Azim Ahmedov "Navbahor"da nima uchun qolgani, Turkiyadagi yig‘in, murabbiylar o‘zgarishi va yangi mavsum haqida intervyu berdi

  • 15.01.2022 13:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, “Navbahor” jamoasi a’zolari ayni paytda Samvel Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabi qo‘l ostida Turkiyaning Antaliya shahrida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borishmoqda.

Tecno

Klub matbuot xizmati “Lochinlar”ning navbatdagi mashg‘uloti yakunlangach, tajribali yarim himoyachi va jamoa sardori Azimjon Ahmedov bilan bog‘lanib, undan intervyu olishdi.

 Azimjon, Turkiyadagi mashg‘ulotlar qanday o‘tyapti?

– Juda yaxshi o‘tyapti. Murabbiylar mazkur yig‘inda asosan jismoniy tayyorgarlikka e’tibor berishmoqda. Barcha futbolchilar birga mashg‘ulotlar o‘tkazib, o‘zaro muloqot qilyapmiz. Shuningdek, mazkur yig‘in davomida  nazorat-sinov bahslari o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Bo‘lajak o‘rtoqlik  uchrashuvlari orqali bir-birimizni maydonda yanada yaxshi tushunadigan, bundan tashqari, o‘zaro o‘yin amaliyotiga ega bo‘lamiz. Qisqasi, Turkiyadagi yig‘in yangi mavsumdagi o‘yinlarimiz uchun ancha asqotadi, degan umiddaman.

 - Turkiya safari oldidan “Navbahor” bilan tuzilgan shartnomangiz muddatini uzaytirdingiz. Mazkur qarorga kelishingizga jamoaning yangi murabbiyi Samvel Babayan bilan “Paxtakor”da birga faoliyat yuritganingiz va ushbu mutaxassisning nimalarga qodirligini juda yaxshi bilganingiz sabab bo‘ldimi?

– Bu borada klub rahbariyati, jumladan, klub prezidenti Otabek Arifovich Samatov, jamoa bosh murabbiyi Samvel Vyacheslavovich Babayan bilan o‘zaro gaplashdik, fikr almashdik. Ular yangi mavsumda “Navbahor” o‘z oldiga Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL) yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini qo‘yganligi, buni amalga oshirish maqsadida, jamoa tarkibi kuchaytirilishi, buni amalga oshirish uchun yordam berishim lozimligini ta’kidlashdi. Shuning uchun “Navbahor” bilan tuzilgan shartnomam muddatini uzaytirishga qaror qildim. Xudo xohlasa, yangi mavsumda jamoadoshlarim bilan sovrindorlar safidan o‘rin egallaymiz, degan umiddaman.

azim3_2

 “Navbahor”ning o‘tgan mavsumdagi o‘yinlari borasida fikringiz.  Sizningcha, jamoaning  sovrindorlar safidan joy olishi uchun nima etishmadi?

– O‘tgan mavsum albatta, jamoamiz uchun omadsiz yakunlandi. Bunga esa murabbiylar shtabida yuz bergan o‘zgarishlar, shuningdek, ayrim bahslarda omadning yuz o‘girgani o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

O‘zingizga ma’lum, yangi mavsumga tayyorgarlikni No‘’mon aka Hasanov boshchiligidagi murabbiylar shtabi  qo‘l ostida o‘tkazdik. Ilk turda o‘z maydonimizda “So‘g‘diyona”ga  imkoniyatni boy berganimizdan so‘ng, No‘’mon aka iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga Viktor Romanovich Jalilov bosh murabbiy etib tayinlandi. Viktor Romanovichning o‘yin taktikasiga moslashishimiz esa biroz vaqt talab etdi. Davralar oralig‘ida maslahatchi-murabbiy sifatida ish boshlagan Samvel Vyacheslavovich Babayan ham o‘yin taktikasi borasida o‘z maslahatlarini berib turdi.

Qisqasi, yangi murabbiylarning o‘yin uslubiga moslashish biroz qiyin kechdi va ushbu omillar natijalarga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. 

“Navbahor”ning o‘tgan mavsumda sovrindorlar safidan o‘rin ololmaganligining asosiy sababi, shu menimcha.  

   – Siz jamoa sardori va etakchi futbolchilardan birisiz. Buning mas’uliyati borasida nima deya olasiz?

– Jamoa sardori murabbiy hamda futbolchilar o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishi, maydonda jamoadoshlarini o‘z ortidan ergashtira olishi, shuningdek, ularga o‘z maslahatlarini berib, qo‘llab-quvvatlashi lozim. Shu jihatdan olib qaraganda, sardorlikning mas’uliyati juda og‘ir. Lekin sardor ekanman, shu mas’uliyatni qo‘ldan kelganicha amalga oshirishga harakat qilyapman.

Biroq kezi kelganida aytish lozimki, sardor bo‘lish oson emas. Boisi, Xudo ko‘rsatmasin, jamoa mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, hamma kaltak sizning boshingizda sinadi. Ammo bunga ham qo‘ldan kelganicha sabr qilyapman. Xudo xohlasa, yangi mavsumda “Navbahor” sardorligim ostida OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, mendan baxtli odam bo‘lmaydi.

Ushbu vazifani amalga oshirish uchun esa jamoadoshlarim bilan qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz.

azim_3

 Yangi mavsumdan nimalarni kutyapsiz?

– Bo‘lajak mavsumda jamoamiz yuqori o‘rinlar uchun kurashib, sovrindorlar safidan joy olishi, muxlislarimizni xursand qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Buni amalga oshirish niyatida jamoamiz tarkibi ancha kuchaytirilib, “Navbahor”ga mahoratli futbolchilar jalb etilmoqda.

 Muxlislarga tilaklaringiz... 

– Avvalo muxlislarni  yangi – 2022 yil bilan tabriklayman. Yangi yil barchalariga baxt va quvonch olib kelsin. “Navbahor”ning g‘alabalari va yangi mavsum yakunidagi zafarini birga nishonlash nasib etsin, ilohim! 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!