Bilbao qiroli bo‘lishni istagan Aduris

  • 1 iyun, 2020, 23:06
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Arits Aduris Qirol kubogi finalidan so‘ng, futbolchilik faoliyatini yakunlamoqchi edi, ammo pandemiya uning barcha rejalarini chippakka chiqardi.

Tecno

Davr o‘tdi. "Atletik"ning XXI asrdagi eng yaxshi to‘purari butsalarini mixga ilib qo‘ydi. Har bir narsaning boshi va oxiri bor. Mana Aduris ham 172 ta gol bilan "Atletik" tarixidagi oltinchi to‘purar sifatida faoliyatini yakunladi. Undan faqatgina Telmo Sarra (333), Agustin Bata (208), Dani Ruis (199), Gilermo Gorotisa (198) va Xose Iragorri (179) ko‘proq to‘p kiritgan. Agar Aduris faoliyatining ayrim qismini "Malorka", "Valyadolid" va "Valensiya" klublarida o‘tkazmaganida buyuk Sarradan tashqari, qolgan barcha to‘purarlarni ortda qoldirishi mumkin edi. Ammo, tarix bunday kayfiyatga toqat qilmaydi.

Nima bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zi tug‘ilgan shahar jamoasi "Real Sosedad"ni tanlamagan san-sebastyanlik bu yigit "Atletik"ning eng buyuk va muvaffaqiyatli hujumchilaridan biri bo‘lib tarixga kirdi.

"Jumping boy" (sakrovchi bola) - uni bolaligida shunday nomlashgan va bu uning butun faoliyati davomida sakrashga bo‘lgan ishtiyoqini oshirdi.

Aduris o‘zining so‘nggi sakrashini La Liga joriy mavsumining dastlabki turida "Barselona"ga qarshi uchrashuvda amalga oshirdi. Ushbu bahsda "Atletik" o‘z maydonida kataloniyaliklarni qabul qilayotgan edi va bellashuvning 88-daqiqasida 38 yoshli forvard zahiradan maydonga tushirildi. Tajribali hujumchi uchun "Barsa" darvozasini ishg‘ol etish uchun 1 daqiqa kifoya qildi: Arits qanotdan Ander Kapa uzatib bergan to‘pni havoda chalqancha uslubda ter Shtegen darvozasiga dahshatli zarba yo‘lladi. Gol, vaqt, g‘alaba...

Aduris "Barselona"ga qarshi yana boshqa muhim o‘yinlarni ham o‘tkazgan. Uning futbolchilik faoliyatidagi sovrinlari soni atigi bittani tashkil etadi. 2015 yilgi Ispaniya Superkubogida Bilbao klubi "Barselona"ni 5:1 hisobida dog‘da qoldirgan va Aduris gollarning 4 tasiga mualliflik qilgan. 2 oy avval, ChLda g‘olib bo‘lgan Messi, Luis Enrike, Dani Alves, Suares va boshqa yulduzlar "shok" holatiga tushib qolgandi, o‘shanda. Arits hammadan o‘tib tushgan edi.

"Atletik" Aduris bilan 3 marta bitim imzolagan. Dastlab, u 2000 yili Segunda B ligasi a’zosi "Aurrera" klubidan Bilbaoga ko‘chib o‘tgan edi. U 19 yoshligida professional faoliyatini boshladi. Yangi jamoasida asosan yoshlar ligasida o‘ynadi va asosiy tarkibda bor-yo‘g‘i 4 ta uchrashuvda maydonga tushirildi. O‘sha payt bilbaoliklarni Yupp Xaynkes boshqarardi. Aduris La Ligadagi debyut bellashuvini "Barselona"ga qarshi o‘tkazgan, ammo uni foydasiz futbolchi hisoblab, Segunda Bga qaytarib yuborishgan.

Taslim bo‘lmas Aduris Segunda Bda "Burgos" sharafini himoya qilib, to‘purarlik mahoratini namoyish eta oldi va Segunda vakili "Valyadolid" klubining e’tiborini o‘ziga jalb etdi. 25 yoshiga kelib, "Atletik" 3 mln evro evaziga uni yana sotib oldi. Ikkinchi marta Bilbaoga kelishi omadliroq kechdi, ammo yulduzli darajada emas edi. Ikki yarim yil ichida 22 ta gol urish hayratda qoldiradigan natija emas. Arits yana "Atletik"ni tark etdi. Keyin, "Malorka" va "Valensiya" klublarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borib, Bilbaoga uchinchi marta qaytdi. Bu safar yulduz bo‘lish uchun!

Adurisning o‘ziga xosligi shundaki, 30 yoshidan keyin, to‘purarlik qobiliyati ajoyib tarzda rivojlanib ketdi. Ushbu marradan keyin, naqd 150 ta gol urishga erishdi. 35 yoshida barcha turnirlar doirasida 36 ta golga mualliflik qilgan bo‘lsa, keyingi mavsumlarda bu ko‘rsatkich 24 va 20 tani tashkil etdi. O‘tgan mavsumda allaqachon 38 yoshni qarshi olgan hujumchi yoshiga qarab o‘ynashni boshladi. Asosiy tarkibda deyarli ko‘rinish bermadi va asosan so‘nggi daqiqalarda zahiradan maydonga tushirildi. Ammo bu ulug‘vor ov edi, Aduris iqtidorli voris va munosib meros Inyaki Uilyamsni tarbiyalashda faol ishtirok etdi.

Arits Qirol kubogi finalidan so‘ng faoliyatini yakunlamoqchi edi. Unga ko‘ra, bilbaoliklar Adurisning o‘z ona shahri klubi "Real Sosedad"ga qarshi bahs olib borishi kerak edi. Afsuski, koronavirus pandemiyasi xalaqit qildi va tajribali hujumchining faoliyatini rejalashtirganidan ertaroq yakunlashga majbur qildi. Arits yo‘qotilgan sport formasini qayta tiklash qiyin bo‘ladi, deb hisobladi, boz ustiga, ispan klublari hozirda og‘ir jismoniy mashqlarni boshlashni rejalashtirishmoqda. Sababi, joriy va keyingi mavsum orasida deyarli tanaffus bo‘lmaydi. Aduris o‘z kuchini baholashda oqilona qaror chiqardi:

"Vaqt keldi. Men ko‘p marta aytganman, futbol meni tark etmasidan, men uni tark etishni xohlayman. O‘z tanam menga "etar endi", dedi. Kecha shifokorlar menga jarroh bilan gaplashishni maslahat berishdi. Qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi. Men endi sheriklarimga avvalgidek foydali bo‘lolmayman, jamoaga oldingidek yordam berolmayman. Professional sportchining taqdiri shunday. Men haqimda tashvishlanmang, bu shunchaki mening hikoyam, bizda vidolashish uchun vaqt va imkoniyat bo‘ladi. Bu boshidan oxirigacha ajoyib va unutilmas sayohat edi, endi men barchaga samimiy minnatdorchilik bildirmoqchiman!"

Arits Aduris Qirol kubogini "Atletik" bilan yutishni orzu qilar edi, so‘nggi haftalarda bu unga qo‘shimcha turtki bo‘ldi. Ammo, endi "Atletik" futbolchilarida ushbu Qirol kubogini qo‘lga kiritish uchun qo‘shimcha motivatsiya va rag‘bat mavjud. Arits uchun g‘alaba. Ishonchim komilki, agar bu g‘alaba ro‘y bersa, Aduris maydonda va echinish xonasida bo‘ladi, ehtimol ular unga orzu qilingan kubokni birinchi bo‘lib olishlariga imkon berishadi. Ajoyib hikoya, a?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!