
Bektemir Meliqo‘ziev Kovalyovni mag‘lub eta oladimi? Boks murabbiylari javob berdi (2-qism)
Ma’lumki, 30 yanvar kuni Bektemir Meliqo‘ziev navbatdagi jangini rossiyalik boks yulduzi, sobiq jahon chempioni Sergey Kovalyovga qarshi o‘tkazadi. Mazkur jang yuzasidan o‘zbekistonlik boks mutaxassislarining fikr va mulohazalarini taqdim etgan edik. Ushbu voqelikka yana ko‘plab murabbiylar o‘z munosabatini bildirdi. Biz ularning ba’zi birlarini yana e’tiboringizga havola etamiz.
Ziyoyiddin Tayg‘onboev – murabbiy
- Yaxshi va qiziqarli jang bo‘ladi, deb o‘ylayman. Kovalyov juda kuchli va tajribali bokschi. Uni hurmat qilaman. Lekin hozirgi kunda u Bektemir Meliqo‘zievga bas kela oladigan salohiyatga ega, deb o‘ylamayman.
Rustam Saidov – murabbiy
- Bektemir hozir eng cho‘qqiga chiqqan vaqti, qolaversa, yosh... O‘ylaymanki, uzog‘i ikkinchi yoki uchinchi raundda nokaut bilan g‘alaba qozonadi. Endi, bu boks! Kovalyov ham juda tajribali hisoblanadi. Lekin u mag‘lubiyatga uchragan. Bektemir esa professional boksda o‘z yo‘lini topib bormoqda. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, u g‘alaba qozonadi!
Mansur Muqimov – murabbiy
- Bektemirni yoshligidan buyon bilaman. U o‘zgacha bokschi, tug‘ma iste’dod. Uning murabbiyi Ma’ruf Ahmedov bilan birga ishlaganimiz tufayli, uning shogirdlari va bizning bolalar o‘rtasida ko‘plab sparring janglar o‘tkazar edik. O‘shandayoq, unda ulkan talant borligini namoyon qilardi. Shuningdek, murabbiyi ko‘plab musobaqalarda uning mahoratini yanada sayqallab bordi. Uning eng katta yutug‘i bilgan narsalarini ringda erkin qo‘llay olishida. Ya’ni, ringni yaxshi his qiladi. Qolaversa, zarbasi ham juda kuchli. Kovalyov bilan jangda u bir bosh ustun. Rossiyalik bokschi unga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmaydi, deb o‘ylayman. Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, Bektemir tez orada jahonning eng kuchli bokschilaridan biriga aylanadi.
Oybek Kamolov – murabbiy
- Kovalyovni yoshini ko‘p gapirishmoqda. Lekin u 30 yoshda. Aslida, bu yoshda bokschi juda kuchga to‘lgan vaqti bo‘lish kerak. Shunday bo‘lsa-da, Bektemir g‘alabaga chanqoq va uning zarbalari juda og‘ir. Ajoyib jismoniy holatga ega. Shu omillarni hisobiga Bektemir uzog‘i 6-raundlardayoq, jang taqdirini hal qilsa kerak. Albatta, bu shaxsiy fikrim.
Alisher Rahimov –murabbiy
- Kovalyov bilan bitta shouda jang qilganmiz. U juda ham yaxshi saviyadagi bokschi. Uning erishgan natijalari ham bunga misol bo‘la oladi. Lekin ayni kunda u Bektemirni mag‘lub etishga qodir emas. Bu qarama-qarshilikda Bektemir shubhasiz, g‘alaba qozonadi.
Baxtiyor Mahkamov – professional boks mutaxassisi
- Bu jang to‘liq bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Raundlar o‘rtasiga borib, yakunlanadi. Albatta, Bektemir bu to‘qnashuvda g‘alaba qozonadi. Kovalyovni tajribasiga shubha yo‘q. U o‘z vaqtida jiddiy raqiblarni ham mag‘lub eta olgan. Lekin hozir u Meliqo‘zievni enga oladigan holatda emas.
Nurgali Abduraimov – murabbiy
- Ushbu jangda g‘alaba qozonish uchun Bektemirda imkoniyat juda katta. U juda mahoratli va professional boksda ham uzoqqa boradi. Buni barcha anglab turibdi. Nasib qilsa, albatta g‘alaba qozonadi.
Abdumannop Ahmadaliev - murabbiy
- Bektemir ayni kunda juda yaxshi jismoniy holatga ega. 6-raundga borib, doimgidek jigarga yo‘llagan zarbasi orqali Kovalyovni muddatidan avval mag‘lub etadi.
Fikrlar