
“Biz Messi, Ronaldu va O‘runovni olishdan voz kechmaymiz!” (Ostonning faoliyatiga doir yangi ma’lumotlar)
Oston O‘runov “Spartak” futbolchilari bilan birga Birlashgan Arab Amirliklarida yangi yildagi ilk o‘shquv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishgan bir pallada uning atrofidagi voqealar ham tobora qizib bormoqda.
Birinchi navbatda, moskvaliklar Oston O‘runovni transfer qiladigan jamoalardan taklif kutayotganini ma’lum qilganini ta’kidlash joiz. Ular o‘zbekistonlik futbolchi bilan xayrlashishga tayyor.
“Spartak”ning jamoatchilar bilan aloqalar bo‘yicha direktori Anton Fetisov Oston O‘runovning ketishi mumkinligi haqidagi xabarlarga quyidagicha munosabat bildirdi.
- Oston O‘runov bo‘yicha vaziyat quyidagicha: u hozir o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb etilgan. Agar uning transferi masalasida taklif bo‘lsa, albatta bu ko‘rib chiqiladi. Lekin hozirgi paytda Ostonga rasmiy chorlov bo‘lganicha yo‘q, - dedi Anton Fetisov.
Avvalroq, “Rubin” rahbariyati o‘zbekistonlik legioner bo‘yicha Moskva klubiga murojaat qilgan edi. Biroq, “Spartak” rahbariyati bu transferni 6 million evroga baholagani bois, qozonliklar vaziyatni rivojlantirishni istamadi va O‘runovni olish fikridan qaytdi.
Hozircha, Oston O‘runovni olishi mumkin bo‘lgan jamoa sifatida “Ufa” nomi tilga olinmoqda. Garchi ufaliklar bosh direktori Rinat Shaybekov buni inkor etayotgan bo‘lsa-da, klub boshqaruv kengashi raisi Rostislav Murzagulov O‘runov rad etilmaydigan o‘yinchilardan ekanini yana bir bor ta’kidladi.
- Yana O‘runov masalasida to‘xtalishimga to‘g‘ri kelyapti. Oston – zo‘r futbolchi, lekin u faoliyatini qaerda davom ettirishi borasida birorta yangi gap ayta olmayman. Agar imkoniyat tug‘ilsa, biz Krishtianu Ronalduni olishdan hech qachon voz kechmaymiz. Lionel Messini transfer qilish imkoniyatidan ham qaytmagan bo‘lardik. Shuningdek, biz Oston O‘runovni jamoaga qaytarishdan ham voz kechmaymiz. Bu borada aytadiganimiz shu, - dedi Rostislav Murzagulov.
Yaqinda Oston O‘runovning “Spartak” bilan shartnomasida g‘alati band borligi aniqlandi. Manbalarning dalolat berishicha, agar “Spartak” o‘zbekistonlik futbolchini 1 million evrodan qimmatga sotib yuboradigan bo‘lsa, hamyurtimizni Rossiya futboliga olib kirgan mutaxassis Shamil Gazizov yaxshigina foyda ko‘radi.
- O‘zbekistonlik yarim himoyachining “Spartak” bilan shartnomasidagi maxsus bandga ko‘ra, klubning sobiq bosh direktori bir million evrodan yuqori bo‘lgan transfer summasidan 50 foiz ulush oladi. Ya’ni, agar O‘runov ikki million evroga transfer qilinsa, Shamil Gazizov 500 ming evroga ega chiqadi, - deb ma’lumot bermoqda championat.com manbasi.
Ma’lumki, Shamil Gazizov Oston O‘runovni 2020 yilning fevralida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan “Ufa”ga transfer qilishda bosh bo‘lgan. Keyin bu mutaxassis “Spartak” bosh direktori etib tayinlangach, yozgi transfer davrida hamyurtimizni Moskva klubiga olib o‘tdi. TsSKA va “Rubin” kabi klublar o‘zbek legioneri uchun “Spartak”dan ko‘p mablag‘ taklif qilgan bo‘lsa-da, Shamil Gazizov O‘runovni ancha murakkab hisoblangan “Spartak” safiga qo‘shilishini ta’minladi.
Oston O‘runov yangi jamoaga moslashish uchun etarlicha imkoniyatga ega emas. U asosan o‘yin oxirida bir necha daqiqaga maydonga tushirilmoqda. Ko‘p mutaxassislar singari Domeniko Tedesko ham o‘zbek futbolchisining salohiyatini yuqori baholayotgan bo‘lsa-da, uni boshlang‘ich tarkibda o‘ynatishga botina olmayapti.
O‘runov “Spartak”ga o‘tganidan beri Rossiya premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida 9 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urdi.
Fikrlar