"Bashakshehir" bosh murabbiyi yirik hisobdagi g‘alabadan so‘ng o‘z futbolchilarini maqtadi
Turkiya Superligasining 19-turi doirasida "Bashakshehir" safarda "Kayserispor"ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Bashakshehir» bosh murabbiyi Nuri Shahin jamoasining o‘yinigа baho berdi.
"Bu bahsda g‘alaba qozonishga biz haqli edik. Raqibga juda kam imkoniyat berdik. “Kayserispor”ning o‘yin uslubi sabab ularga qarshi o‘ynash qiyin. Lekin futbolchilarim bunga munosib javob qaytarishdi va 90 daqiqa davomida to‘xtamay harakat qilishdi. “Kayserispor”ga ligada omad tilayman", — dedi mutaxassis.
Shuningdek, u jamoa muhiti haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
"Juda yaxshi jamoaga murabbiylik qilyapman. Biz haqiqiy oilaga aylandik. Juda baxtiyorman. Biz o‘yinga tashabbus bilan yondashadigan jamoamiz. Tanaffusda futbolchilarga shunday dedim: “Agar rejalarimiz amalga oshmayotgan paytda ham xarakter ko‘rsata olsak, ko‘plab jamoalarni mag‘lub etamiz”. Bugun ham g‘alaba qozonishimizga ishonchim komil edi", — dedi Shahin.
Ma’lumot uchun, ushbu bellashuvda hamyurtlarimiz Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Shuningdek, Eldor o‘z hisobiga bitta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Fikrlar