
Birinchi turning markaziy o‘yini yoxud "Neftchi" chempionlik yo‘lidagi ilk qadamini tashlaydi
"Mavsum-2025" start oldi. Ilk turning markaziy to‘qnashuvlaridan biri Toshkentda "Bunyodkor" - "Neftchi" jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Tabiiyki, ushbu bahsga ham qiziqish katta.
Tarkibida katta nomlar va etakchilar bilan to‘ldirgan "Neftchi"ning maqsadi chempionlik sanaladi. Bu yo‘lda ular dastlabki qadamni tashlashadi. Raqib esa jiddiy - "Bunyodkor" ham yangi maqsadlari sari o‘z yurishini boshlaydi. Mazkur jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlar azaldan juda jiddiy va murosasiz kurash ostida o‘tib kelgan.
Ularning o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasi ham qiziqarlidir. Milliy chempionatimiz doirasida farg‘onaliklar "Bunyodkor" klubi bilan 30 marta yuzlashgan. Bularning 8 tasida "Neftchi" qo‘li baland kelgan, 18 ta uchrashuvda "Bunyodkor" ustun bo‘lgan, 4 ta bellashuvda esa jamoalar murosa ko‘chasini tanlagan. To‘plar nisbati 23-43 toshkentliklar foydasiga.
"Neftchi" boshqaruviga Vitaliy Levchenko kelgach farg‘onaliklar "Bunyodkor"ga qarshi Superliga va Kubok o‘yinlari doirasida 6 ta uchrashuv o‘tkazgan. Shulardan 4 tasida "Neftchi" g‘alaba qozongan, yana 1 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etilgan.
2024 yil 3 noyabrda "Bunyodkor" klubi Farg‘onada "Neftchi"dan 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham, keyingi 3 ta uchrashuvni mag‘lubiyatsiz yakunlagan. "Neftchi" jamoasi o‘tgan yil mavsumining so‘nggi 10 bahsini mag‘lubiyatsiz o‘tkazishga erishgan.
Jamoalarning Toshkentda bo‘lib o‘tgan oxirgi 5 uchrashuv natijalari quyidagicha
01.06.2024.
"Bunyodkor"-"Neftchi" - 0:3
28.10.2023.
"Bunyodkor"-"Neftchi" - 2:1
08.09.2022.
"Bunyodkor"-"Neftchi" - 1:2
12.07.2018.
"Bunyodkor"-"Neftchi" - 2:1
15.09.2017.
"Bunyodkor"-"Neftchi" - 2:0
Eslatib o‘tamiz, "Bunyodkor" - "Neftchi" uchrashuvi bugun, soat 20:00 da boshlanadi.
Fikrlar