
Asror Aliqulov "Mash’al"ni boshqarishda davom etadimi?
Muborakning «Mash’al» klubi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan keyin endi bu jamoada qanday o‘zgarishlar bo‘lishi muxlislarni qiziqtirayotgan bo‘lsa ajab emas. Ayniqsa, murabbiy va tarkib masalasi asosiy o‘ringa chiqishi turgan gap. Iqtidorli murabbiy Asror Aliqulov joriy mavsumda «Mash’al» bosh murabbiyi sifatida ishladi va oldiga qo‘yilgan vazifani bajardi. Lekin kelasi yili Superligada ham u muborakliklarni boshqarishda davom etadimi yoki o‘rniga boshqa mutaxassis olib kelinadimi? Shu va yana boshqa savollarga javob olish istagida «Mash’al» klubining bosh direktori Ilhom Qurbonov bilan bog‘landik.
- «Mash’al» klubi Asror Aliqulov boshchiligida Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi kelasi yili jamoani Superligada kim boshqaradi? Aliqulov yana ishlashda davom etadimi yoki klubning bu boradagi pozitsiyasi o‘zgaradimi?
- Bilasizmi, hali yangi mavsum haqidagi rejalarimiz tuzilmagan. Shu sababli dabdurustdan bu haqida biror narsa deyishim qiyin. Hozircha Asror Aliqulovda «Pro» litsenziyasi yo‘q. Agar O‘FA ruxsat bersa, unda o‘ylab ko‘rishimiz mumkin. Albatta, yangi mavsum uchun tuzilgan reja va dasturlarimiz rahbariyatga taqdim etilgan. Ammo hali bu tasdiqlangani yo‘q. Qachonki, hammasi tasdiqdan o‘tganidan keyin rejalarimiz oydinlashadi.
- Shunga qaramay, o‘zingiz bu masalada qanday yo‘l tutishni o‘ylayapsiz? Balki ayrim mutaxassislar bilan muzokaralarga kirishayotgandirsiz?
- Bizda 2-3 xil ko‘rinishdagi rejalarimiz bor. Lekin sizga hozir bunday yoki unday qilmoqchiman desam-u, ammo ertaga rahbarlarimiz boshqa rejani tasdiqlasalar, unda aytgan gaplarim uchun yolg‘onchi bo‘lib qolaman. Shuning uchun bu haqida biror nima aytishga ojizman. Rahbariyat o‘z yo‘nalishi bo‘yicha katta ish qilyapti. Ularga bergan dasturlarimiz yuzasidan bizni chaqirib, mazkur masalalar bo‘yicha savol-javob qilishadi. Shunga ko‘ra ularni qiziqtirgan savollarga biz javob bera olishimiz kerak va bu ularni qoniqtirsa, o‘sha variant tasdiqlanishi mumkin. Yoki boshqa o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Qolaversa, hali Superliga o‘yinlari ham tugagani yo‘q. Biz esa chempionat tugashini ham kutamiz.
- Pro-liganing oxirgi turida «Neftchi»ga qarshi o‘yindan keyin «Mash’al» jamoasiga kichik Kubokning berilmagani borasida turli gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?
- Bizda Reglament bor. O‘sha Reglamentda katta qilib yozib qo‘yilgan: Bu yil hech qanday bonus yoki medal yo‘q. O‘tgan yili ham hech qanaqa Kubok yo‘q edi, faqat medal beriladi degan joyi bor. Bu yil esa faqat sertifikat beriladi deyilgan xolos. PFL esa boshqa narsa beramiz deb va’da qilmagan. Nimaga berdi, nimaga bermadi deb bong ko‘tarishdan oldin Reglamentni o‘qish kerak. Agar berilishi kerak degan asos bo‘lsa, unda nimaga bermadi, deya masalani ko‘tarsa bo‘ladi. Asos yo‘qmi, unda bu mavzuni ko‘tarishga hojat yo‘q.
- Lekin adashmasam, bu mavzuni birinchi bo‘lib «Mash’al» matbuot xizmati ko‘tarib chiqdi…
- Jurnalist zukko bo‘lishi kerak. Tezda xulosa chiqarmasligi lozim. Jurnalistlik qilish ham o‘zidan-o‘zi bo‘lmaydi. Doim asoslanib ishlashi kerak. Matbuot kotibimiz hali yosh, u bilan ishlaymiz va tushuntiramiz.
- Hozirgi paytda «Mash’al» klubiga tegishli bo‘lgan tarbiyalanuvchilardan qaysi futbolchilar boshqa jamoalarda o‘ynashyapti va ularni qaytarish rejasi ham bormi?
- Klubimizda marketing ishlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan. «Nasaf»da o‘ynayotgan Humoyun Murtazoev bilan Sardor Abduraimovning «Mash’al» bilan shartnomasi bor. «Buxoro» darvozasini qo‘riqlayotgan Rahim Davronov, «So‘g‘diyona»dagi Iskandar Shoyqulov, «Andijon» hujumchi Shahzod Ubaydullaev kabi futbolchilarning ham jamoamiz bilan amaldagi shartnomalari bor. Agar ularga qiziqarli takliflar bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyormiz.
- Nega? Bunday o‘yinchilar «Mash’al»ga kerak emasmi?
- Oldin ham aytgandim Zidanning gapini: yangi yulduzlarni chiqaramiz desak, hozirgi yulduzlarni qo‘yib yuborishimiz kerak. Biz esa aynan hozirgi yulduzchalarimizni qo‘yib yuborib, o‘rniga yangilarini kashf etishimiz lozim.
- Bu yil «Mash’al»ning ishlash siyosati o‘zgarib tarkib butunlay yoshartirildi. Shunga qaramay, jamoa Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kirita oldi. Ammo endi bunday tarkib bilan elitada ishtirok etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, tarkibda baribir jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rsak kerak?
- Bu bizning qaysi dasturimiz amalda qo‘llanilishiga bog‘liq bo‘ladi. Qachon rejalarimiz tasdiqlansa, shunga qarab bu borada ham ish boshlanadi. Albatta, qancha tez rejalarimiz ma’qul ko‘rilsa, shuncha tez ishni boshlaymiz. Yangi mavsum oldidan barcha yoshlarimizga qishki yig‘inda birdek imkoniyat beramiz. To‘g‘ri, mantiq bor, chunki yoshlar bilan chempionatda ishtirok etish ularni ruhan «sindirib» qo‘yadi. Iqtidori bo‘lgani bilan Superliga tajribasini ko‘tara olmasligi mumkin. Hali tayyorlanish uchun vaqtimiz bor. Ikki oy davomida kim o‘zini asosiy tarkibga munosibligini ko‘ratsa o‘shalar jamoada qolishadi.
- Hisob-kitoblaringizga ko‘ra tarkibda necha foizga o‘zgarish bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
- Hammasi murabbiyning fikriga va uning qarashlariga bog‘liq. Menga yoqqan o‘yinchi balki keladigan murabbiyga yoqmasligi mumkin. Har xil vaziyat bo‘lishi mumkin.
- Aleksandr Xomyakov masalasida nima degan bo‘lardingiz? U Superligada ishlash ilinjida Andijonga ketgandi. Endi bo‘lsa, «Mash’al» ham Superligaga chiqdi. Balki uni qaytarish rejasi ham bormi?
- Uning «Andijon» bilan shartnomasi va kelishuvi qandayligini bilmayman. To‘g‘risi, biz bu variatni ko‘rib chiqqanimiz yo‘q.
Fikrlar