Baxtiyor Ashurmatov: "Har safar mag‘lubiyatga uchrab, raqib jamoani g‘alaba bilan tabriklash murabbiy uchun juda og‘ir"

  • 02.05.2022 22:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol

“Qo‘qon-1912” – “Nasaf” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida qo‘qonliklar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov qatnashdi.

- Avvalo, Ramazon Hayiti bayrami bilan O‘zbekiston xalqini tabriklayman. Futbolchilarga o‘tgan turda mag‘lubiyatga uchradik, bugungi uchrashuvda borimizni berib, qo‘qonlik muxlislarga bayramga sovg‘a qilishimiz kerak, deb ta’kidlagandim. Afsuski, oxirgi paytlarda omad bizdan yuz o‘giryapti. Tan olish kerak, durangga mos o‘yin edi. “Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasida juda tig‘iz taqvimda o‘ynab O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilib keldi. Ularni keyingi bosqichga chiqishgani bilan tabriklayman va omad tilayman. Lekin har safar mag‘lubiyatga uchrab, raqib jamoani g‘alaba bilan tabriklash murabbiy uchun juda og‘ir. Bugun ikkita hujumchi bilan o‘ynab hujumkor taktikani tanladik. Baribir tan olishimiz kerak, vaziyatlarni kam yaratdik.

- Gol o‘tkazilgan holatni qanday baholaysiz? Darvozabon yiqilib jarohat olgandi...

- Bunaqa vaziyatlarda hakamlar ko‘pincha darvozabonlarning foydasiga qaror chiqarishadi. Ammo bu qitmirona savolga o‘xshab qolyapti. Qiziqqonlikda noto‘g‘ri fikr bildirib qo‘yishim mumkin. Yutqazdik, bo‘lar ish bo‘ldi. Darvozabonimizga aytdim, urildimi, boshqa bo‘ldimi, nima bo‘lganda ham to‘p nazorati bizda emasmi, oxirigacha o‘ynab qo‘yish kerak edi. Hammaga yutuq kerak. “Nasaf” oxirigacha o‘ynadi, ularni ham ayblash qiyin. Hamma gap-so‘zlar unutiladi, natija qoladi. Yutqazdik, biz murabbiylar aybdormiz. Qo‘qonlik muxlislar oldida uyatdamiz, hijolatdamiz. Chunki ular oxirigacha qo‘llab-quvvatlashdi. Afsuski, durang natijani ham ushlab qola olmaganimiz juda alamli. Jamoamizda jarohatlar ko‘pligi uchun raqobat ham yo‘q. Uyda o‘ynaganimiz sababli hujumga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak edi. Shahzod Nurmatov jarohat olgach, o‘yin oxirida yaqqol hujumchisiz qolib ketdik. Keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz. Murabbiylar shtabi nomidan muxlislardan uzr so‘raymiz. To‘g‘ri, uzr so‘rash bilan ish bitmaydi. Vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Bu olti ochkolik o‘yin edi. Durang bo‘lganida ham biz turnir jadvalida normal holatda qolgan bo‘lardik. Hozir pastki pog‘onadagi jamoalar bizga yaqin turibdi. Bu “Qo‘qon-1912”ga mos emas. Biz murabbiylar echim topishimiz kerak. Muxlislarga ham, rahbarlarga ham g‘alaba zarur. Albatta, rahbariyat vaziyatni to‘g‘ri tushunyapti va bizni qo‘llab-quvvatlayapti. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiramiz. Lekin bu holat futbolda uzoq davom etmaydi. Futbolchining va murabbiyning hayoti o‘yindan-o‘yingacha. Natija bormi, murabbiyning ishi ko‘zga ko‘rinadi. Natija yo‘qmi, demak, murabbiy qaerdadir xatoga yo‘l qo‘ygan yoki reytinggi o‘z-o‘zidan tushadi. Shu bois vaziyatni to‘g‘rilashimiz kerak, boshqa yo‘limiz yo‘q.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Nasaf Qarshi
03/05/2022 07:31
Хеч булмаса зиератлар кабул булсин деб куйиш керак эди, уйинни гапирмасдан!
&
Nasaf Qarshi
05/05/2022 00:16
Катта хисобда юткузмаганингизга шукур килсангиз яхши буларди!
Ал-химик
03/05/2022 15:08
Омад келмадида Қўқонга, ҳар икки командаям дурангга лойиқ эди, лекин Насафни "подарка" маслигини биласизу, қолаверса малака ошириб келди насафни футболистлари ОЧЛда. Шунинг учун ҳафа бўлманг, бу гал ютқизишган бўлса кейинги гал ютасизлар албатта
Abbos Eshtemirov
03/05/2022 11:09
Qo'qon ham yaxshi o‘yin ko'rsatdi Nasaf muxlisdan