
Barcha yo‘llar "Bobur arena"ga olib boradi yoxud Kubokning amaldagi g‘olibi yana eski raqibga qarshi
O‘zbekiston Kubogining 2025 yildagi musobaqasiga ham start berilgan. Guruhlarda jamoalar birinchi tur bahslarini o‘tkazishdi va oxirgi bellashuv sifatida faqat “Andijon” – “Surxon” qarama-qarshiligi qoldi. 1-turning so‘nggi bellashuviga e’tibor yuqori.
“V” guruhi vakillari eski tanishlar hisoblanishadi. Ularning o‘zaro o‘yinlar tarixini hali ko‘pchilik unutmagan bo‘lsa kerak. Bu xususida biroz quyiroqda to‘xtalamiz. O‘zbekiston Kubogining “V” guruhida “Andijon” va “Surxon”dan tashqari Samarqandning “Dinamo” hamda Qarshining “Lochin” jamoalari ham bor. Narigi juftlikda “Dinamo” o‘z uyida “Lochin”ni qabul qildi va 3:1 hisobida ustun keldi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili guruh bosqichida “Andijon” “Dinamo” bilan bir guruhda o‘ynagan. “Lochin” esa 2022 yilda tashkil topgan jamoa Qarshi Davlat Universitetiga qarashli jamoasi sanaladi.
“Andijon” klubi O‘zbekiston Kubogining amaldagi sohibi sifatida musobaqadagi ishtirokini boshlaydi. O‘tgan yili “Burgutlar”ning finalda “Navbahor”ga qarshi o‘tkazgan o‘yini o‘zbek futboli tarixida o‘chmas iz qoldirdi va zarhal harflar bilan yozib qo‘yildi.
“Burgutlar” finalga chiqish uchun yarim finalda yana bir qahramonlikni namoyish etgani yodingizda ekanligi aniq. 2024 yilning 30 avgust sanasida “Bobur arena”da “Andijon” – “Surxon” to‘qnashuvi yuz berdi. Asosiy vaqt va qo‘shimcha taymlarda darvozalar daxlsiz qolgan. Penaltilar seriyasi dramatik tarzda kechgan va unda “Andijon” 5:4 hisobida g‘olib chiqqan. Bu yil esa eski tanishlar bir guruhdan joy olishgan.
Xabaringiz bor, 2025 yilgi O‘zbekiston Kubogi finali ilk bor Andijondagi “Bobur arena”da bo‘lib o‘tadi. Shunday ekan, barcha klublarning orzusi finalda “Bobur arena” maydonida to‘p surish. Shu sababli ham O‘zbekiston Kubogida barcha yo‘llar faqat “Bobur arena”ga olib boradi. “Andijon” esa bu yil o‘z uyida bo‘lib o‘tadigan finalni tomoshabin sifatida kuzatmoqchi emas, aksincha uning rasmiy ishtirokchisi va Kubokni yana o‘zida saqlab qolish ilinjida joriy yilgi musobaqaga kirishadi.
“Andijon” hamda “Surxon” jamoalari milliy chempionatdan tashqari O‘zbekiston Kubogida ham uchrashishgan. Albatta, ligadan farqli o‘laroq, Kubok musobaqasidagi o‘zaro o‘yinlar soni sanoqli. Shu paytgacha jamoalar O‘zbekiston Kubogida uch marta to‘qnashishgan. Ilk bellashuv 1993 yilda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda klublar O‘zbekiston Kubogining 1\8 finalida ro‘baro kelishgan. Dastlabki o‘yin “Surxon” maydonida o‘tgan va “Andijon” safarda 0:1 hisobida ustun kelgan. Javob uchrashuvida esa “Andijon” o‘z uyida termizliklarni 2:1 natijasi bilan mag‘lubiyatga uchratgan. Uchinchi to‘qnashuvni esa bilasiz, yuqorida to‘xtalganimizdek, o‘tgan yili yarim finalda “Burgutlar” penaltilar seriyasida ushbu raqibini mag‘lub etib, finalga yo‘l olgan.
Xullas, “Andijon” va “Surxon” Kubok bahslarida uch marta uchrashishgan va barchasida “Burgutlar”ning qo‘li baland kelgan. Bu gal jamoalar O‘zbekiston Kubogidagi ilk ishtirokida o‘zaro bahs olib boradilar. Uchrashuv bugun “Bobur arena”da soat 20:00 da boshlanadi.
Fikrlar