Yo‘ldoshev
Fikrlar