
“Barsa” bilan kelishgan Depay boshqa superklubga o‘tishi kutilmoqda
Yaqinda “Barselona” rahbariyati yozda erkin agentga aylanadigan “Lion” hujumchisi Memfis Depay bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.
Endi ma’lum bo‘lishicha, “Yuventus” ham niderlandiyalik hujumchini Turinga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. Yozda “Yuventus” tarkibni qayta shakllantirmoqchi. Hatto Krishtianu Ronalduning ham joyi kafolatlanmagan. Paulo Dibala ham o‘ziga yangi jamoa qidirishi kerakligi aytilmoqda.
27 yoshli Depayni “Barsa”ga terma jamoada ustozlik qilgan Ronald Kuman chaqirmoqda. Biroq, klub xo‘jayini Joan Laporta boshqa hujumchi kelishini istayapti.
Xullas, Memfis Depay borar joyi haqida yaxshilab bosh qotishiga to‘g‘ri keladi. Chunki unda boshqa variantlar ham bor. Hujumchining o‘zi joriy mavsumda Frantsiya chempionatida 30 ta uchrashuvda 14 ta gol urdi va to‘qqizda golli pas oshirdi.
Fikrlar