
“Barsa”ga Messi kerakmasmi? Kataloniyaliklar 100 mln funtdan qimmat turadigan superhujumchi olyapti!
“Barselona” frantsiyalik hujumchi Antuan Grizmanni transferga qo‘yish ortidan “Tottenxem” to‘purari Harri Keyn uchun kurashga qo‘shildi.
Ayni paytda kataloniyaliklar Lionel Messi bilan yangi bitim tuzish uchun maoshlar fondini qisqartirish ustida bosh qotiryapti. Hozircha, yagona variant katta maosh oladigan bir necha futbolchilarni sotib yuborish bo‘lib turibdi. Klub xo‘jayinlari aynan shu yo‘ldan bormoqda va ketma-ket mashhur o‘yinchilarni transferga qo‘ya boshladi.
Aslida “Barselona” ham, Messi ham o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga rozi. Biroq, ular o‘rtasida shartnoma imzolanishi bilan klub moliyaviy feyr-pleyni buzgan bo‘ladi va UEFA tomonidan sanktsiyalar qo‘llaniladi.
Gap shundaki, moliyaviy feyr-pley qoidasiga muvofiq, bir klubning futbolchilarga to‘laydigan maosh fondi umumiy daromadning 70 foizidan oshib ketmasligi kerak. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, agar Messi bilan hamkorlik rasmiylashtirilsa, argentinalik yulduzning maoshi qo‘shilgan taqdirda bu 70 foizlik ko‘rsatkich 110 foizga etadi.
Kataloniyaliklar hiylaga borib, Lionel Messiga kelishilgan maoshni bir necha yilga bo‘lib to‘lashni taklif qilgandi. Lekin argentinalik hujumchi Kataloniyadan keyin AQShga ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotgani bois, maosh masalasi shaffof bo‘lishi kafolatlanishini talab qilmoqda. Messi agarda soliq masalasida muammo chiqsa, AQShga ko‘chib o‘tishi amalga oshmay qolishidan cho‘chimoqda.
Hozir “Barselona” prezidenti Joan Laporta oldida birgina yo‘l turibdi. U ham bo‘lsa, Kataloniya klubidan katta maosh olayotgan futbolchilardan birma-bir qutilishi kerak. Shuning uchun Ronald Kumanga kerak bo‘ladigan o‘yinchilarga maoshini qisqartirishga rozilik berib, shartnomani yangilash taklif qilinyapti. Ko‘nmaganlarga o‘ziga shu yozdan qolmay yangi jamoa topishi kerakligi aytilmoqda.
Bundan tashqari, Miralem Pyanich, Antuan Grizmann, Samyuel Umtiti, Felippe Koutino kabi katta maosh oluvchi mashhur o‘yinchilar ketishi shart bo‘lganlar ro‘yxatidan joy olgan. Klub ularni sotishdan yoki ijaraga berishdan keladigan mablag‘dan tashqari, maoshdan ham anchagina summa tejab qolishi mumkin.
Bu klubga Messi bilan shartnoma tuzishdan tashqari, bir-ikkita katta transferlarni amalga oshirish imkonini ham beradi.
“Barselona” nishonga olgan Harri Keynga “Manchester Siti” va “Chelsi” xaridor. “Tottenxem” rahbari Daniel Levi “shaharliklar”ning 100 million funtlik aniq taklifiga rad javobini berdi. Qaysar prezident poytaxt sharafini himoya qilishdagi raqobatchisi - “Chelsi” bilan Keyn transferini muhokama qilishni ham o‘ziga ep ham ko‘rmadi va Tomas Tuxelning qizig‘ishi bee’tibor qoldirildi.
Aslida Daniel Levi Harri Keynni “Tottenxem”dan ketishiga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilmoqda. Biroq, 27 yoshli hujumchi kuchga to‘lgan davrida nufuzli sovrinlar uchun kurashishga qodir klubda to‘p tepmoqchi. U faoliyatini sovrinsiz yakunlashdan cho‘chiyapti. Keynga Evropa Chempionlar ligasining bosh sovrini ham kerak.
“Tottenxem” rahbariyati “Barselona”ning taklifiga jiddiy e’tibor qaratishi tayin. Chunki, Keynni ushlab qola olmasligini sezib turgan Daniel Levi anchadan beri to‘purarni Angliyadan tashqariga sotish niyatida ekanini aytmoqda. U o‘z futbolchisi yordamida raqobatchi jamoalar kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shularni inobatga olgan holda, transferlar bozorini kuzatib borayotgan mutaxassislar Harri Keynni qo‘lga kiritishda kataloniyaliklar ingliz klublari oldida imtiyoz va ustunlikka ega, deb hisoblamoqda.
Bundan tashqari, yakunlangan mavsumda ichki chempionatda ham, xalqaro maydonda ham sovrinsiz qolgan “Barselona” shov-shuvli transfer orqali muxlislar e’tibori va hurmatini qayta qozonishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Fikrlar