
Bekxemdan Figugacha: XXI asrning eng dahshatli futbol shartnomalari!
Dunyo bo‘yicha 1-raqamli sport turi hamda «millionlar o‘yini» bo‘lmish futbol har doim o‘z muxlislarini qiziqarli vaziyatlari va muhim voqealari bilan hayratga solib kelgan va ajablantirishda davom etmoqda. Ushbu jamoaviy sport turi, nafaqat, maydondagi vaziyatlari, balki uning tashqarisidagi va atrofidagi bo‘layotgan voqealari bilan ham har bir muxlis uchun qiziq bo‘lishi shubhasiz. Bugun biz siz bilan maydon tashqarisidagi ana shunday qiziqarli voqealardan biri bo‘lgan futbol shartnomalari haqida so‘z yuritamiz. O‘ylaymizki, bu siz uchun ham qiziq bo‘ladi.
Demak, boshladik: XXI asrning eng kutilmagan va dahshatli "top-20" transferlari!
#20. Ronaldino: «Milan»dan «Flamengo»ga.
Braziliyalik superyulduz Ronaldino 2011 yilda «Milan»ni tark etib, «Flamengo» safiga borib qo‘shiladi. Uning o‘z vataniga qaytishiga hech kim hayron qolmaydi, biroq aynan «Flamengo»ga o‘tishi uning millionlab muxlislarini shokka tushiradi. Sababi, hamma uning sobiq klubi «Gremio»ga qaytishiga ishongan edi. Hattoki, «Gremio»ga kelib, u erda bazm ham uyushtirilgan edi. Biroq, so‘nggi daqiqalarda u «Flamengo»ni tanlaydi va barchani hayratda qoldirgan transferni amalga oshiradi. Aynan shundan so‘ng, Ronaldinoning faoliyatida pasayish kuzatila boshlaydi. Shunday qilib, bir necha mavsumdan so‘ng, afsonaviy futbolchi o‘z professional faoliyatiga yakun yasaydi.
#19. Andrea Pirlo: «Yuventus U-23»dan «Yuventus» asosiy jamoasiga.
Italiyalik sobiq futbolchi ko‘pchilikni hayron qoldirgan transferlarda qatnashgan. Masalan, 2001 yilda u «Inter»dan «Milan» klubiga borib qo‘shiladi. Odatda, ushbu ashaddiy raqiblar bir-biriga kamdan-kam holatda futbolchi beradi. Amalga oshganlari esa, ko‘pincha muxlislar tomonidan yaxshi qarshi olinmaydi. Bu transfer bilan ham boshida shunday bo‘lgan. Pirlo yaqinda yana bir kutilmagan shartnomada bevosita ishtirok etdi: hali kelganiga 1 yil ham bo‘lmagan «Yuventus U-23»dan «Yuventus» asosiy jamoasiga Sarrining o‘rniga murabbiy etib tayinlandi. Bunga ko‘pchilik hayron bo‘ldi, sababi - hali tajriba ham to‘plashga ulgurmagan Andreani Italiyaning eng katta klubiga murabbiy qilib qo‘yish klub rahbariyati uchun juda katta tavakkal edi. Hozircha o‘yin darajasi bir maromda ketyapti, ammo mavsum yakunida barchasi oydinlashadi. U yo qoladi, yo ketadi. Lekin, nima bo‘lgan taqdirda ham, bu futbol tarixida amalga oshirilgan eng kutilmagan qarorlardan biri bo‘lib qolaveradi.
#18. Jyulen Fober: «Vest Hem»dan «Real»ga.
Frantsuz futbolchisining Madrid klubiga o‘tishi barchani hayratga soladi, hattoki, futbolchining o‘zini ham. 2009 yil yanvarida «Real» «Bordo» va «Vest Xem» klublarida o‘zini ko‘rsatgan futbolchini ijaraga olgan, biroq undan deyarli foydalanmagan. Fober «Los Blankos» tarkibida atigi 2 o‘yinda maydonga tushadi, qolganlarida esa zaxirada qoladi. Hattoki, ba’zi o‘yinlarda zaxira o‘rindig‘ida uxlayotgani tasvirlangan rasmlar ham tarqaladi. Uning kelishi ham, ketishi ham g‘alati bo‘ladi. Shu sababli, u ushbu reytingdan joy oldi.
#17. Edgar Davids: nafaqadan «Barnet»ga qaytish.
2012 yilda «Ayaks», «Yuventus» va Gollandiyaning afsonaviy futbolchisi Edgar Davids faoliyatini tugatganiga qaramay, futbolga qaytadi. U Londonning mahalliy jamoasi bo‘lgan «Barnet» klubiga o‘ynovchi murabbiy sifatida tashrif buyuradi va 1-raqamli futbolkani oladi. Uning qaytishi muxlislarni qanchalik hayratga solgan bo‘lsa, yana bir jihat undanda ko‘proq hayron qoldiradi. Edgar jamoaning safardagi o‘yinlariga umuman bormaydi, u faqat uy o‘yinlarida ishtirok etadi. 2014 yilgacha o‘ynovchi-murabbiy sifatida faoliyat olib borgan Davids klubning quyi ligaga tushib ketishiga ham sababchi bo‘ladi. Shundan so‘ng, u faoliyatini rasman yakunlaydi va boshqa murabbiylik qilmaydi.
#16. Bebe: «Vitoriya»dan «Manchester Yunayted»ga.
Ser Aleks Fergyusson buyuk xarakteri va aqlli qarorlari bilan futbol tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Lekin uning faoliyatida ba’zi bir g‘alati va o‘zini oqlamagan qarorlar ham bo‘lgan. Ulardan biri Bebe transferidir. «Vitoriya»da deyarli umuman maydonga tushmagan futbolchi uchun 7 million funt-sterling sarflanganidan so‘ng, «MYu» asosiy tarkibidan ham unga joy topilmaydi. Futbolchi «Old Trafford»da 4 mavsumda atigi 7 bora maydonga tushadi va 2 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Qolgan o‘yinlarda esa, u murabbiy rejalaridan joy olmaydi. Shu tariqa, bu shartnoma ham futbol tarixidagi eng kutilmagan va g‘alati transferlardan biri bo‘lib qoladi.
#15. Endi Kerrol: «Nyukasl»dan «Liverpul»ga.
2011 yilgi qishki transferlar oynasida «Liverpul» Fernando Torresni «Chelsi»ga sotib yuborgach, hujumchiga ehtiyoj sezadi va transfer oynasining so‘nggi kunida «Nyukasl»dan Endi Kerrolni 35 million funtga xarid qilib oladi. Ushbu transferlarga barcha muxlislar hayron qoladi. Kerrol rosmana omadsiz transfer bo‘ladi. U o‘zi uchun sarflangan pulning yarmini ham oqlay olmaydi. Premer-liga doirasida 6 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan futbolchi jarohatlar sababli juda ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yuboradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, uning maydonga tushgan o‘yinlari sonidan ko‘ra, jarohati sabab o‘tkazib yuborganlari ko‘proq chiqadi. Shu tufayli, bu ham o‘ta g‘alati va omadsiz transfer sifatida tarixda qoladi.
#14. Mario Gyottse: «Borussiya»dan «Bavariya»ga.
2013 yilgi EChL yarim finalida Yurgen Kloppning «Borussiya»si «Real»ni engib, finalga chiqqan edi. Bu albatta, ajoyib natija bo‘lgan. Biroq final oldidan jamoa o‘zining bir yulduz futbolchisidan ajralib qoladi. Ichki chempionatdagi ashaddiy raqib va finalda ularga raqib bo‘lishi kerak bo‘lgan Myunxenning «Bavariya» klubi finalga bir necha kun qolganida, Gyottseni o‘z futbolchisi sifatida tanishtiradi va tarkibiga qo‘shib oladi. Bu transferdan Kloppning va klub muxlislarining jahli chiqadi, sababi, ular «Bavariya»ning, hech bo‘lmasa, mavsum yakunigacha kutib turishi kerakligini aytib, da’vo qilishadi. Myunxenliklar esa mavsum tugashini ham kutib o‘tirmay, futbolchi bilan personal kelishuvga erishib, transferni amalga oshirib yuboradi. Shu sababli, bu kelishuv o‘sha paytda hammani shokka solgan transferga aylanadi.
#13. Garri Nevill: «Valensiya»ga murabbiy bo‘lib tayinlanish.
Faoliyatini yakunlagan mashhur futbolchilarning murabbiy sifatida umrini davom ettirishi u qadar ajablanarli hol emas. Biroq «MYu»ning afsonaviy himoyachisi Garri Nevillning hali hech qancha tajriba to‘play olmasdan, «Valensiya»ga tashrif buyurishi o‘sha paytda barchani hayratga solgan edi. U Angliya terma jamoasida yordamchi murabbiy bo‘lib oz muddat ishlaganidan so‘ng, «Mestalya»ga keladi. U hattoki ispan tilini ham bilmagan va etarlicha tajribaga ham ega bo‘lmagan edi.
Ilk mavsumida klub bilan 16 o‘yinda atigi 3 ta g‘alaba qozongan va EChLni tark etishga ulgurganidan keyin «ko‘rshapalaklar» rahbariyati unga chiqish eshiklarini ko‘rsatadi. Shu tariqa, Nevillning kutilmagan va g‘alati tashrifi omadsiz tarzda yakun topadi.
#12. Alan Smit: «Lids»dan «MYu»ga.
Bu transferning o‘zgachaligi futbolchining o‘tmishi bilan bog‘liq. Bir vaqtlar Alan Smitdan «Siz qaysi klub bilan umuman shartnoma imzolamaysiz va u erda o‘ynamaysiz?», deb so‘ralganida, u qat’iy ravishda «Manchester Yunaytedda!», deb javob bergan edi. Biroq buni qarangki, u 2004 yilda «Lids»dan aynan «MYu»ga o‘tadi. Keyinchalik bu haqida u o‘z intervyusida izoh beradi: «Men yosh va sodda bo‘lganman. 2 narsa haqida hech qachon o‘ylamaganman: 1. “MYu” meni sotib olishi; 2. “Lids” meni sotib yuborishi. Shuning uchun, men ushbu gaplarni aytganman. Lekin bunday bo‘lmadi va men "Old Trafford!ga tashrif buyurdim. Hammasi oddiy», - degan edi futbolchi.
#11. Karlos Teves: «Boka Xuniors»dan «Shanxay Shenhua»ga.
Argentinalik Teves o‘z faoliyati davomida ko‘plab hayajonli transferlarning amalga oshishiga sababchi bo‘lgan. Ularning uzun ro‘yxatini ham tuzib chiqish mumkin. Shunday transferlardan biri, uning 2017 yilda o‘z vatanini tark etib, Xitoy klubiga borib qo‘shilgani bo‘ldi. «Shanxay Shenxua» Tevesni dunyodagi eng ko‘p maosh oladigan futbolchiga aylantiradi, argentinalik haftasiga 600 ming funtdan ko‘proq pul oladi. Bundan tashqari, Xitoy klubi «Boka Xuniors»ga Tevesning xizmatlari uchun 72 million funt ham to‘laydi. Bu barchani boshdan oxirigacha hayron qoldiradi. Keyinchalik, buni «shunchaki ta’til edi», deb aytgan Teves, mashg‘ulotga kelmay, «Disneylend»ga borgani uchun shavqatsiz jarimaga ham tortiladi.
#10. Robino: «Real»dan «Man. Siti»ga.
Pele tomonidan bir vaqtlar haqiqiy merosxo‘r, deya tan olingan Robino «Real»ga o‘tishidan oldin «Santos»da haqiqiy yulduz edi. U «Real» uchun juda mos edi hamda haqiqiy iste’dodi bilan hammani lol qoldirardi. Biroq «Manchester Siti»ning Abu-Dabidagi yangi egalari klub brendini ommalashtirish uchun haqiqiy top hujumchini izlaydi va bunga Robinoni munosib, deb biladi. O‘sha kuni Robino 32,5 million funt evaziga kutilmaganda, shov-shuvli tarzda «Siti»ga o‘tadi. Lekin bu juda omadsiz tarzda yakunlanadi. 2 mavsumdan so‘ng, braziliyalik futbolchi yarim narxiga pullanadi va faoliyatida keskin pasayish kuzatiladi. Shu tariqa, shov-shuvli kelishuv baxtsiz yakun topadi.
#9. Marselo Belsa: ishsiz murabbiy «Lids Yunayted»ga.
Jahon futbolining eng taniqli murabbiylaridan biri bo‘lgan Marselo Belsaning oxir-oqibatda Angliyaga kelishini ko‘pchilik taxmin qilgan edi, biroq Chempionship vakili murabbiyligini qo‘lga olishi barchani hayratda qoldirdi. Argentina va Chili terma jamoalarining sobiq bosh murabbiyi «Lids» bilan ilk mavsumdayoq Chempionshipda chempion bo‘ldi va Premer-ligaga chiqa oldi. Hamda hozirgacha o‘z muxlislarini hayratga solishda davom etib kelmoqda.
#8. Eshli Koul: «Arsenal»dan «Chelsi»ga.
Premer-liga tarixidagi eng yaxshi markaziy himoyachilardan biri bo‘lgan Eshli Koul «Arsenal»daligidayoq juda mashhur bo‘lgan va ko‘p marotaba Premer liga ramziy jamoasidan joy olgan. Biroq uning «Arsenal»ga ashaddiy raqib hisoblanuvchi «Chelsi»ga o‘tishi juda shov-shuvli va kutilmagan tarzda o‘tadi. Muxlislar undan jahli chiqib har xil laqablar ham qo‘yadi. “Chelsi” safida Premer-liga va Chempionlar Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgach, muxlislarning darg‘azabligi yanada oshib ketadi. Sharqiy londonlik muxlislar haligacha Eshlini sotqin sifatida eslashadi...
#7. Robin van Persi: «Arsenal»dan «MYu»ga.
2011-12 yillarda gollandiyalik yulduz Robin van Persi «Arsenal» bilan APLning «Oltin butsa»siga sazovor bo‘ladi. 2012-13 yillarda u yana shu yutuqni qo‘lga kiritadi, ammo bu safar «MYu» bilan.
Gollandiyalik futbolchi sakkiz mavsumni «Arsenal» safida o‘tkazgan va ko‘pchilik muxlislar klub sardorining faoliyatini yakunlagunicha shu erda qolishiga ishonishgan. Biroq, 2011-12 yilgi mavsum oxirida u klubning yangi shartnoma haqidagi taklifini rad etganini e’lon qiladi. Shundan so‘ng, «Manchester Yunayted» bu ishga aralashadi va uni 22,5 million funtga sotib oladi. Transfer shu qadar tez hal bo‘ladiki, bundan hamma hayratda qoladi. Shu sababli, haligacha ushbu shov-shuvli transfer eslanadi.
#6. Sol Kempbell: «Tottenxem»dan «Arsenal»ga.
Kempbell 26 yil ichida «Tottenxem»dan «Arsenal»ga o‘tgan ilk futbolchiga aylangan. U “shporlar” safida 300 dan ortiq o‘yin o‘tkazadi va atigi bitta kumush medal bilan kifoyalanadi. U keyinchalik «Arsenal»ga o‘tishdan maqsadi sovrinlar yutish bo‘lganini tan oladi. «Tottenxem» muxlislari esa uni qattiq tahqirlab, ortidan yomon so‘zlarni aytishadi. Biroq Kempbell ularga 2 ta Premer-liga kubogini yutib, munosib javob bera oladi! Nima bo‘lganda ham, bu futbol tarixidagi eng shov-shuvli shartnomalardan biri bo‘lib qolgan.
#5. Devid Bekxem: «Real»dan «La Geleksi»ga.
«Real» tomonidan yangi shartnoma taklif etilganiga qaramay, Bekxem 2007 yilda «La Geleksi»ni tanlaydi va «Qirollik klubi» prezidenti Ramon Kalderonning ta’rifi bilan aytganda: «Kino yulduzi bo‘lish uchun Gollivudga yo‘l oladi». Bu MLS uchun shov-shuvli xarid bo‘ladi. Bekxem AQSh futbolining obro‘sini ko‘tarib, klub bilan 2 ta kubok yutishga muvaffaq bo‘ladi.
#4. Jon Obi Mikel: «Lin»dan «Chelsi»ga.
Futbol tarixidagi yana bir qiziq shartnoma nigeriyalik yarim himoyachi Jon Obi Mikel bilan yuz bergan. Masala shundan iboratki, 2005 yil aprelida u Norvegiyaning «Lin» klubini tark etib, «Machester Yunayted»ga o‘tishi kerak edi va bu deyarli amalga oshgandi. Uning hattoki, «MYu» bilan matbuot anjumanida qizil formani kiyib tushgan rasmlari ham tarqalgandi. Biroq so‘nggi daqiqalarda u «Chelsi» futbolchisi sifatida tanishtiriladi. Bu bo‘yicha FIFA «transferni o‘g‘rilash» ayblovi ostida ishni o‘rganib chiqqan va hammasi qonuniy bo‘lganini qayd etgan. Gap shundaki, futbolchi deyarli «MYu»ga o‘tgan, qizil iblislar «Lin»ga transfer uchun pul ham to‘lashgan. Lekin «Chelsi» «MYu» bilan bu transfer borasida kelishuvga erishib, uni sotib olgan. «Yunayted» buning evaziga 12 million funt olgan, «Lin»ga esa 4 million funt to‘lab berilgan. Shu tariqa barchani hayratga solgan transfer amalga oshgan.
#3. Krishtianu Ronaldu: «Real»dan «Yuventus»ga.
Portugaliyalik superyulduz, 5 karra “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronaldu «Real» safida 4 marta EChLda g‘olib bo‘lib, rekord o‘rnatgan. U so‘nggi finalidan keyin, bu erdan ketishi haqida noaniq jumlalar ishlatadi, lekin bunga hech kim, ayniqsa, «Real» muxlislari ishonmaydi. Biroq, bir qancha vaqtdan so‘ng, «Yuventus» «Real»ning 100 millionlik taklifiga rozi bo‘lib, buyuk fenomenni o‘z safiga qo‘shib oladi. Haqiqiy shov-shuv ana shunda bo‘lgandi. U bilan qo‘shib Zidanning ham jamoadan ketishi jamoa ruhiyatiga qattiq ta’sir qilib, yangi mavsumning «Real» uchun boy berilishiga sabab bo‘ladi. Bu futbol tarixida eng shov-shuvli va kutilmagan kelishuvlardan bo‘lgan!
#2. Neymar: «Barselona»dan «PSJ»ga.
Neymar 2017 yilda «PSJ»ga o‘tib, dunyoning eng qimmat futbolchisiga aylanadi. Transfer parijliklar uchun 222 million evroga tushadi. O‘sha mavsumda «Barselona» EChL doirasida «PSJ» bilan o‘yinda «kambek-remontada» amalga oshirib, chorak finalga yo‘l oladi. Bunda braziliyalik yulduzning o‘rni katta bo‘lgan. Arab shayxlari nima qilib bo‘lsa ham, uni o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qiladi va oxir-oqibatda hech kim ishonmagan kelishuvni amalga oshiradilar. Uning o‘zidan ham ko‘proq rekord summali transferi ko‘proq shov-shuvga sabab bo‘ladi. Aynan shu transfer butun dunyo transfer bozoriga katta ta’sir ko‘rsatadi va futbolchilarning narxlari keskin oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Ya’ni buni rosmana ma’noda «buzg‘unchi transfer» sifatida baholashadi.
#1. Luish Figu: «Barselona»dan «Real»ga.
Vanihoyat, XXI asr futboli tarixidagi eng shov-shuvli transferga etib keldik. Odatda, «Barselona» va «Real» bir-biriga futbolchi bermaydi, berganlari ham muxlislar tomonida juda qattiq tahqirga sazovor bo‘ladi, bu hech kimga sir emas. Mana shunday transferlardan biri Figuning “Real”ga o‘tishidir. 2000 yilda u inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan «Barselona»ni tark etib, «Galaktikos» safiga borib qo‘shiladi. O‘sha paytda barcha «Barselona» muxlislari undan norozi bo‘lib, har xil gaplar aytishgan. Hattoki, 2000 yil oktabr oyida «Kamp Nou»ga «el-klasiko» doirasida tashrif buyurganida, tribunada unga «xoin», «sotqin» degan bannerlar ham yozib qo‘yilgan edi. Figuning har safar «Kamp Nou»ga tashrifi ko‘ngilsizlik bilan yakunlanar, muxlislar unga har xil buyumlar uloqtirishar edi. 2002 yilgi «klasiko»da unga bir muxlis cho‘chqaning boshini uloqtiradi va burchak to‘pini tepishiga xalaqit berish maqsadida unga tinmay golf koptogini otib turadi. Xullas, u aynan shu ishi bilan barcha davrlardagi «Barselona» muxlislarining nafratiga sazovor bo‘lgan.
Figu ikkala klubda ham 2 bora La Liga kubogini yutgan, ammo «Real» bilan EChL g‘olibiga aylangan.
Abdulla Mannonov tayyorladi
Fikrlar