
Asror Aliqulov: "Olimpik" bizni ko‘proq himoyalanishga majburladi"
“Sho‘rtan” klubi O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi 3-tur doirasida “Olimpik”ni qabul qildi va 1:1 hisobida durang natijani qayd etdi. Bellashuvdan so‘ng, mezbonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov shunday dedi:
- Birinchi navbatda “Olimpik” jamoasi to‘pni o‘zida yaxshi nazorat qiladi. Hujumdan himoyaga ham tez qaytadi. Superliga klublari ham “Olimpik” darvozasiga gol urishga qiynalishyapti. Bugungi uchrashuvda qarshi hujumda ko‘proq kutilmagan paslar orqali o‘yin tashkil qilishni maqsad qilgandik. Shunga yarasha gol ham urdik. Ammo o‘yin jarayonida “Olimpik” bizni ko‘proq himoyalanishga majburladi. Uchrashuv oxirlarida gol o‘tkazib yubordik. Bugungi o‘yin uchun futbolchilarga rahmat aytaman. Maydonda juda ko‘p to‘psiz mehnat qilishdi.
- Uchrashuvda 8 ta sariq kartochka ko‘rsatildi. Bu o‘yinga xos bo‘ldi deb o‘ylaysizmi?
- Hakamlarni nazorat qiladigan insonlar bor. Hakamlarning xatolarini komissiya ko‘rib chiqyapti. Hakamlarni muhokama qiladiganlar bor. Ammo muxlislarni stadionlarga qaytarish bo‘yicha hakamlarni ham oz bo‘lsa-da, o‘rni bor. Mana shu tomonlama ham o‘ylab ko‘rish kerak.
- “Olimpik” jamoasi futbolchilari maydonda tez-tez yiqilib turishdi. Ulardan bunday harakatni kutganmidingiz?
- Oldin ham kuzatganmiz. Lekin aksariyat futbolchilarini to‘p bilan dribling qilishi yaxshi. Ularni aldashga harakat qilishadi va bunday paytda “kontakt” bo‘lishi tabiiy va yiqilishadi. Bunga jiddiy e’tibor qaratish kerak emas, hammasi maydondagi kurashlar.
- “Sho‘rtan” bugun o‘z maydonida o‘ynadi, ammo ikkinchi raqam ostida harakat qildi. Hisobni ochgach, ko‘proq himoyaga e’tibor qaratdi. Himoyaviy o‘yin ma’qulmidi yoki ko‘proq hujumda o‘ynash kerakmidi?
- Agar biz hujumda o‘ynasak “Olimpik”da imkoniyatlar bo‘lishi mumkin edi. Shuning uchun himoyadan chiqishda to‘pni yo‘qotmaslikka harakat qildik. Ammo birinchi bo‘limda 2-3 ta vaziyatda himoyada to‘pni yo‘qotdik va “Olimpik” tezlik bilan hujumga o‘tdi. Shu bois mana shunday o‘yin ko‘rsatishga majbur bo‘ldik.
Fikrlar