AQShning mashhur klubi Oʻzbekiston terma jamoasiga murojaat qildi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba jahon chempionatida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayni paytda Fabio Kannavaro qo‘l ostida bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgan bosh jamoamiz mundialdagi ishtirokini Meksikada boshlasa-da, uchrashuvlarga AQShda hozirlik ko‘radi.
Milliy terma jamoamiz futbolchilari AQSh maydonlarida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarga Atlanta shahrida tayyorgarlik ko‘radi. Ushbu shahar sharafini himoya qiluvchi “Atlanta Yunayted” klubi o‘z bazasini o‘zbek futbolchilariga 10 iyundan boshlab taqdim qiladi.
Ana shu munosabat bilan AQShning mashhur klubi ijtimoiy tarmoq orqali O‘zbekiston milliy terma jamoasiga murojaat qildi.
“ Xush kelibsan, O‘zbekiston” “Atlanta Yunayted” mashg‘ulot markazi chorshanba, 10 iyundan boshlab, butun turnir davomida milliy terma jamoaning rasmiy bazasiga aylanadi, - deyiladi Amerika klubi bayonotida.
2026 yildgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublika futbolchilari bilan birga kurash olib boradi.
O‘zbekiston jamoasi o‘zining ilk o‘yini 18 iyun kuni Mexikodagi jahonga mashhur “Atsteka” stadionida Kolumbiya futbolchilariga qarshi o‘tkazadi. 23 iyun kuni futbolchilari Hyustonda Portugaliya bilan o‘ynaydi. Aynan mana shu to‘qnashuv ko‘plab muxlisu mutaxassislarni qiziqtirib turibdi.
Guruhdagi oxirgi o‘yin 27 iyun kuni Atlanta shahridagi arenada Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasiga qarshi o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, “Atlanta Yunayted” 2024 yilning yozida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovni o‘z tarkibiga taklif qilgan edi.
Oshanda Eldor Shomurodov “Kalyari” ijarasidan “Roma”ga qaytgan edi. Transfer amalga oshishiga hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni kechikkani to‘sqinlik qilgan.

Fikrlar