“Barselona” Keynga taklif yubordi va javob ham oldi
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” rahbariyati hujum chizig'ini kuchaytirish maqsadida jamoaga “Bavariya”da to'purarlik mahoratini namoyish qilib kelayotgan Harri Keynni olib kelmoqchi.
Kataloniyaliklar yanvar oyidagi qishki transferlar oynasi vaqtidan foydalanib, angliyalik hujumchi transferi bo'yicha norasmiy so'rov yuborgan. “Barsa” vakillari Keynning atrofidagi doiralar bilan bog'lanib, ehtimoliy yozgi transfer imkoniyatini baholagan.
Biroq Keyn vakillari bu variantni rad etdi. Bu haqida The Touchline nashri jurnalistlari xabar berdi.
Avvalroq, “Bavariya” sport direktori Maks Eberl jamoaning asosiy quroliga aylangan Harri Keyn bilan shartnomani uzaytirish bo'yicha muzokaralar ketayotganini aytgan edi.
Nemis matbuotining yozishicha, myunxenliklar 32 yoshli Keyn bilan hamkorlikni 2028 yilning yozigacha yoki undan ham uzoqroq muddatga uzaytirishni istayapti. Transfermarkt portali Harri Keynni 65 million yevroga baholamoqda.
Fikrlar