
Baxtiyor Ashurmatov: "Navbahor" bilan Kubok finalida ham uchrashishni istaymiz
Coca Cola Superligasi 26-tur doirasidagi “Qo‘qon-1912” – “Navbahor” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov qatnashdi.
- Avvalambor, bu yilgi mavsumni yuqori saviyada o‘tkazgan futbolchilarimizga rahmat aytaman. Ular oxirigacha shiddatli kurashlarda o‘zlarida kuch topa olishdi. Shogirdlarim og‘ir kelgan mavsumda barcha raqiblarni jamoamizni hurmat qilishga majbur etishdi. Buning uchun ularga minnatdorchilik izhor etaman.
Bugungi bahs derbiga xos shiddatli va jangovor ruhda o‘tdi. Har bir o‘yinda g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz. Bugun ham shu maqsadda maydonga tushgandik. Bugun muxlislar ikkita bir-biridan chiroyli gollarga guvoh bo‘lishdi. O‘ylaymanki, o‘yin muxlislarga manzur bo‘ldi. Mavsum oxiriga kelib, tarkibimizda jiddiy yo‘qotishlarga duch keldik. Bir qator futbolchilarimiz jarohat oldi. Bugun bir nafar hujumchi bilan harakat qilishga majbur bo‘ldik. Norbekovda jarohat bor edi, Rayevatsga javob bergandik. Yosh hujumchimiz Hamidullo Abduhamidov ham jarohati bilan maydonga tushdi. Shunday bo‘lsa-da, mavsumni ko‘ngildagidek yakunlay oldik.
"Turon" jamoasining Superligaga yo‘llanma olgani barchamizni xursand qildi. Qolaversa, hali "Neftchi" jamoasida ham imkoniyat bor. Viloyatimizda Superliga jamoalarning ko‘p bo‘lishi barchamizga katta foyda beradi. Shuningdek, viloyatimiz rahbarlari ham futbolni sevadigan insonlar.
Etakchi futbolchilarimiz Murod Xolmuhammedov, Quvondiq Ro‘ziev, Aleksandr Merzlyakov, umuman barcha futbolchilarimiz bu yilgi mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Hamma futbolchilar bilan aka-ukadek bo‘lib ketdik. Qolaversa, ular muxlislarning yoqimtoylariga aylanib ulgurishdi. Men bu o‘yinchilarimiz yangi mavsumda ham jamoamiz safida qolishiga ishonamiz. Agar ularga xorijdan taklif bo‘lsa, ketishlari mumkin, xolos.
Bugungi o‘yinda hamda butun mavsum davomida jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha muxlislarimizga o‘zim nomimdan va jamoamiz nomidan cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Shunday muxlislarimiz borligi bilan faxrlansak arziydi.
Oldimizda O‘zbekiston Kubogi bahslari kutib turibdi. Kubok bahslarida ham munosib ishtirok etishga harakat qilamiz. "Navbahor" jamoasiga ham bu yo‘lda omad tilayman. Balki, nasib qilsa Namanganda yana "derbi" bo‘lar. Shunday yaxshi niyatda ishlashda davom etamiz.
Fikrlar